Maqola

268 28/09/2024

Rossiyalik senator, Federatsiya Kengashining xalqaro ishlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Andrey Klimov O‘zbekiston parlamenti vitse-spikeri Alisher Qodirovga javoban tahdid mazmunida fikr bildirdi.

Izohga sabab, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Toshkentdagi 188-maktabda rus tili o‘qituvchisi tomonidan o‘quvchiga bo‘lgan zo‘ravonligi bo‘yicha tushuntirish so‘roviga Alisher Qodirovning munosabati bo‘lgan.

Alisher Qodirov Rossiya TIVni “o‘z ishlari bilan shug‘ullanishga” va O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirgan edi.

Senator Klimov bu vaziyatga izoh berar ekan, tarixda e’tirozlarga xuddi shunday munosabat ko‘rsatgan davlat bo‘lganini va bu davlat hozir ayanchli vaziyatda ekanini ta’kidlagan.

“Endi o‘sha davlat juda og‘ir ahvolga tushib qolgan”, — dedi Klimov, Ukrainaga ishora qilib. Senator o‘z izohiga qo‘shimcha ravishda, millatlararo munosabatlar masalalari alohida e’tibor va ehtiyotkorlikni talab qilishini hamda keskin bayonotlar kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkinligini aytgan.

Maktabdagi holat bo‘yicha Toshkent shahrining Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi o‘z izohida o‘quvchi o‘qituvchi bilan tortishganini bayon qilgan edi.

Video e’lon qilingach, mazkur holatni O‘zbekistonda bola huquqlari bo‘yicha vakil Surayyo Rahmonova o‘z nazoratiga olgani ma’lum qilindi.

O‘zbekistonning rasmiy idoralariga ko‘ra, hozirda Toshkentning 188-maktabidagi hodisa bo‘yicha tergov oldi tekshiruvi olib borilmoqda.

Yekaterinburgda dars vaqtida o‘smir ovqatlanib o‘tirgan o‘quvchiga tanbeh bergan, u esa bunga javoban ustozini daftar bilan urgan.

Moskva maktablaridan birida o‘qituvchi o‘quvchini boshqa partaga o‘tirgani uchungina kaltakladi. O‘qituvchi o‘smirga bir necha marta zarba berib sinfdan chiqarib yuborgan.

Mariya Zaxarova va unga o‘xshaganlar ayyuhannos solgan holat Rossiyada kuniga yuzlab marta sodir bo‘ladi. Kuniga minglab muhojir bolalar Rossiya maktablarida tahqirlanish va kamsitilishga duchor bo‘ladi. Tohkentdagi beodob bola va uni urib xató qilgan o‘qituvchi voqeasi Rossiyadek davlat Tashqi ishlar vazirligi e’tiboriga tushadigan ish emas edi. Buning ustiga Andrey Klimov kabi kimsalarning tahdidiga ham munosib javoblar berilishi shart.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya