Maqola

324 04/04/2026

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida fuqarolarni aldab, ularning katta miqdordagi mablag‘larini o‘zlashtirgan bir guruh firibgarlarga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Mazkur jinoiy guruh 2023-yilning yanvar oyidan boshlab bir nechta mas’uliyati cheklangan jamiyatlar (MCHJ) tuzib, odamlarni Yevropa davlatlariga ishga yuborish va viza rasmiylashtirish va’dasi bilan chuv tushirgan.

Firibgarlar o‘z tuzoqlariga odamlarni ilintirish uchun ijtimoiy tarmoqlardan, xususan, Instagram platformasidan keng foydalanishgan. Reklamalarga ko‘proq ishonch bag‘ishlash uchun taniqli blogerlar va san’atkorlar jalb qilingan.
Fuqarolarga Germaniya, Polsha, Slovakiya, Xorvatiya, Latviya kabi davlatlar hamda Yaponiyada yuqori daromadli ishlar va’da qilingan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, ushbu firibgarlik sxemasi qurbonlari soni 140 nafarga yetgan. Jabrlanuvchilar orasida nafaqat Toshkent, balki boshqa viloyatlarda yashovchilar ham bo‘lgan.

Odamlar «yaxshi hayot» ilinjida tilla taqinchoqlar, mol-qo‘ylarini sotib berishgan.

Ayrim jabrlanuvchilar o‘z pullarini qaytarib olish uchun 2-3 yildan beri sarson bo‘lib yurganliklarini aytadi.

Chilonzor tuman sudida ko‘rib chiqilgan ish natijasiga ko‘ra, bir ayol va ikki erkakdan iborat guruh a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan aybdor deb topdi.

Sud hukmi bilan asosiy ikki sudlanuvchiga nisbatan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Guruhning ayol a’zosi sud zalining o‘zidayoq qamoqqa olindi va unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berildi.

Sudlanuvchilar o‘z qilmishlaridan pushaymon ekanliklarini va pullarni qaytarishga va’da bergan bo‘lsalar-da, sud og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olgan holda qat’iy jazo tayinladi. Chet elga ishga borishni istagan fuqarolarga esa turli yolg‘on va’dalarga ishonmaslik, reklamalardagi har bir ma’lumotni tekshirish va firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmaslik uchun hushyor bo‘lish tavsiya etiladi.

 

Rossiya: quvilgan migrantlar, do‘stini qutqargan yigit, layk uchun jarima

Navigatsiya