117 02/08/2024

Muhojirlik havas qiladigan qismat emas. Aksariyat hollarda majburlikdan uy, oila, vatanni tashlab, o‘zga yurtlarga ish izlab chiqishga majbur bo‘linadi. Ayniqsa, bolalarini birovlarga qoldirib, xorijga ketish ikki karra azob. Agar ishonib tashlab ketilgan bola tazyiq va zo‘ravonlikka uchrasa, qurbon bo‘lsa, ota-ona bir umr ich-etini yeb o‘tadi. Ming afsuski, yurtimizda bunday fojiaviy holatlar uchrab turibdi.

Murg‘ak bolalarni kaltaklab o‘ldirib qo‘ygan vahshiylar eng og‘ir jazolarga tortilishini istaymiz va talab qilamiz. Biroq o‘zimiz ham bunday vaziyatda bolalarimizni kimga, qanday huquqiy asosda qoldirib ketish haqida bilishimiz shart.

Ota-ona uch oydan ortiq muddatga yashash joyidan, shu jumladan, chet davlatga vaqtincha chiqib ketayotganida O‘zbekiston Respublikasining “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Qonunining 26-moddasiga muvofiq, o‘z bolasiga vasiy yoki homiy tayinlash choralarini ko‘rishi shart.

Qonunga ko‘ra 0 yoshdan 14 yoshgacha vasiylik, 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga homiylik belgilandi.

Uch holatda bu amalga oshiriladi:

  • bola yetim bo‘lib, ota-ona qaramog‘isiz qolsa;
  • ota-ona muomalaga layoqatsiz bo‘lsa ( yoki ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa);
  • 3 oy muddatdan ortiq yashash joyida bo‘lmaganda (jumladan, xorijga ish yoki boshqa maqsadda ketsa).

Alohida ta’kidlash kerakki, xorijga ish yoki boshqa maqsadda ketsa, bolalariga vasiy yoki homiy tayinlab ketishi majburiy qilib belgilangan.

Tartibga ko‘ra, chiqib ketishidan bir oy oldin o‘z hududidagi tuman yoki shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining Bolalarni ijtimoiy himoya qilish sho‘’basiga kelib, vasiy yoki homiy belgilab ketish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilishi kerak. Agar favqulodda mamlakatdan chiqib ketishga to‘g‘ri kelsa, notarial tartibda arizani tashlab ketish belgilangan.

Bu haqida Migrant.uz sayti maxsus maqola va ko‘rsatuv tayyorlagan.

👉Maqola 📝
👉Ko’rsatuv ◀️

Mahsus materialda vasiylik tayinlashning huquqiy jihatlari, ota-ona, vasiylikka oluvchi shaxsning majburiyatlari, bolaning huquqi, shuningdek yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan psixologik holatlar batafsil ochib berilgan.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya