
Rossiyada migratsiya qonunlariga rioya qilinishi boʻyicha keng koʻlamli tekshiruvlar oʻtkazilmoqda. Politsiya va maxsus xizmatlar mamlakatning turli hududlarida reydlar oʻtkazib, qoidabuzarlarni aniqlamoqda va ularni vataniga chiqarib yubormoqda.
Iyun boshida Samarada yirik tekshiruvlar boshlandi. 1-iyundan boshlab atigi dastlabki toʻrt kun ichida MVD, FSB va Rosgvardiya xodimlari mamlakatda boʻlish qoidalarini buzgan qariyb 400 nafar xorijlikni aniqladi. Ularga uy-joy ijaraga berganlar ham qolib ketmadi: politsiya 100 ga yaqin kvartira mulkdorlarini jazoladi.
Ushbu tekshiruvlar natijalariga koʻra Samarada 27 kishi allaqachon Rossiyadan chiqarib yuborilgan, 57 kishi maxsus joyda saqlanmoqda, 70 nafar fuqaro uchun esa mamlakatga kirish endi yopilgan.
Rostov viloyatida 8-iyun kuni huquqni muhofaza qilish organlari qurilish maydonchalari, kafelar va qishloq xoʻjaligi uchastkalarini tekshirdi. Reydlar davomida ular 169 ta qoidabuzarlikni qayd etgan. Ma’lum boʻlishicha, 22 kishi noqonuniy ravishda ishlagan, 17 ish beruvchi esa ularni zarur hujjatlarsiz ishga yollagan. Tekshiruvlardan soʻng mamlakatdan 57 nafar migrant chiqarib yuborildi, yana 104 kishi uchun esa kirishga taqiq qoʻyildi.
Vladivostokda politsiya aeroport xizmatlari bilan birgalikda tashuvlar va taksi sohasini tekshirdi. Yetti nafar xorijlik qoidabuzar deb topildi. Ulardan uch nafari majburiy tarzda uyiga joʻnatiladi, bir kishi esa allaqachon mustaqil ravishda Rossiyani tark etgan. Shuningdek, politsiya taksida noqonuniy ishlaganlik uchun bayonnomalar tuzdi.
Politsiya «rezina kvartiralar» deb ataluvchi joylarda soxta roʻyxatdan oʻtkazishga alohida e’tibor qaratmoqda. Krasnoyarskda pul evaziga oʻz uyida 24 nafar xorijlikni roʻyxatdan oʻtkazgan, biroq aslida u yerda yashamaganligi uchun uchun erkak sud oldida javob beradi. Unga jinoiy javobgarlik tahdid solmoqda. Shunday holat Samarada ham yuz berdi, u yerda mahalliy ayol oʻz kvartirasida birdaniga 89 nafar migrantni roʻyxatdan oʻtkazgan.
Turli hududlardagi tekshiruvlar davomida jami boʻlib noqonuniy migratsiyani tashkil etish boʻyicha oʻnlab jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi. MVD eslatib oʻtadiki, agar migrant sud qaroridan keyin chiqib ketishdan boʻyin tovlasa, u kirishni taqiqlash sharti bilan majburiy tarzda chiqarib yuboriladi.