Bryansk viloyatida fojia yuz berdi: yo‘lovchi poyezdi ustiga ko‘prikning bir qismi qulab tushgan. Falokat 31-may kuni kechqurun, taxminan 22:44 da, Pilshino va Vigonichi stansiyalari orasida sodir bo‘lgan. O‘sha paytda u yerdan Klimovo-Moskva poyezdi ketayotgan edi. Ko‘prik qulaganida bir nechta vagon relsdan chiqib ketgan. Odamlar vahima ichida vagonlardan tushishga harakat qilishgan. Yo‘lovchilarni qutqarish uchun vagonlardan birini kesishga majbur bo‘lishdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘prik portlash tufayli qulagan bo‘lishi mumkin. Ba’zi Telegram kanallari ko‘prik konstruksiyasiga – tayanch va relslarga to‘rtta qo‘lbola portlovchi moslama o‘rnatilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berdi. Hozircha bu ma’lumotning rasmiy tasdig‘i yo‘q, biroq 25-may kuni Belgorod viloyatida ham poyezd ostiga portlovchi moddalar o‘rnatilgan voqea sodir bo‘lgandi.
RT va Baza telegram kanali ma’lumotlariga ko‘ra, voqea oqibatida kamida 69 kishi jarohat olgan, halok bo‘lganlar soni hozircha 7 kishi. SHOT ma’lumotlariga ko‘ra, poyezdning lokomotivi qulab tushgan ko‘prik bo‘lagiga urilgan. Yo‘l bo‘lagi tepasida o‘tayotgan fura bilan birga relslar ustiga tushgan. Darhol to‘qnashuv sodir bo‘ldi, zarba mashinist kabinasiga tushdi, u va uning yordamchisi halok bo‘ldi, poyezd relsdan chiqib ketdi. Jabrlanganlar Bryansk va Vigonichi shifoxonalariga yetkazilmoqda. Voqea joyiga 11 tez yordam brigadasi, qutqaruvchilar va politsiya yetib kelgan.
Bryansk viloyati gubernatori Aleksandr Bogomaz voqeani tasdiqladi. Uning aytishicha, voqea joyida barcha xizmatlar ishlamoqda, jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatilmoqda. “Moskva temir yo‘llari” avtohalokatga “transport faoliyatiga noqonuniy aralashish” sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Tergov ham boshlandi – transport prokuraturasi aynan nima bo‘lganini aniqlamoqda.
Boshqa poyezdlarning harakati to‘xtatilmagan. Voqea oqibatlarini bartaraf etish uchun qutqaruv poyezdlari jo‘natildi. Voqea joyida favqulodda shtab ishlamoqda.