
Davlat Dumasida deputatlardan biri Yaroslav Nilov (LDPR partiyasidan) muhojirlarning farzandlari uchun maktablarda bepul ta’limni bekor qilishni taklif qildi. Uning fikricha, ota-onalar, ish beruvchilar yoki xorijiy davlatlarning elchixonalari ularning o‘qishi uchun pul to‘lashi kerak ekan.
«Nima uchun biz ularning o‘qishi uchun pul to‘lashimiz kerak? Bu pullarni o‘qituvchilarga beriladigan bonuslarga yo‘naltirish yaxshi bo‘lardi, chunki muhojirlarning farzandlari bilan ishlash ko‘proq vaqt va kuch talab etadi», — deydi Nilov RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida.
Shuningdek, u migrant bolalarning faqat oz qismi rus tili imtihonidan o‘ta olishini iddao qilgan. 2025-yilning 1-aprelidan boshlab, yangi qonunga ko‘ra, barcha chet ellik bolalar maktabga kirish uchun test sinovlaridan o‘tishi kerak. Tilni bilmaganlar qabul qilinmaydi.
Nilovning so‘zlariga ko‘ra, agar bolalar o‘qimasa, bu tarbiya qoidalarining buzilishi oqibatida ota-onalar o‘z yurtida jazolanishi mumkin. Uning fikricha, agar bolalar til tufayli o‘qishda qiynalayotgan bo‘lsa, ular uyga qaytib ketgani ma’qul. Shuningdek, u bunday bolalarni masofadan turib – internet orqali o‘qishni taklif qilgan.
Ammo shuni yodda tutish kerakki, Rossiya Konstitutsiyasi va «Ta’lim to‘g‘risida»gi federal qonuniga ko‘ra, barcha bolalar, shu jumladan chet elliklar bepul maktab ta’limi olish huquqiga ega.
Shuning uchun Nilovning taklifi yuridik kuchga ega emas – bu faqat uning shaxsiy fikri. Qonunda ta’limda kamsitish taqiqlanishi va barcha bolalar fuqaroligidan qat’i nazar, o‘qish huquqiga ega ekanligi aniq aytilgan.
2025-yildan boshlab rus tilidan majburiy test sinovlari joriy qilingan. Ammo bu migrant bolalar maktab uchun pul to‘lashi kerak degani emas. Ularning ta’lim olishi qonunning o‘zi o‘zgarmaguncha, avvalgidek bepul bo‘lib qoladi.