Avstraliya hukumati ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining yoshini cheklovchi qonunni qabul qildi. Endi 16 yoshdan kichik shaxslarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlandi, deb yozadi TASS agentligi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Entoni Albaneze maxsus bayonot bergani ma’lum.
Hukumat rahbarining ta’kidlashicha, Avstraliya «dunyo uchun ilg‘or hisoblangan qonunni qabul qildi, unda ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari uchun minimal yosh 16 etib belgilangan», deyiladi xabarda.
«Bu qonun amaldagi internet xavfsizligini tartibga soluvchi qonunchilikka o‘zgarishlar kiritishdan iborat va yosh avstraliyaliklar rivojlanishining muhim bosqichlarida ularni yanada yaxshiroq himoya qilishni ta’minlaydi», — deya avstraliyalik bosh vazir bayonotidan lavha keltiriladi xabarda.
Shuningdek, ma’lum bo‘lishicha, Albaneze mamlakat hukumati texnologik kompaniyalar va ijtimoiy tarmoqlar ma’muriyatlaridan 16 yoshdan kichik shaxslar akkaunt va sahifa ochmasliklarini ta’minlash uchun zaruriy choralar ko‘rishni talab qilishini ta’kidlagan.
«Hukumat yangi qonunni buzganlik uchun qattiq jazo ko‘zda tutadi. Buning uchun raqamli platformalarga 49,5 million Avstraliya dollarigacha (32 million AQSH dollaridan ortiq) jarima solinishi mumkin», — deyiladi xabarda.
Yangi qoidalarga ko‘ra bolalarga Snapchat, TikTok, Instagram va X (avvalgi Twitter) ijtimoiy tarmoqlaridan foydalanish taqiqlanmoqda. Ammo Google Classroom va YouTube, shuningdek, messenjerlar va onlayn-o‘yinlar bolalar uchun taqiqlanmagan.
Ijtimoiy tarmoqlarni bolalar uchun taqiqlash fikriga qanday qaraysiz? O‘zbekiston yoki Rossiyada ham tarmoqlar bolalarga taqiqlanishini xohlaysizmi?