Valaam monastiri ruhoniy sxiigumen Gavriilni (Vinogradov) Sochi mintaqasi rahbari lavozimidan ozod qildi. Bu haqda rasman monastir matbuot xizmati xabar berdi.
Bayonotda Gavriil 2025-yil 5-iyun kuni lavozimidan ozod etilgani aytiladi, ishdan bo‘shatish sababi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytilmagan, biroq bu uning internetda tarqatilgan va ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan va’zlaridan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan.
O‘tgan hafta Gavriil o‘zining yakshanba kungi ma’ruzasida musulmonlar, ayniqsa, Moskvadagi jome masjidida Qurbon hayitini nishonlash uchun yig‘ilganlar haqida keskin fikrlar bildirgan edi. U shu kunlarda butun ko‘cha odamlar bilan to‘lganini aytgan va musulmonlarni «armiya»ga qiyoslagan. U, shuningdek, agar mulla moskvaliklarni so‘yishni buyursa, bu «tez sodir bo‘lishi mumkin», chunki Ichki ishlar vazirligi «reaksiya qilishga ulgurmaydi», degan.
Ruhoniy musulmonlarni «ichmaydigan, sport bilan shug‘ullanadigan va xavfli bo‘lishi mumkin bo‘lgan sog‘lom erkaklar» deb ta’riflagan. Bu so‘zlar butun musulmon jamoatchiligi uchun bevosita tahdid va haqoratdek yangradi.
Ko‘pchilik buni alohida shaxslarga nisbatan emas, umuman musulmonlarga nisbatan haqorat sifatida qabul qildi. Ayniqsa, bunday so‘zlarni ruhoniyning aytgani o‘ta noto‘g‘ri.
“Axmat” maxsus kuchlari qo‘mondoni, Rossiya Qurolli kuchlari bosh harbiy-siyosiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari general-leytenant Apti Alaudinov ruhoniyning bayonotlariga keskin munosabat bildirdi. U ruhoniyni «ahmoq» deb atadi va uni provokatsiyada aybladi.
Alaudinov Rossiyada millionlab mahalliy musulmonlar istiqomat qilishini va ularning e’tiqodini shubha ostiga qo‘yishga hech kimning haqqi yo‘qligini ta’kidladi. Bunday so‘zlardan keyin Gavriilga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilmaganiga ham hayron bo‘ldi.
Ayrimlar bu ruhoniyni hamma musulmonlar haqida emas, faqat radikal muhojirlar haqida gapirayotganini aytib, oqlashga urindi. Ammo bu va’zda aniq aytilmagan va ko‘pchilik uchun uning so‘zlari umumiy tahdiddek ko‘rinadi.
Davlat Dumasi deputati Mixail Matveyev ham vaziyatga izoh berdi. U o‘zining Telegram-kanalida “qandaydir muhojirlar armiyasi paydo bo‘lishidan qo‘rquv hissi” so‘nggi yillarda rasmiylarning o‘zlari olib borayotgan siyosat natijasi ekanini yozdi.
Sxiigumen Gavriil tomonidan aytilgan kabi bayonotlar nafaqat musulmonlarni haqorat qiladi, balki turli dindagi odamlar o‘rtasida dushmanlikni qo‘zg‘atishi mumkin.
Bunday vaziyatda Rossiya nafaqat pravoslav xristianlar, balki uning qonunlari va madaniyatini hurmat qiladigan millionlab musulmonlar – mamlakat fuqarolarining vatani ekanligini unutmaslik kerak. Odamlarni e’tiqodiga yoki millatiga qarab ajratish xavfli yo‘ldir. Har qanday jamiyatda tinchlik va o‘zaro hurmat saqlanishi kerak.