1 263 29/08/2026

Har bir inson o‘z oilasi va farzandlari baxtli yashashini istaydi. Shahrisabz tumanida yashovchi X. ham ana shunday ezgu niyatlar bilan musofirlik yo‘lini tutgan edi. U 2023-yilning 3-fevral kuni ishlab pul topish maqsadida Rossiya Federatsiyasining Moskva shahriga uchib ketadi. Moskvada «Yandeks» ilovasi orqali kuryerlik xizmatida halol mehnat qila boshlaydi.

Biroq bu tinch hayot uzoqqa cho‘zilmadi. 2023-yil mart oyining oxirida Moskvada unga tanish bir shaxs murojaat qilib, avtomashinani Penza shahriga haydab olib borib berishni va buning uchun yaxshigina haq to‘lanishini aytadi. 2023-yil 29-mart kuni X. Penzaga yetib kelganida, mashina polisiya xodimlari tomonidan to‘xtatilib tekshiriladi. Tekshiruv natijasida avtomashina ichida juda ko‘p miqdordagi taqiqlangan giyohvandlik vositalari borligi aniqlanadi.

Shundan so‘ng, 2023-yil 29-iyun kuni Penza shahar sudi tomonidan X. RF Jinoyat kodeksining 228-moddasi bilan aybli deb topilib, 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etiladi va Penzadagi «IK-4» koloniyasiga joylashtiriladi. Koloniyada jazo o‘tab yurgan vaqtida muassasa xodimlari tomonidan urushga borish taklif qilinadi. Rad etganida esa qamoq muddatini soxta sabablar bilan uzaytirish va izolyatorga qamab qo‘yish bilan tahdid qilinadi. Ushbu ruhiy va jismoniy bosimlarga chiday olmagan X. 2025-yil 10-iyul kuni bosim ostida 1 yillik harbiy shartnomani imzolashga majbur bo‘ladi.

Shartnomadan so‘ng u harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazilib, Donesk viloyatining Pokrovskiy shahriga jangga yuboriladi. 2025-yil 4-sentyabr kuni dron portlashi natijasida og‘ir yaralanib, gospitalda davolanadi. Jarohat tuzalar-tuzalmas uni yana frontga jo‘natishlarini bilgach, 2026-yil 8-fevral kuni harbiy qismdan qochib, Moskva orqali O‘zbekiston elchixonasi yordamida 18-fevral kuni Vatanga qaytib keladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz tuman sudi X.ning qilmishidan pushaymonligini va jinoyat majburiy tahdid ostida sodir etilganini inobatga olib, unga 4 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya