
Leningrad viloyati Vsevolojsk tumanida avtoservis xodimi migrantning o‘limida gumonlanib qo‘lga olindi. Holat yuzasidan jinoiy ish ochilgan.
Neva.Today xabariga ko‘ra, 12-avgust, seshanba kuni politsiya bo‘limiga Koltushskoye posyolkasidagi omborxonada zo‘ravonlik belgilari bilan o‘ldirilgan jasad haqida xabar kelib tushgan. Voqea joyiga yetib kelgan huquq-tartibot idoralari xodimlari 45 yoshli gumonlanuvchini yuk mashinasini ta’mirlash ustaxonasida qo‘lga oldi.
Aytilishicha, u spirtli ichimlik ichib, 43 yoshli muhojir bilan janjallashib qolgan. Mojaro vaqtida gumonlanuvchining turtib yuborishi natijasida migrant yiqilib vafot etgan.
Voqea yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 111-moddasi 4-qismi (ehtiyotsizlik oqibatida jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan harakatlari) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov davom etmoqda.