Maqola

286 08/04/2026

2025-yilda Rossiyadagi mehnat migrantlari soni 10 foizga kamaydi va 6,3 milliondan 5,7 milliongacha tushdi. O‘zbekiston fuqarolari orasida esa chiqib ketish yanada sezilarli bo‘ldi: bir necha yil oldin Rossiyada 1,8 million kishi ishlagan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 1,3 millionga kamaydi. Mutaxassislar va migrantlarning o‘zlari asosiy sabablarni qonunchilikning qattiqlashishi, iqtisodiy turg‘unlik va xavfsizlikka tahdidlarning ortishi bilan bog‘laydi.

Migrantlarni urushga yollashga urinish eng dolzarb muammolardan biri. Muhojirlarning xabar berishicha, Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolash evaziga ularga fuqarolik va katta pullar va’da qilinadi, ammo aslida ko‘pchilik jang maydonida «go‘sht hujumlari» qurboni sifatida qolib ketadi. Moskva ayeroportida ushlab qolingan samarqandlik 35 yoshli Said boshdan kechirganlarini, kameralarsiz kichik xonaga olib ketilganini shunday hikoya qilgan:

«FSB xodimi menga: «Yoshing nechada? Nega fuqarolikni olmaysan? Variantlar bor», dedi. Bu psixologik hiyla. Men unga: «Yo‘q, men bunaqa o‘yinlarni o‘ynamayman», dedim.»

Bu voqeadan so‘ng, Said O‘zbekistonga qaytishni tanlagan. Inson huquqlari faollarining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Markaziy Osiyodan hamshira sifatida ayol mahbuslarni yollashni ham boshlagan.

Rossiyada ishlash o‘zining moliyaviy qiymatini yo‘qotmoqda. O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 2023-yilda 102 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib u 147 milliard dollarga o‘sib, xususiy sektorda yangi ish o‘rinlarini yaratdi. Shu bilan birga, Rossiya iqtisodiyotida sanoat ishlab chiqarishining kamayishi va iste’molchilar talabining pasayishi kuzatilmoqda. «Uyda ijara haqi yoki patent to‘lamaysiz va eng muhimi, tinch bo‘lasiz», deb ta’kidlaydi Said.

Rossiyada qolganlar uchun maishiy millatchilik dolzarb muammoga aylanib bormoqda. 16 yil Moskvada yashagan Anvar beshinchi sinfda o‘qiydigan o‘g‘lining hikoyasini aytib bergan. Migrantning farzandi yaqin do‘sti u bilan do‘stlashishdan bosh tortganini ma’lum qilgan.

«Bola o‘g‘limga: «Abdulloh, men sen bilan do‘st bo‘lmayman. Bilsam, sen o‘zbek ekansan, men seni rus deb o‘ylagandim», degan. Siz bu yerda mehmon ekanligingizni bilishingiz kerak. Ular sizni hech qachon o‘ziniki deb qabul qilmaydi».

Hukumat bosimi faqat kuchaymoqda: «nazorat ostidagi shaxslar» reyestri joriy etildi, migrantlarning farzandlarini maktablarga joylashtirish tobora qiyinlashib bormoqda va Moskvada migrantlarni kuzatuv ilovasi joriy etildi. Huquq himoyachisi Valentina Chupik migrantlarning «sifati» yomonlashganini ta’kidlab, malakali ishchilar Yevropaga ketib, kelayotganlar faqat «eng umidsiz» 45 yoshdan oshgan yoki tajribasiz yoshlar ekanini aytadi.

Kelajak yanada xavotirli bo‘lishi mumkin. 2027-yilga kelib, migrantlardan nafaqat o‘zlari, balki barcha qaramog‘idagi oila a’zolari uchun ham oldindan patent to‘lashni talab qiluvchi tuzatishlar kuchga kirishi mumkin. Rossiya amaldorlari, «migrantlar o‘z vazifalarini bajarib bo‘lgach, darhol mamlakatni tark etishi kerak», degan fikrni ko‘proq aytishmoqda.

 

Rossiya: quvilgan migrantlar, do‘stini qutqargan yigit, layk uchun jarima

Navigatsiya