
«Yandeks Puteshestviya» servisi mutaxassislari Moskva aholisiga bu yozda dam olish uchun qaysi davlatlarga borish eng foydali ekanini aytib berishdi. Aviachiptalar narxi bo’yicha eng arzon yo’nalish Belarus bo’ldi, u yerga uchish uchun o’rtacha 9 060 rubl to’lash kerak.
Ikkinchi o’rinni 15 170 rubl bilan O’zbekiston, uchinchi o’rinni esa chipta narxi 19 550 rubl bo’lgan Armaniston egalladi.
Shuningdek, hamyonbop davlatlar ro’yxatiga Ozarbayjon (21 470 rubl), Abxaziya (30 920 rubl) va Turkiya (32 540 rubl) kirdi.
Gruziya (33 610 rubl), Qozog’iston (35 400 rubl), Germaniya (35 690 rubl) va Qirg’izistonga (40 930 rubl) borish biroz qimmatroqqa tushadi.
Yo’l xarajatlaridan tashqari, mutaxassislar yashashning o’rtacha narxini, ya’ni sayyoh mehmonxona yoki ijaraga olingan uyda bir kecha uchun to’laydigan summani ham hisoblab chiqqan. Eng arzon turar joy Qirg’izistonda topildi, u yerda bir kunlik yashash 7 400 rubl.
Armanistonda bir kecha o’rtacha 8 620 rubl, O’zbekistonda — 8 680 rubl, Qozog’istonda esa 8 800 rublni tashkil qiladi. Gruziyada tunash uchun 9 130 rubl, Vetnamda — 9 420 rubl, Yaponiyada esa 9 520 rubl to’lash kerak. Turar joy narxi bo’yicha foydali yo’nalishlar ro’yxatini Abxaziya (bir kechaga 10 100 rubl), Xitoy (10 190 rubl) va Janubiy Koreya (10 450 rubl) yakunlaydi.
Ushbu ma’lumotlar sayohatchilarga o’z byudjetlarini oldindan hisoblab chiqish va yozgi ta’til uchun eng mos variantni tanlashga yordam beradi.