448 15/05/2026

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Rossiya Federatsiyasidagi doimiy vakilini tayinladi. Mazkur vazifaga Moskva shahridagi Imom Muhammad al-Buxoriy nomidagi musulmonlar diniy tashkiloti raisi hamda “Imom al-Buxoriy” madrasasi mudiri Umidbek Mamtaliyev tayinlandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, keyingi yillarda Rossiya musulmonlari diniy idorasi bilan diniy-ma’rifiy, ilmiy va madaniy sohalardagi hamkorlik aloqalari kengayib bormoqda.

Xususan, Rossiyada vaqtincha ishlab yoki tahsil olib yurgan o‘zbekistonliklar bilan ma’rifiy uchrashuvlar o‘tkazish, Ramazon oyida imom va qorilar yuborish, diniy soha vakillari o‘rtasida tajriba almashish, diniy ta’lim va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, yangi tayinlangan doimiy vakil Rossiya hududidagi vatandoshlarning diniy-ma’rifiy ehtiyojlarini ta’minlash, ularga to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish hamda ikki davlat o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy hamkorlikni yanada faollashtirish bilan shug‘ullanadi.

Umidbek Mamtaliyev O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan va diniy ta’lim olgan. U Moskvadagi “Al-Fatixa” madrasasi va Moskva Islom institutida tahsil olgan.

Shuningdek, u Moskva shahridagi Tarixiy masjid diniy tashkiloti hamda Domodedovo tumanidagi masjidlarda imomlik qilgan. Keyinchalik esa Moskva shahrida “Imom Muhammad al-Buxoriy” nomli diniy tashkilotga asos solgan.

Hozirgi kunda mazkur markazda 300 dan ortiq oflayn va 2000 dan ziyod onlayn tinglovchi ta’lim olayotgani aytilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi yangi vazifaga tayinlangan vakilga faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.

Ijara firibgarligi: 5 qiz bir kechada ko‘chada qoldi

Navigatsiya