Maqola

569 13/05/2024

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bugun yarim million o‘zbekistonlik xotin-qizlar xorijda mehnat muhojirligida. Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Korea va Turkiya o‘zbek ayollarining ishlash uchun eng ko‘p ketayotgan davlatlari hisoblanadi. Bu mamlakatlarda, ular asosan, xizmat ko‘rsatish sohalarida ishlashmoqda. Ana shu jarayonda migrant ayollarning eng ko‘p duch kelayotgan muammolaridan biri jinsiy tajovuzga uchrashlaridir.

Navbatdagi suhbatdoshimiz Qozog‘istonga “ish bor”, deya aldab chaqirilgan, jinsiy qullikka majburlangan, keyinchalik fohishaxonadan qochishga muvaffaq bo‘lgan-u, ammo qutilgach ham O‘zbekistonga qaytmagan 27 yoshli ayol bo‘ldi. Xo‘sh, bir yildan oshiq vaqt davomida jinsiy qullikda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol qanday azoblarga duchor bo‘ldi?

– Assalomu alaykum, suhbatga rozi bo‘lganingiz uchun rahmat. Qozog‘istonga qanday borib qoldingiz?

– Men bir o‘zim emasdim, mahalladagi dugonalarim bilan 4 kishi edik. Ichimizda Azizaning opasi Olmaotada ishlardi. U bizni “Imperial” degan otelda ishlashga chaqirdi. “Ovqatlanish ham ichida, tozalash ishlarini bajarasizlar”, dedi. Biz oddiy oilalarda yashardik, tirikchilikka pul kerak edi, uydagilar rozi bo‘lishdi, yo‘l xarajatlarini ham qoplashgan. “Gʻishtko‘prik” postidan Chimkentga, u yerdan avtobusda Olmaotaga yetib bordik. Bizni Norgul opa degan ayol kutib olib, mehmonxonaga olib bordi. Shaharda bir kun dam olib, ertagasiga ish boshladik, xonalarni tozalab, kirlarni yuvardik.

– Aldandik, qullikka tushib qoldik, degan edingiz, bu voqea shu mehmonxonada bo‘lganmi?

– Yo‘q, mehmonxonada ish boshlaganimizdan uch-to‘rt kun o‘tib, Aziza opa hujjatlarimizni rasmiylashtiraman, deb pasportlarimizni yig‘ib olib, 10-15 kun yo‘q bo‘lib qoldi. Bir necha kun o‘tib yoshi kattaroq ayol va uch yigit bilan birga kirib keldi.  Ular bizni, to‘rtalamizni mashinaga majburan o‘tqazishib, qarshiliklarimizga qaramasdan urib, olib ketishdi. Biz bilan ishlaysizlar, deyishsa, boshqa mehmonxonaga ketamiz deb o‘yladik, ammo notanish joyga olib borib, xonaga qamashdi, ovqat berishmadi. Keyinroq mijozlar keladi, ularga xizmat qilasizlar, deb ishimizni tushuntirishdi. Biz ko‘nmadik, janjal qildik, bunga javoban esa o‘sha yerdagi qo‘riqlovchilarga urdirishdi,  masxara qilib, juda xo‘rlashdi. Yana taxminan bir hafta shunday zo‘ravonliklar davom etib, ko‘nishga majbur qilishdi. Bizda boshqa chora yo‘q edi, ustimizdan qulflashgan, kaltak yeyapmiz, ochmiz,  hujjatlarimiz ham yo‘q. Jinsiy qullik shundan boshlandi.

Qabulimizga har xil odamlar kelardi, boylar, yosh yigitlar, ellikdan oshgan amakilar, ichadigan, chekadiganlar kelib,  ko‘ngliga nima sig‘sa qilardi, zo‘ravonliklarni hammasini ko‘rdik, ammo chidashga majbur edik. Agar kimgadir norozilik bildirsak, bizni urishardi. Dam olish yo‘q edi, o‘zim bir sutkada taxminan 12 ta odamga xizmat qilgan vaqtlarim ham bo‘lgan. Faqat men emas, boshqa qizlar ham qiynalgan. Har birimizda kuniga 500-600 AQSH dollarigacha pul olib kelish majburiyati bor edi, topgan pullarimizning hammasini “xozyayka”ga topshirardik. Biz xuddi pul mashinasidek edik.

–  Telefon yoki boshqa yo‘llar bilan uydagilarga xabar berishning iloji yo‘qmidi?

–  Yo‘q, biz tashqariga chiqmas edik, bizga kerakli narsalarni ular olib kelishardi.

–  Hozir o‘sha joy qayerda ekanligini bilasizmi?

–  Yo‘q, bilmayman. Dala hovliga o‘xshagan joy edi, uy atrofi to‘siqlar bilan o‘ralgan va yaqin orada boshqa uylar ko‘rinmasdi. Bizning qadamimiz kamera nazorati ostida edi, doimiy kuzatuvda bo‘lganmiz. Hammamizning xonamiz bor edi va tinmay odamlar kelardi, har kuni shu holat qaytarilardi. Ayniqsa, kelgan odamlar ichgan yoki chekib olgan bo‘lsa, biz bilan juda yomon ishlarni qilishardi. Hattoki, qizlar joniga tekkanidan o‘ziga shikast yetkazishardi, bu esa oxirgi bosqich edi.

–  U yerdan qanday qutilib ketdingiz?

–  Qochdim. Bir yaxshi inson menga yordam berdi. U mening hayotimga qiziqqandi, ayrim voqealarni aytib berganimdan so‘ng, yordam berishni xohladi, bu haqda esa hech kimga aytmadim. Doimiy mijoz bo‘lgani uchun bizni turli xil saunalarga olib borishga boshliqlarni ko‘ndira olgan edi.

Bir kuni saunaga olib ketdi, u yerda 3-4 soat qoldik. U odam menga hozir shu yerdan chiqsang, to‘siq bor, uncha baland emas, Uning ortida mashina kutib turibdi, seni shahargacha olib borib qo‘yadi” dedi va ishlatishim uchun pul ham berdi. Ishonib – ishonmay tashqariga chiqdim. Fevral oyi edi, juda sovuq edi. Yugurdim.

Hujjatlarimsiz qayerga borishni bilmadim, ko‘chada qoldim. Ko‘p qavatli uylarning podvali biroz issiqroq edi, karton qog‘ozlar ustida yashab yurdim.

–  Yarim yil yerto‘lada yashagan bo‘lsangiz, qanday kun kechirdingiz? Oziq-ovqat va boshqa ehtiyojlar uchun.

–  Kunduzi ish izlab, bir kafe topdim, egasi o‘zbek ekan. Meni ofisiant qilib ishga oldi, ovqatlanishim ishxona hisobidan edi va men ishlagan pullarimni yig‘ib uyga ketishni reja qildim.

Lekin bir kuni politsiya tomonidan reyd o‘tkazildi, men hujjatlarsiz ishlayotganim sababli qo‘rqib qochdim. Va yana bir oy ishsiz qoldim.

–  Uydagilarga nega xabar bermadingiz?

–  Telefonim yo‘q edi, boshqa tarafdan yuzim chidamadi. Oyoqqa turib olay, bog‘lanaman deb turgandim. Menga ish kerak edi, pul kerak edi.

–  Bu vaqt oralig‘ida uydagilar xavotir olgandir, ayniqsa, onangiz. 6 oycha kafeda ishlagan bo‘lsangiz oylik olgandirsiz. Sizda telefon bo‘lmasa yon atrofdagilarda bo‘lgan. Uzr, bu bilan sizni ayblamoqchimasman.  Lekin u yerdan chiqib ham uydagilar bilan bog‘lanmaganingiz sababi bilan qiziqyapman.

–  Men u vaqtlarda o‘zimni juda yomon his qilardim, o‘zimdan jirkanardim. Hech kim bilan gaplashmasdim. Miyamda faqat ishlashim va pul topishim kerakligi aylanardi. Birov bilan gaplashgim kelmasdi. Ish izladim, qurilishda ish topdim va u yerda bir yigit bilan tanishdim. U meni ortimdan tushgan…..) Shuning uchun unga hammasini aytganman va ko‘p yordam bergan. Biroz vaqt birga yashab yurganimizdan keyin turmush qurdik.

–  U boshingizdan o‘tganlarini qanday qabul qildi?

–  U meni tushundi, menga rahmi keldi. Ishimiz tugaganidan keyin meni o‘zi bilan ovulga olib ketdi. Boshimdan o‘tganlarini aytish qiyin edi, ammo men baribir bir kun biladi deb boshidan ochig‘ini aytdim. U meni qabul qildi. Men o‘ylagandimki, bu mavzu yopildi, endi yuzimga solmaydi. Yo‘q, unday bo‘lmadi. Ba’zan urishib qolgan paytlarimizda o‘sha masalalar yuzaga chiqib kelaverardi. Men hammasini unutishni, bu mavzuni yopishni istayman. U esa janjal vaqtlari menga barchasini eslatardi. Uning qarindoshlari ham meni kamsitib, mensimas edi. Baribir insonning o‘tmishi keyingi hayotiga ta’sir qilar ekan.

–   Shuncha qiyinchiliklardan o‘tibsiz, hozir hayotingiz qanday?

–  Hozir tinch yashayapmiz, ammo men haligacha qo‘rqaman. Qo‘rquv ichimda qolgan. O‘zimizning tumandan chiqmayman, chiqsam uyimiz yonidagi magazinga chiqaman. Uzoqlarga ketmayman.

–  Suhbatimiz boshida birga ketgan qizlarni mahallamizdan degandingiz. Ularni hozirgi hayoti haqida bilasizmi?

–  Ularni eslab turaman. Nima qilishdi ekan, qayerda ekan?! Balki mening qochganimni bilib, ular ham shunday qilgandir. Ammo anig‘ini bilmayman.

–  Boshingizdan o‘tgan voqealarni gapirib berishga ko‘nganingiz uchun alohida rahmat. Odatda, o‘zbek ayollari bunday intervyular berishdan qochishadi. Siz nega bu voqealarni gapirib berishga rozi bo‘ldingiz?

–  Men o‘zim kabi ayollarni ogohlantirishni xohladim. Qizlar ehtiyot bo‘lishlarini aytmoqchiman. Uydagilar ham ayol kishini, ayniqsa, qizlarni pul topish uchun chetga yubormasliklarini xohlayman. Masalan, men agarda Qozog‘istonga kelmaganimda hayotim boshqacha bo‘lardi deb o‘ylayman. Boshqa davlatlarga ketayotganlar ham shu jihatlarini o‘ylab ko‘rishsin. Mening ahvolimga tushib qolib, bir umr qiynalib yashashmasin!

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya