Moskvadagi hammomda qirg‘izistonliklar ishtirokidagi rezonansli ish ultimatumlar qo‘yish uchun sharoit yaratadi, deydi Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev xalqaro ishlar qo‘mitasi yig‘ilishida. Ushbu yig‘ilishdagi deputatlar va vazir o‘rtasidagi suhbat orqali Qirg‘iziston misolida Markaziy Osiyo mamlakatlari nima uchun Rossiyaga qarshi keskin munosabat va xatti-harakatlar qila olmasligini tushunish mumkin.
Deputat Oltinbek Qilichboyev (Suzak okrugi) Moskvadagi hammomda qo‘lga olingan qirg‘izistonliklar ariza yozmaganiga e’tibor qaratgan.
“Albatta, ular deportatsiya yoki boshqa oqibatlardan qo‘rqqanlari uchun ariza qilishmaydi. 2011-yilda men migratsiya idorasida ishlaganman va jinoiy guruhchilikka qarshi kurash bilan shug‘ullanganman – o‘shanda 10 dan ortiq ariza topshirilgan. Ularning barchasi jinoyat tarkibi yo‘qligi sababli yopilgan. Shunchaki ishlarni yopib qo‘yishgan. Hozir ham shunday bo‘ladi, hatto ariza tushsa ham. Siz hammom egasining soliqdan qarzi borligini aytdingiz. Yana siz bizga benzin, gaz va boshqa resurslarni to‘sib qo‘yishlari mumkinligini aytdingiz. Lekin bunday holat yangilik emas, 1990-yillardan beri davom etib kelmoqda. Fuqarolarimizga nisbatan doimiy ravishda shunday munosabatga guvoh bo‘lamiz. Boshqa davlatlardan benzin va gaz yetkazish haqida alternativ variantlar ko‘rilganmi?” – deya savol bergan deputat.
Kulubayev muqobil variantlar haqiqatan ham ko‘rib chiqilayotganini aytdi: «Ozarbayjon yoki Erondan sotib olish mumkin, ammo Rossiyadan neftni bojsiz olamiz. Agar Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi yakunlansa, bu muqobil yo‘nalishni yaratadi.»
Vazir diplomat sifatida ehtimoliy oqibatlarni hisoblab chiqishi kerakligini ta’kidladi.
«Bir qadam sanksiyalarga sabab bo‘lishi mumkin. Men aniq shunday bo‘ladi demoqchi emasman, lekin bunga tayyor bo‘lishimiz kerak. Fuqarolarimiz vatanparvarlik tuyg‘usi tufayli u yerga umuman bormasa yaxshi bo‘lardi. U yerda haqiqatan ham ishchi kuchi yetishmaydi, shuning uchun bizni chaqirishadi. Ammo odamlar borishdan bosh tortib, bu takliflarga e’tibor bermasa, vaziyat boshqacha bo‘lardi. Biz «bormanglar» deymiz, lekin yigitlarimiz baribir ketishadi. Albatta, bu yo‘nalishda muammolar ko‘p,» – deydi Qirg‘iziston vaziri.
Qilichboyev Qirg‘iziston fuqarolari vatanparvarlik tuyg‘usi tufayli Rossiyaga ketmasligi uchun sharoit yaratishi kerakligini ta’kidladi. «Arab mamlakatlariga, Amerikaga, Yevropaga ketishsin. Lekin ular buni qila olmaydilar, chunki til bilmaydilar. Biz ularga sharoit yaratib berishimiz kerak,» – dedi u.