
Moskvada ikki xaridor o‘rtasida kelib chiqqan janjal ulardan birining o‘limiga sabab bo‘ldi. Natijada jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Hodisa 10-aprel kuni kechqurun Budyonniy prospektidagi Sokolinaya Gorada sodir bo‘lgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Moskvada montajchi-haydovchi bo‘lib ishlaydigan 31 yoshli O‘zbekiston fuqarosi ishdan keyin do‘sti bilan oziq-ovqat olish uchun do‘konga to‘xtagan. Shu payt savdo xodimlari va 47 yoshli mijoz o‘rtasida janjal kelib chiqqan – erkak do‘kondan o‘g‘irlik qilganlikda gumon qilinayotgan edi.
Muhojir ham qo‘shilib o‘sha odamga tanbeh bergan, u qo‘pollik bilan javob qaytargan. Mijozlar o‘rtasidagi og‘zaki janjal tez orada tashqarida davom etgan to‘qnashuvga aylangan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tashqarida bo‘lgan mushtlashuvda o‘zbekistonlik raqibining boshiga bir musht urgan. Zarba erkakning yo‘lakka yiqilishi va o‘limga olib keladigan jarohatlar olishiga sabab bo‘lgan. Hodisadan so‘ng, gumonlanuvchi voqea joyidan qochib, uyiga ketgan va u yerda soqolini qirib, tashqi ko‘rinishini yashirishga uringan. Biroq, ertasi kuni u politsiya tomonidan hibsga olindi.
So‘roq paytida erkak dastlab mojaroni tinchlantirishga va sotuvchilarga yordam berishga harakat qilganini aytgan. U hatto raqibining qo‘lidan pichoqni ham tortib olganini iddao qilgan.
Tergovchilar voqeani jabrlanuvchining o‘limiga olib kelgan qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish sifatida baholadi. Rossiya Jinoyat kodeksining 111-moddasi 4-qismi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Hozirda tergov olib borilmoqda. Gumonlanuvchi 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.