Maqola

227 16/10/2025

Buyuk Britaniya chet ellik ishchilar uchun qoidalarni kuchaytirmoqda. 2026-yil 8-yanvardan boshlab mehnat vizasi olish uchun murojaat qilganlar ingliz tilini kamida B2 darajasida bilishlari kerak bo‘ladi — bu Britaniya maktablaridagi A-level darajasiga teng. Hozir viza uchun B1 darajasi yetarli, ammo hukumat talablarni oshirishga qaror qildi.

Yangi talab malakali ishchi vizasi, yuqori iqtidor egalari uchun viza yoki biznesni kengaytirish vizasiga murojaat qilganlar uchun amal qiladi. Tilni bilish darajasi faqat Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan markazlarda topshirilishi mumkin bo‘lgan test orqali baholanadi.

Ichki ishlar vaziri Shabana Mahmudning ta’kidlashicha, ko‘pchilik odamlar ingliz tilini yetarli darajada bilmasdan mamlakatga keladi, bu esa ularning ishlashi va jamiyatda ishtirok etishini qiyinlashtiradi. Uning aytishicha, migrantlar «muloqotda qiyinchiliksiz ingliz tilida ravon va ishonchli gapirishlari» kerak.

Bundan tashqari, boshqa vizalar, jumladan, oilaviy vizalar uchun til talablarini bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilgan.

Britaniya hukumatining hisob-kitoblari bo‘yicha, yangi qoidalar joriy etilgandan so‘ng, 2026–2027-yillarda mehnat vizasiga murojaat qilish soni taxminan 400–1500 kishiga kamayishi mumkin.

Ichki tahlillarga ko‘ra, mehnat vizasi bilan kelganlarning 97 foizi allaqachon ingliz tilini kamida boshlang‘ich, 69 foizi esa yaxshi bilimga ega.

 

Pul yuborish uchun yangi servis

Navigatsiya