
2026-yildan boshlab mehnat patentiga ega bo‘lgan xorijliklar chakana savdo sohasida ishga qabul qilinmaydi. Faqat avtomobillar va motosikllar savdosi bundan mustasno. Hujjat Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov tomonidan imzolanib 27-oktyabrdan kuchga kirdi. Ish beruvchilar 2026-yil 1-yanvarga qadar ish joylaridagi xorijlik xodimlar sonini yangi qarorga muvofiqlashtirishlari kerak.
Bundan oldin ham viloyatda muhojirlarga avtobus va taksi haydovchisi sifatida ishlash, shuningdek shahar va shahar atrofi yo‘nalishlarida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanish ta’qiqlangan edi. Xorijliklarga oziq-ovqat va ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanish ham man etilgan.
Boshqa hududlarda ham shunga o‘xshash choralar qo‘llanilmoqda. 2024-yil may oyida Lipesk viloyatida taksi va yana bir qator yo‘nalishlarda chet elliklarni ishga qabul qilish ta’qiqlangan edi. Xuddi shunday cheklovlar Kursk va Voronej viloyatlarida ham amal qiladi. Bir yil muqaddam Qora tuproq mintaqasining barcha hududlarida 2025-yil uchun patent narxlari oshirildi. Mutaxassislar bu qarorlar Rossiyada migratsiya siyosatini qat’iylashtirish bilan bog‘liqligini ta’kidlamoqda.