656 25/01/2025

Tojikistonlik ayol va ko‘p bolali onaga Moskva oblasti Mitishi shahrida uy sotib olishi uchun 24 million rubllik sertifikat topshirilgandi. Ushbu yangilik millatchilarga yoqmadi va ular ko‘targan janjaldan so‘ng ayol firibgarlikda gumon qilinib qo‘lga olingan. Hozirda tojikistonlik ayol soxta hujjatlarni taqdim etganlikda gumon qilinmoqda.

13-yanvar kuni Mitishi hokimi Yuliya Kupetskaya ayol va uning turmush o‘rtog‘iga uy olish uchun sertifikat berilganligini ma’lum qilgan. Hokim Kupetskaya Samadovalar 7 bola bilan bir xonali kvartirada yashayotganini aytib, sertifikat ular uchun o‘z uylariga ega bo‘lish orzusini amalga oshirishda yordam berishini ma’lum qilgan.

«Keng va o‘z uyiga ega bo‘lish — bu oila uchun orzu edi. Bugun Moskvada ko‘p bolali oilalarni qo‘llab-quvvatlash dasturi yordamida bu orzu ro‘yobga chiqdi», — deb yozgan Kupetskaya Telegram-kanalida.

Yangilik darhol millatchilar tomonidan tanqid qilina boshladi. Radikal faollar Kupetskayaning qarorini tanqid qilib, Samadovaning eriga tegishli ijtimoiy tarmoq sahifalarini titkilay boshladi. Raqamli tintuv natijasida Samadovaning eri Tojikiston bayrog‘i uchun hammani “yirtishi” haqidagi matn “repost” qilingani topilib, Taxminaning farzandlari “bo‘lajak vahhobiylar” deya atala boshladi. Asli tojikistonlik oila 14 yil oldin Rossiya fuqaroligini olgan. Radikal bloger Vladislav Pozdnyakov Samadovaning bolalar kiyimi sotadigan do‘koni borligini iddao qilib, isbot tariqasida buyumlar reklamasi ijtimoiy tarmoqlarga joylanganini keltirgan va oila kambag‘al ekaniga shubha qilgan.

25-yanvar kuni Taxmina Samadova firibgarlikda gumon qilinib qo‘lga olingani ma’lum bo‘ldi. Tergov versiyasiga ko‘ra, Taxmina erining daromadini qasddan kamaytirgan va uy daftaridan soxta ma’lumot taqdim etgan. Uy daftarida Taxmina bilan birga uning ukasi va ikki jiyani yashashini ko‘rsatgani, aslida esa ular Tojikistonda yashashi soxta ma’lumot sifatida o‘rganilmoqda.

Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, tergov doirasida Samadovalar uyida tintuv o‘tkazilib, taxminiy qiymati 140 va 120 ming rublni tashkil qiladigan «qimmatbaho mobil telefonlar» topilgan. Tergovga ko‘ra bunday telefonlar «ularning kambag‘allik maqomini aniq rad etadi». Hozirda Samadovlar oilasiga foyda olish maqsadida firibgarlik moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bundan tashqari, tergovchilar Mitishi hokimiyatini ham Samadovlarga sertifikat berganligi tufayli tekshirishlari rejalashtirilayotganini xabar qilishgan.

Pul yuborish uchun yangi servis

Navigatsiya