Daniya hukumati ishlab chiqqan dasturga ko‘ra, o‘z vataniga qaytgan voyaga yetgan suriyalik qochqinlar 200 ming Daniya kronasi (taxminan 27 ming yevro) oladi. Bolalar uchun 50 000 kron (taxminan 6 700 yevro) miqdorida alohida to‘lov mavjud. Bu mablag‘lar 2019-yildan buyon amalda bo‘lgan repatriatsiya qonuni doirasida ajratiladi.
2015-yildan beri 5100 dan ortiq suriyalik Daniyani tark etgan. Ulardan 600 ga yaqin kishi moliyaviy yordamdan foydalanib, o‘z ixtiyori bilan vataniga qaytgan. Daniya integratsiya vaziri Kaare Dyubvad Bek dasturning yaxshilangan shartlari yanada ko‘proq ishtirokchilarni jalb qilishiga umid bildirdi. Vazirning ta’kidlashicha, to‘lovlar xarajatlari o‘zini oqlaydi, chunki mamlakatdagi suriyalik qochqinlarning aksariyati ishlamaydi va ijtimoiy nafaqa oladi, bu esa uzoq muddatda davlat uchun qimmatga tushadi.
2024 yil boshida Daniyada 45 000 ga yaqin suriyalik istiqomat qilgan, ulardan 28 000 nafari kattalar va 17 000 nafari bolalardir. Agar ularning barchasi bir vaqtning o‘zida Suriyaga qaytishga qaror qilsa, davlat taxminan 865 million yevro sarflashi kerak bo‘ladi. Biroq, rasmiylar bunday xarajatlarni asosli deb hisoblaydi.
Repatriatsiya dasturi suriyaliklarga Daniyada qolish yoki moliyaviy yordam bilan o‘z vataniga qaytish tanlovini qilish imkonini beradi.
Boshqa Yevropa davlatlari ham shu kabi dasturlarni muhokama qilmoqda. Misol uchun, Germaniyada XDI vakili Yens Shpan suriyaliklarning ixtiyoriy vataniga qaytishini moliyalashni va har biriga 1000 yevrodan to‘lashni taklif qildi. Biroq, bu fikr munozaralarga sabab bo‘ldi. Avstriyada ham suriyaliklarga uylariga qaytishlari uchun 1000 yevro miqdorida qo‘shimcha to‘lov taklif qilingan.
Suriya rasmiylari ham o‘z fuqarolarini faol ravishda qaytishga chaqirmoqda. Suriya muvaqqat bosh vaziri Muhammad al-Bashirning aytishicha, mamlakat ko‘p yillik mojarolardan xalos bo‘lish uchun barchaning yordamiga muhtoj. U Suriya “ozod mamlakat”ga aylanganini va barcha qochqinlarni qabul qilishga tayyorligini ta’kidladi.