Maqola

384 11/06/2026

Davlat dumasi uchinchi oʻqishda Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlarida shartnoma boʻyicha xizmat qilayotgan yoki xizmat qilgan hamda jangovar harakatlarda qatnashgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni deportatsiya qilishni taqiqlovchi qonunni qabul qildi.

Oʻzgartirishlar mamlakatdan chiqish va unga kirish tartibi toʻgʻrisidagi, shuningdek, chet el fuqarolarining huquqiy holati toʻgʻrisidagi qonunlarga kiritildi. Bu haqdagi qonun loyihasi Dumaga birinchi marta 2025-yil 20-noyabrda kiritilgan edi, yakuniy ravishda esa seshanba kuni, 26-mayda qabul qilindi.

Yangi qonun boʻyicha chet elliklarga nisbatan endi Rossiyaga kirishni taqiqlash, boʻlishi nomaqbulligi yoki deportatsiya qilish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilinishi mumkin emas. Ularning vaqtinchalik boʻlish muddati qisqartirilishi yoki “РВП”, shu jumladan ta’lim olish uchun berilgan ruxsatnomasi bekor qilinmaydi.

Shuningdek, ularga “ВНЖ”, patent yoki ishlash uchun ruxsatnoma berishni rad etish yoki ularni bekor qilish mumkin emas.

Biroq harbiy xizmatchilarning oila a’zolari uchun qat’iy cheklovlar amal qiladi. Qonunda harbiyning oila a’zosiga “ВНЖ” berilmaydigan, berilgan hujjat esa bekor qilinadigan holatlar tavsiflangan.

Bu holat, agar shaxs Rossiya konstitutsiyaviy tuzumi asoslarini zoʻrlik bilan oʻzgartirish tarafdori boʻlsa yoki terrorchilik harakatlarini moliyalashtirsa va rejalashtirsa yuz beradi. Shuningdek, agar shaxs ariza topshirishdan oldingi besh yil davomida ma’muriy ravishda chiqarib yuborilgan, deportatsiya qilingan yoki chet el davlatiga topshirilgan boʻlsa, “ВНЖ” berilmaydi.
Agar bunday holatlar ariza topshirishdan oldingi oʻn yil davomida bir necha bor sodir boʻlgan boʻlsa, hujjat berish ham rad etiladi.

Agar oila a’zosi soxta hujjatlar taqdim etgan yoki oʻzi haqida yolgʻon ma’lumotlar bergan boʻlsa, hujjatlar bekor qilinadi yoki berilmaydi. Bu sud tomonidan ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlar, shuningdek, giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq jinoyatlar uchun hukm qilinganlarga ham tegishlidir. Cheklovlar Rossiyada yoki chet elda ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlar uchun sudlanganligi tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslarga nisbatan ham amal qiladi.

Agar oila a’zosi Rossiyadan boshqa davlatga doimiy yashash uchun chiqib ketgan boʻlsa yoki kalendar yili davomida umumiy hisobda olti oydan ortiq Rossiya hududidan tashqarida boʻlgan boʻlsa, yashash guvohnomasi bekor qilinadi. Shoshilinch davolanish, ogʻir kasallik yoki yaqin qarindoshining vafoti holatlari bundan mustasnodir. Rossiya fuqarosi bilan soxta nikoh qurish qonunbuzarlik hisoblanadi. Shuningdek, agar chet ellik yashash guvohnomasini olganidan keyin istalgan ikki kalendar yili davomida uzluksiz ravishda IIVni Rossiyada yashayotgani toʻgʻrisida xabardor qilmagan boʻlsa, hujjat bekor qilinadi. Nihoyat, shaxsning Rossiyada boʻlishi nomaqbulligi yoki uning kirishini taqiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda yashash guvohnomasi berilmaydi yoki bekor qilinadi.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya