Haligacha ko‘plab muhojirlar “Contact” tizimi orqali yuborilgan, ammo olinmagan pul o‘tkazmalarini qaytara olgani yo‘q. Kimningdir ariza yozsa ham puli qaytarilmagan, yana kimdir qanday va qayerga ariza yozish kerakligi haqida ma’lumotga ega emas. Hozirda Contact tizimi orqali yuborilgan, biroq qaytarilmagan pullarni Rossiyadagi Omonatlarni sug‘urtalash agentligi (АСВ) qaytarmoqda.
Migrant.uz muxbiri pulni qaytarish tartibi bo‘yicha agentlik bilan bog‘landi.
Nimadan boshlash kerak?
Agar Contact tizimi orqali yuborilgan pulni olishga ulgurmagan bo‘lsangiz, pulni qaytarish uchun maxsus ariza yozishingiz kerak. Ushbu ariza «требование кредитора» deb ataladi, lekin qulaylik uchun usbu materialda biz uni «ariza» deb ataymiz.
Kreditor kim?
«АСВ» qoidalariga ko‘ra, kreditor – bu Contact tizimi orqali pul yuborgan shaxs. Soddaroq qilib aytganda, bu pul yuborgan shaxs.
Arizani qayerdan olish mumkin?
Arizani «АСВ» saytida ushbu havola orqali yuklab olish mumkin.
Arizani qanday to‘ldirish kerak?
To‘ldirish bo‘yicha namunani ushbu havola orqali olishingiz mumkin.
Bu yerda ariza blanklarining o‘zbek, qirg‘iz va tojik tillaridagi shakli ham mavjud.
Ariza qaysi tilda yoziladi?
Ariza rus tilida, pul yuborgan shaxs nomidan yozilishi kerak. Unda quyidagilarni ko‘rsatish lozim:
– F.I.O.;
– tug‘ilgan sana;
– shaxsni tasdiqlovchi hujjat ma’lumotlari;
– pochta manzili va aloqa ma’lumotlari (telefon, email);
– olinmagan o‘tkazma haqida ma’lumot (raqam, summa, valyuta.
Bank rekvizitlari nima uchun kerak?
Pulni qaytarish uchun arizada bank rekvizitlari ko‘rsatilishi kerak. Ya’ni bank rekvizitlari pulni qayerga qaytarish kerakligini ko‘rsatish uchun talab etilmoqda.
Xorijdagi bank hisobimga qaytarsa bo‘ladimi?
Yo‘q. Agar hisob raqamingiz chet el bankida bo‘lsa, Rossiyadagi korrespondent bank rekvizitlarini ham taqdim etish talab qilinadi. Buning uchun qo‘shimcha ariza to‘ldirasiz, xorijdagi hisob raqami taqdim etilsa yuboriladigan qo‘shimcha ariza namunasini ushbu havola orqali yuklab olishingiz mumkin.
Ariza bilan birga qanday hujjatlar yuboriladi?
Arizaga quyidagi hujjatlarning nusxasini qo‘shish kerak:
– pasport yoki boshqa shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
– o‘tkazmani tasdiqlovchi hujjat (chek, kvitansiya).
Har bir hujjatni o‘zingiz tasdiqlashingiz kerak. Tasdiqlash degani har bir hujjat tagiga «все данные верны» deb yozib, imzo qo‘yish va F.I.O. ni ko‘rsatishdir.
Ariza va hujjatlarni qayerga yuborish kerak?
Hujjatlarni quyidagi manzilga pochta orqali yuborish mumkin:
109992, г. Москва, ГСП-2, ГК «АСВ», ликвидатору КИВИ Банк (АО).
Agar pul yuborgan shaxs Rossiyadan tashqarida bo‘lsa nima qilish mumkin?
Rossiyadan tashqarida bo‘lganlar xalqaro pochta xizmatlaridan foydalanib, so‘ralgan ariza va hujjatlarni yuborishlari mumkin.
Hujjatlarni shaxsan olib borib topshirish mumkinmi?
Ha, hujjatlarni quyidagi manzilga borib, shaxsan topshirish mumkin:
г. Москва, Павелецкая набережная, д. 8, экспедиция, birinchi qavatda (ish kunlari 9:00 dan 17:45 gacha, jumada 16:30 gacha, tushlik 12:00 dan 12:45 gacha).
Elektron pochta orqali yuborish mumkinmi?
Yo‘q, elektron pochta orqali yuborilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.
Agar pul boshqa shaxsning kartasidan yechilgan bo‘lsa-chi?
Bu holda arizani pul yuborgan shaxs yozishi kerak va o‘z nomidagi bank rekvizitlarini ko‘rsatishi mumkin.
Arizani topshirish uchun qancha vaqt bor?
Ariza Qiwi Bank likvidatsiyasi tugaguniga qadar qabul qilinadi. Tugash sanasi hali belgilanmagan, shuning uchun arizani istalgan vaqtda topshirish mumkin. Ammo kechikmaslik tavsiya etiladi.
Ariza qabul qilinganmi yoki yo‘qmi, qanday bilish mumkin?
Arizani ko‘rib chiqish natijasi haqida javob pochta orqali yuboriladi. Shuning uchun pochta manzilini to‘g‘ri ko‘rsatishingiz muhim.
Pul qaytarilishi uchun qancha vaqt kerak?
Pul odatda ariza qabul qilinganidan keyin bir oy ichida qaytariladi.