Maqola

454 08/07/2025

Rossiyada tibbiy sug‘urtasi bo‘lmagan barcha migrantlar mamlakatdan chiqarib yuborilishi ko‘zda tutilgan yangi qoida joriy etilishi mumkin. Buni Davlat Dumasiga taklif qilgan Leonid Slutskiy boshchiligidagi LDPR deputatlarining fikricha, migrantlar bepul tibbiy xizmatdan foydalanmasligi kerak. Kelajakda migrantda majburiy tibbiy sug‘urta (ОМС) yoki ixtiyoriy tibbiy sug‘urta (ДМС) polisi bo‘lmasa, ular nazorat ostidagi shaxslar reyestriga kiritiladi va deportatsiya qilinadi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, sug‘urtasiz vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma olishning iloji bo‘lmaydi. Hujjatlarni topshirish bosqichida migrant polisni ko‘rsatishi kerak. Aks holda, u rad etilishi va mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin.

Slutskiyning aytishicha, Rossiya muhojirlarni tekinga davolay olmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tekin tibbiyot faqat ko‘p yillardan buyon mamlakatni rivojlantirib kelayotgan “mahalliy rus xalqi”ning huquqidir. Unga ko‘ra, xorijliklar oldindan sug‘urta qilish orqali o‘zlari davolanishi kerak.

Hozirgi vaqtda Rossiyada tibbiy sug‘urtaning ikki turi mavjud: majburiy (ОМС) va ixtiyoriy (ДМС). Aksariyat mehnat muhojirlari ДМС rasmiylashtiradi, lekin ko‘pincha buni tekshirish paytida ko‘rsatish uchun qilishadi. Ko‘pchilik bu sug‘urtadan foydalanmaydi, chunki ular qanday ishlashini tushunmaydi, rus shifokorlariga ishonmaydilar yoki klinikaga tashrif buyurish uchun bir kunni yo‘qotishdan qo‘rqishadi.

Ayni paytda Sankt-Peterburgdagi qurilish maydonchasida ishlayotgan andijonlik tarix o‘qituvchisi Qudrat barcha hujjatlarni rasmiylashtirish juda qimmat va murakkab ekanini aytadi. Birgina patent uchun 10 ga yaqin ma’lumotnoma talab qilinadi. Sug‘urta narxi yiliga 3000 dan 7000 rublgacha. Ba’zi kompaniyalar oyiga 100 rubldan «tejamkor» variantini taklif qilishadi. Ammo u bilan ham ko‘plab muhojirlar davlat shifoxonalariga bormaydi. Buning o‘rniga ular «o‘z shifokorlari» – tibbiy ma’lumotga ega bo‘lgan muhojirlarga borishadi. Bu tezroq, arzonroq va navbatsiz.

Novosibirskda 10 yildan beri ishlab kelayotgan qirg‘izistonlik shifokor Elaman Nurdinov shunday deydi: «Ko‘pchilik muhojirlar sug‘urta polisi ularga bepul davolanishga yordam berishini bilishmaydi. Kasal bo‘lib qolganda, kasalxona yordam berishiga ishonmasliklaridan o‘zlari bilgan shifokorlarga qo‘ng‘iroq qilishadi. Faqat tez yordam mashinasida kasalxonaga yetib kelganlarida sug‘urta nima ekanligini bilib olishadi». Shuningdek, u ko‘pchilik muhojirlar ishni sog‘lig‘idan ustun qo‘yib, o‘z vaqtida davolanmasliklarini ta’kidladi.

Rossiya kasalxonalarida ko‘pincha muhojirlarga yomon munosabatda bo‘lishlarini ham tushunish kerak. Bu ham ularning yordam so‘rashdan qo‘rqishining sababidir. Ko‘pchilik rus tilini bilmasliklari ham bunga to‘sqinlik qilmoqda.

Huquqshunos Botirjon Shermuhammad O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida 2017-yildan buyon amalda bo‘lgan shartnomaga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaga kirishda tibbiy sug‘urtaga muhtoj emasligini eslatgan. Ammo bu haqda hamma ham bilmaydi. Masalan, Sankt-Peterburg aeroportlarida muhojirlarga sug‘urtasiz kiritilmaydi, deb yolg‘on gapirib, pul so‘rash holatlari bo‘lgan.

Slutskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya besh yil ichida muhojirlarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun 66 milliard rubl sarflagan. Moskvada soxta sug‘urtadan foydalanishning 500 ta holati aniqlangan.

Bundan tashqari, so‘nggi bir yil ichida Rossiyada migrantlar bilan bog‘liq qoidalarni qattiqlashtiruvchi bir qator yangi qonunlar qabul qilindi. Nazorat qilinadigan shaxslar reyestri yaratildi. Yashash uchun ruxsatnoma olish qoidalari kuchaytirildi. 2025-yilning bahorida Davlat Dumasi migrantlarning farzandlarini rus tilidan imtihon topshirishga majbur qildi; busiz ular maktabga borolmaydilar.

1-sentyabrdan boshlab Moskva va viloyatida yashovchi xorijliklar barmoq izlarini olish, biometrik suratga olish va maxsus ariza orqali yashash manzilini ko‘rsatishlari shart. Doimiy reydlar ham o‘tkaziladi, ularda polisiya migrantlarning hujjatlarini tekshiradi va ba’zan ularni Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashga majbur qiladi.

Bularning barchasi Rossiyada muhojirlarga nisbatan siyosat tobora keskinlashib borayotganidan dalolat beradi.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya