
Soğliqni saqlaş vazirligi matbuot xizmati «Dok-1 Maks» va «Ambronol» dori vositalaridan jabr körgan oilalarga kompensatsiya tölovi qanday borişini maʼlum qildi.
Toşkent şahar jinoyat işlari böyiça sudining ijro hujjatlariga köra, Majburiy ijro byurosi 90 nafar jabrlanuvçi foydasiga jami 82 milliard söm undirişi kerak edi. Ammo aybdorlarning xatlangan mol-mulkini sotiş belgilangan muddatdan çözilib ketdi. Şu sababli hozirga qadar bu mablağning atigi 20 foizi, yaʼni 16,8 milliard sömi tölangan. Qolgan qismi bir neça yildan beri berilmay kelardi.
Prezident jabrlangan oilalarga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni töliq qoplaş işlarini tezlaştirişni topşirdi. Şunga binoan davlat byudjetidan 65,2 milliard söm ajratildi. Natijada 88 nafar jabrlanuvçiga jami 80 milliard söm tölandi. Şundan 72 nafar vafot etgan bola oilalariga 72,2 milliard söm, davolangan va hozir davolanayotgan 16 nafar bola oilalariga 7,8 milliard söm berildi.
2 nafar bolaning oila aʼzolariga ham bank kartalari bilan boğliq texnik masalalar hal bölgaç, qolgan 2 milliard söm töliq tölab beriladi.
Byudjetdan ajratilgan 65,2 milliard söm respublika byudjetiga qaytariladi. Bu aybdorlarning mol-mulkini sotişdan tuşgan va ulardan undirilgan mablağ hisobidan amalga oşiriladi.
Şu bilan birga, Soğliqni saqlaş vazirligi, tegişli davlat taşkilotlari va idoralari masʼullari respublika tibbiyot markazlari şifokorlari bilan birga jabrlangan oilalarning ahvolidan xabar olmoqda. Bolalarga qöşimça tibbiy va psixologik yordam körsatiş çoralari körilmoqda.