
Moskvada Ichki ishlar vazirligi 139 mingdan ortiq chet el fuqarosini migratsiya hisobidan chiqardi. Сабаб — “Amina” ilovasida geolokatsiya (joylashuv) ma’lumotlari yo‘qligi.
1-sentabrdan boshlab Moskva va Moskva viloyatida migrantlarni hisobga olish bo‘yicha sinov loyihasi ishga tushgan. O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Armaniston, Qozog‘iston, Gruziya, Ozarbayjon, Moldova va Ukraina fuqarolari “Amina” mobil ilovasini o‘rnatishi shart.
Migrantlar har kuni ilovaga kirib turishi, telefonida geolokatsiyani yoqib qo‘yishi va push-bildirishnomalarni faollashtirishi kerak. Ichki ishlar vazirligi shu orqali migrantning qayerda ekanini kuzatadi.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, loyiha boshlanganidan beri 139 236 kishi geolokatsiya ma’lumotlari yo‘qligi sababli ro‘yxatdan chiqarilgan.
Agar ilova uch ish kuni davomida telefonning joylashuvini ko‘rsatmasa, migrant avtomatik tarzda ro‘yxatdan chiqariladi. Keyin uning ma’lumotlari nazorat ostidagi shaxslar reestriga kiritiladi. Bu esa hujjatlar va Rossiyada qolish bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkin.