
Nijniy Novgorod aeroportida deportatsiya qilinishi kerak bo‘lgan muhojirlar maxsus yozuvli kiyim bilan belgilana boshladi. MK nashrining xabar berishicha, deportatsiya qilinayotganlarga boshqa yo‘lovchilardan darhol ajralib turishi uchun «Podlejit vыdvoreniyu» – “Deportatsiya qilinishga majbur” yozuvi bo‘lgan yorqin jiletlar berilgan.
Vataniga qaytarilayotgan muhojirlarga kiydirilgan jiletlar ularni boshqalardan ajratib turadi. Bu muhojirlar aeroportda xuddi «ko‘rgazma eksponatlari» kabi ko‘rinadi.
Bundan maqsad muhojirlarni “tezda topish va nazorat qilish”. Ammo odamlarning huquqiy maqomi bo‘yicha bunday vizual «identifikatsiya» inson qadr-qimmatini poymol qilishga o‘xshaydi.
Bu «tashabbus»ni boshqa joylar: vokzallar, vaqtinchalik hibsxonalarga tatbiq etish taklif qilinmoqda. Ya’ni, yuzlab, hatto minglab odamlar shunga o‘xshash holatga duch kelishi mumkin.
Shuni aytish lozimki, bunday odamlar jinoyatchi emas, lekin ular maxsus jilet kiyishga majbur. Bu ochiq stigmatizatsiya, ular yoqimsiz qarashlar uchun oson nishonga aylanadi.
Ikkinchidan, stigma avtomatik ravishda negativlikni keltirib chiqaradi, jamoat joylarida – xodimlar va boshqa yo‘lovchilardan migrantlarga nisbatan noxolis munosabat uyg‘otadi.
Uchinchidan, ushbu choraning tarqalishi barcha migrantlar, hatto yuridik maqomga ega bo‘lganlar orasida qo‘rquv muhitini yaratishi mumkin.
Tenglik va inson huquqlarini qadrlaydigan jamiyatda odamlarni huquqiy maqomiga qarab belgilash qabul qilinishi mumkin emas. Xoh Rossiyada bo‘lsin, xoh boshqa davlatda bu kabi usullar muhojirlarni obro‘sizlantiradi, bosim va xo‘rlash muhitini yaratadi. Buning o‘rniga, ko‘proq axloqiy nazorat usullariga – inson qadr-qimmatini hurmat qilishga e’tibor qaratish lozim.