
Rossiyaga hukumatning maxsus kvotasi boʻyicha kelgan migrantlar endi rus tili, tarixi va qonunlari fanidan imtihon topshirishlari shart emas. Davlat Dumasi ushbu qonun loyihasini ikkinchi o’qishda ma’qulladi.
Hujjatda aytilishicha, bunday migrantlar kvota bo‘yicha beriladigan ruxsatnoma asosida ishlashi mumkin, til va boshqa fanlarni bilishini tasdiqlash talab etilmaydi.
Ta’lim vazirligi izohida bu qaror chet ellik mutaxassislarni ishga olish jarayonini osonlashtirishi, ish beruvchilar uchun bunday xodimlarni ro’yxatga olish osonroq bo’lishi aytiladi.
Eslatib o‘tamiz, kvota bo‘yicha muhojirlar Rossiyada ko‘pi bilan bir yil qolishi mumkin. Ularga faqat aniq joylarda – ular yuborilgan obyektlar va korxonalarda ishlashga ruxsat beriladi. Asosan, bunday ishchilar Xitoy, Hindiston, Turkiya va Turkmanistondan keladi. Ish beruvchi shartnoma muddati tugaganidan keyin ularning ketishi uchun javobgardir.
2024-yilda Rossiyaga kvota bo’yicha 156 ming kishi kelishi mumkin edi. 2025-yilda kvota deyarli 235 mingga oshirildi.