
Rossiya Ichki ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, hozirda mamlakatda rasman roʻyxatdan oʻtgan 6 millionga yaqin muhojir istiqomat qiladi. Ya’ni ularning hujjatlari bor, politsiya ham ularning qaerdaligini biladi. Ammo Rossiyada 5-6 millionga yaqin odam noqonuniy, hujjatsiz va ro‘yxatdan o‘tmasdan yashab, ishlab turibdi.
Shu bilan birga, faqat 2 million kishi mehnat patentini olgan. Bu degani, faqat har oltinchi migrant patentga ega. Qolganlari patentsiz ishlaydi.
Deputat Aleksey Juravlevning aytishicha, patent olganlar eng xotirjam va qonunga bo’ysunadigan odamlar. Ular to’g’ri yashashga va qonunga muvofiq yurishga harakat qilishadi.
Ammo, uning fikricha, asosiy vazifa qolgan 10 million noqonuniy migrantning soyadan chiqib, qonun asosida yashashga kirishishiga yordam berishdir. Uning fikricha, odamlarda rag’bat, ya’ni qandaydir foyda yoki sabab bo’lmasa, patent sotib olmaydilar.
28-may kuni Davlat Dumasidagi yig‘ilishda moliya vaziri Anton Siluanov migrantlar uchun deputat Vladislav Davankovning patent narxini oshirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan edi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda migrantlar patent uchun juda kam pul to‘layotgan ekan. Misol uchun, Arxangelsk viloyatida patent oyiga atigi 5292 rublni tashkil qiladi. Bu rossiyalik fuqaroning chet el pasporti uchun to’laganidan ham kamroq.
Davankov patent narxini kamida bir yarim barobarga oshirishni taklif qildi. Shunda mamlakat byudjetiga 75 milliard rubl tushar ekan.
U bu mablag‘larni “Migrant ID” tizimni rivojlantirishga sarflashni taklif qilmoqda.