339 17/10/2024

Rus flotida Buxoro amirining nomiga qo‘yilgan yirik kreyser bo‘lganini bilarmidingiz? Hozirgacha Sankt-Peterburg va boshqa shaharlarda o‘tkaziladigan har yilgi dengiz paradlarida Buxoro amiri nomiga qurilgan “Emir” kemasi va turkistonlik xayriyachilarning Rossiya harbiy-dengiz kuchlari rivojiga qo‘shgan hissasi e’tirof etib kelinadi. Ushbu maqolada tarixning ushbu parchasini hikoya qilamiz.

1904-yil yanvarida rus-yapon urushining boshlangani va unda Rossiya imperiyasining Sharqiy mintaqadagi eskadrasining og‘ir holati yangi kemalar qurilishi uchun xayriya yig‘ish harakatining paydo bo‘lishiga olib keldi. Natijada imperiyaning turli chekka hududlaridan odamlar bu harakatga qo‘shildi.

1904-yilning 6-fevralida rus imperatori Nikolay II ixtiyoriy xayriyalar orqali flotni kuchaytirish uchun Maxsus qo‘mita tuzilishini ma’qulladi. Bu tashkilot nafaqat pul yig‘ish huquqiga, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy kemalar qurilishi uchun pullarni yo‘naltirish huquqiga ham ega edi. Qo‘mitaning ommaga taqdim etilgan hisobotiga ko‘ra, bir necha yil ichida katta summa — 17,1 million rubl yig‘ilgan.

Buxoro amirligi rasman Rossiyadan mustaqil davlat bo‘lganiga qaramay, uning amiri Sayyid Abdulahadxon, rus flotiga kema qurilishi uchun asosiy homiylardan biriga aylandi. Buxoro amiri rus floti uchun kema qurilishiga o‘sha vaqtda 1 million rubl xayriya qilgan. Bundan tashqari, Turkiston xalqidan yana 300 ming rubldan ortiq mablag‘ yig‘ib berilgan. Qiyoslash uchun, Finlyandiya Senati ham shuncha miqdorda pul jo‘natgan edi.

Natijada 1904-yilning yozida Gelsingforgsdagi (hozirgi Helsinki) Sandvik verfi va mexanika zavodida kelajakda «Emir Buxarskiy» va «Finn» kreyserlari qurilishi boshlandi. Biroz o‘tib, Buxoro amiri nomiga qurilgan kreyserning andozasi bo‘yicha Sankt-Peterburgdagi Putilov zavodida «Moskvityanin» va «Dobrovoles» kabi nomlar bilan kemalar qurila boshlandi.

Buxoro amiri nomidagi mina tashuvchi kreyserlar yirik kemalarga torpedo hujumlarini qaytarish, minalar qo‘yish, kuzatuv va razvedka qilish uchun mo‘ljallangan edi. Ular oldin qurilgan mina tashuvchilarga qaratilganda kuchliroq qurol-yarog‘i va katta o‘lchamlari bilan farq qilardi. Amir nomidagi kreyser ikki mo‘rilik, suv sig‘imi 570 tonna (haqiqiy sig‘imi 620 tonna), tezligi soatiga 46 kilometrdan ortiq bo‘lgan kemalar edi.

«Emir» 1904-yil 30-dekabrda suvga tushirilgan va 1905-yilning o‘rtalaridan flotda to‘laqonli kemaga aylangan. Yangi kemaning ekipaji shtati 99 nafar ofiser va matrosdan iborat bo‘lgan.

Turkistondan xayriya qiluvchilar mablag‘i evaziga qurilgan «Emir Buxarskiy» harbiy kemasining tarixi shunday bo‘lgan.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya