Maqola

546 03/10/2025

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazida “MDH yagona mehnat bozorini shakllantirish doirasida migratsiya siyosatini takomillashtirish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir Rossiya Prezidenti maslahatchisi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengash raisi Valeriy Fadeyev boshchiligidagi delegatsiya tashrifi doirasida tashkil etildi.

Davra suhbati Milliy markaz tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, Migratsiya agentligi, shuningdek, Rossiya Prezidenti huzuridagi Kengash va «Peterburg muloqoti» forumi hamkorligida amalga oshirildi.

Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev O‘zbekiston hukumati Rossiya idoralariga ushbu mamlakatda ishlashni istovchi fuqarolar uchun Toshkentda maxsus tayyorgarlik markazi ochish taklifini berganini ma’lum qildi.

— «Biz bir necha bor migratsiyaga tayyorgarlik ko‘rish uchun ko‘p tarmoqli markaz tashkil etish taklifini bildirganmiz. Bu amaliyot pandemiya davrida sinab ko‘rilgan. Hozir barcha tuzilmalar buni amalga oshirishga tayyor», — dedi Musayev.

Uning ta’kidlashicha, mazkur markazda Rossiyada ishlash uchun zarur bo‘lgan patent olish jarayonlari — barmoq izlarini olish, suratga tushirish va kirish taqiqlarini tekshirish imkoni yaratiladi.

— «Bu nafaqat hujjat rasmiylashtirishni, balki ishga chiqishdan oldingi tayyorgarlikni ham qamrab oladi. Shu bois, migrantlar uchun katta yengillik bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qildi Musayev.

Rossiya vakillari ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik izchil kengayib borayotganini ta’kidladi. Valeriy Fadeyev ma’lumot berishicha, tovar aylanmasi hozirda 10 milliard dollarga yetgan, ko‘plab o‘zbekistonliklar Rossiyada ishlab, yurtiga sarmoya kiritmoqda.

Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev esa migratsiya tabiiy jarayon ekanini ta’kidlab, mehnat muhojirlari nafaqat oilasiga, balki qabul qiluvchi davlat iqtisodiyotiga ham hissa qo‘shayotganini qayd etdi. Uning fikricha, har bir davlat migrantlar huquqlarini himoya qilishi va kamsitish holatlariga yo‘l qo‘ymasligi shart.

O‘zbekiston xavfsiz va tartibga solingan migratsiya siyosati tarafdori sifatida mehnat resurslarini uyushgan holda xorijga yo‘naltirish ulushini oshirish bo‘yicha izchil choralar ko‘rmoqda.

 

Ijara firibgarligi: 5 qiz bir kechada ko‘chada qoldi

Navigatsiya