Maqola

331 16/12/2024

Rulda uxlab qolish sababli yuz bergan avariyalar haydovchi hushyor bo’lgan holatlardagiga qaraganda ko’proq o’lim va jiddiy jarohatlar bilan yakun topadi. Chunki uyqusiragan yoki uxlab qolgan haydovchi to’qnashuvning oldini olishga urinmaydi. Buning ustiga, hatto uxlab qolmasangiz ham, uyqusirashning o‘zi tezkor to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyatini pasaytiradi, e’tiborni va reaksiya tezligini yomonlashtiradi, bu esa avtohalokat ehtimolini oshiradi.

Uyqusirab mashina haydash va mast holda transport boshqarish holatlari juda o‘xshash

Agar haydovchi 20 soatdan ko’p vaqt davomida uxlamay kelayotgan bo’lsa, u o’zini qon tarkibida 0,8 promille alkogol bo’lgan odamdek his qiladi. Ko’plab mamlakatlarda, jumladan Rossiyada ham, bu ko’rsatkich haydovchilar uchun ruxsat etilgan alkogol darajasidan yuqori. Uyqu yetishmovchiligi nafaqat yetarlicha uxlamaslik, balki ayrim dori vositalari va kasalliklar tufayli ham kelib chiqishi mumkin. Quyida rulda uxlab qolmaslik va doimiy uyqusirashga qarshi qanday kurashish haqida “Meduza” nashri bergan tavsiyalarni keltirib o‘tamiz.

Xavfli vaziyatga tushayotganingizni vaqtida sezing

Ba’zida charchoqni aniqlash qiyin bo‘lishi mumkin. Haydovchi o‘zining boshqarishga yaroqsiz holatda ekanligini ham bilmasligi mumkin, ayniqsa uzoq vaqt uxlolmagan bo‘lsa. Bunday holatda haydovchi «mikrouyqu»ga duch kelishi mumkin. Mikrouyqu deb 1 sekunddan 30 sekundgacha vaqt davom etuvchi qisqa muddatli uyquga nisbatan aytiladi. Masalan, soatiga 90 km tezlikda harakatlanayotgan mashina to‘rt soniyada futbol maydoni uzunligiga teng masofani bosib o‘tadi. Afsuski, haydovchilar doim ham mikrouyquga yo‘liqqanini payqamaydi, aksincha o‘zlarini doim tetik bo‘lgan deb ishonishlari mumkin. Shuning uchun uyqusirashning xavfli alomatlarini bilish va ushbu alomatlar boshlanganda darhol zaruriy choralarni ko‘rish kerak.

Quyidagi alomatlar organism uyqu talab qilayotganini ko‘rsatadi:
– Ko‘zni ko‘p yumib-ochish, uqalash yoki esnash;
– Ko‘zni ochishning qiyinlashishi;
– Bosh egilib, “cho‘qish” holatlarining kuzatilishi yoki boshni tik ushlab turish qiyinlashishi;
– E’tiborni jamlashda qiyinchilik;
– Tarqoq va bir-biriga aloqasiz fikr yuritishni boshlash.

Transport boshqaruvi vaqtida xavotirli belgilar:
– Oxirgi bir necha kilometr qanday yurib o‘tilganini eslay olmaslik;
– Yo‘l belgilari yoki burilishlarni o’tkazib yuborish;
– Tezlikni bir me’yorda ushlab turish qiyinlashishi;
– “Polosa”lardan chiqib ketish yoki yo‘l chetiga chiqib ketish;
– Normativ masofani saqlashning qiyinlashishi;
– Oddiy yo‘l vaziyatlari uchun ham asabiylashish.

Uyqu yetishmasligi barchada kuzatilishi mumkin. Ustiga ustak inson o‘zini qanday his qilishiga bir tun yaxshi uxlamasligining o‘zi kifoya. 18 soat uxlamay yurish esa bevosita transport boshqarish qobiliyatiga ta’sir ko‘rsatadi.

Agar o’zingizni rulda o‘tirish uchun yaxshi holatda emas deb hisoblasangiz yoki yo‘lga chiqishdan oldin uyquga to‘yib olishga imkoniyatingiz bo‘lmasa, jamoat transportidan foydalanish, taksi chaqirish yoki piyoda borish haqida o‘ylang. Agar avtomobil haydashdan boshqa ilojingiz bo‘lmasa, transport boshqaruvini 20 daqiqadan oshirmang.

Tibbiy yordamga murojaat qiling

– Agar kun davomida uyqusirab yurgan bo‘lsangiz;
– Kechalari tez-tez uyg‘onsangiz va qayta uxlash qiyin bo‘lsa;
– Yotganda yarim soatdan ortiq uxlay olmasangiz;
– Baland ovozda xurrak otishingiz yoki uyquda nafas olishingiz qiyinlashishidan yaqinlaringiz shikoyat qilsa shifokorga murojaat qilish juda muhim. Chunki sifatli uyquni faqat shifokor ko‘magi bilan tiklash mumkin.

Ichayotgan dorilaringizni tekshiring

Dorilarning ko‘rsatmasida ularning avtomobil boshqarish qobiliyatiga ta’siri haqida ma’lumot bo‘ladi. Bu ma’lumotni o‘qib chiqib, ehtiyot bo‘lish zarur.

Kechasi avtomobil haydamang!

Uyqusirab mashina boshqarish natijasida sodir bo‘lgan halokatlarning aksariyati yarim tundan ertalab soat 6 gacha sodir bo‘ladi. Agar imkoniyat bo‘lsa, bu vaqtda avtomobil haydashdan voz keching.

Hamroh izlang

Aksariyat avtohalokatlar yolg‘iz ketayotgan haydovchilarda yuz beradi, chunki ularni kuzatib turuvchi odam bo‘lmaydi. Diqqatli yo‘lovchi avtohalokatning oldini olish uchun yaxshi yechimdir. Uzun masofaga qatnayotganda esa almashib mashina boshqarib ketish uchun sherik izlash yaxshidir.

Spirtli ichimlik ichmang!

Uyqusirashga qarshi spirtli ichimliklardan foydalanmaslik kerak.

Me’yorida qahva iching

Voyaga yetgan odamlarga kuniga 400 milligrammdan oshmagan kofein iste’mol qilish tavsiya etiladi. Kofein me’yoridan oshsa, yoqimsiz reaksiyalar paydo bo‘lishi yoki haddan tashqari ko‘p miqdorda iste’mol qilinganda (150-200 mg/kg) o‘lim xavfi yuzaga kelishi mumkin. Biroq me’yorida ichilga qahva uyqusirashning oldini olishda juda yaxshi yordam beradi.

Mashinaning yordamchi tizimlariga quloq soling

Zamonaviy avtomobillar haydovchining uyqusirayotganini kuzatish tizimlari bilan jihozlangan. Bu tizimlar yuz ifodasi, ko‘z harakati, rul va pedalni boshqarish xususiyatlariga qarab haydovchining holatini baholaydi. Agar tizim uyqusirayotganingizni sezsa, haydovchini signal bilan ogohlantiradi. Ularga e’tiborli bo‘lish kerak.

Biroq uyquni qochirish uchun umuman yordam bermaydigan tavsiyalarni bajarmang. Foydasiz tavsiyalar orasida:
– Derazalarni ochish;
– Radio yoqish;
– Konditsionerni yoqish;
– Mashina boshqarayotib ovqatlanish yoki suyuqlik ichish;
– Telefonda gaplashish kabilar bor. Bu tavsiyalar nafaqat samarasiz, balki yo‘ldagi vaziyatdan chalg‘ituvchi omillardir.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya