
Rossiyada afg‘onistonlik migrantlarni jalb qilish mumkinligi muhokama qilinmoqda. Biroq, barcha siyosatchilar ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamaydi.
«Spravedlivaya Rossiya» fraksiyasi rahbari Sergey Mironov past malakali ishchilar keladigan mamlakatlar ro‘yxatini kengaytirish maqsadga muvofiq emasligini ta’kidlaydi. Uning ta’kidlashicha, mamlakat allaqachon yetarli migratsiya muammolariga duch kelmoqda.
U Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar hech bo‘lmaganda rus tilini bilishi va Rossiya bilan tarixiy aloqalari bo‘lganini ta’kidladi. Biroq u Afg‘oniston, Hindiston va Shri-Lanka kabi mamlakatlardan keladigan migrantlar «boshqa dunyo» ekanligini aytadi.
Mironov, avvalo, maqsadli asosda – ma’lum bir ish beruvchiga, ma’lum bir ish uchun va cheklangan muddatga yollanadigan modelga o‘tish zarurligi haqida fikr bildirgan.
Afg‘onistondan ishchilarni jalb qilish bo‘yicha muzokaralar allaqachon boshlangan. 27-mart kuni Rossiya Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov Rossiyada ishchi kuchi yetishmasligi sababli ikki tomon bu masalani ekspertlar darajasida muhokama qilayotganini e’lon qildi.
Afg‘onistonning Moskvadagi elchisi Gul Hasan ilgari ham shunga o‘xshash ma’lumotlarni aytgan edi.
O‘tgan yilning dekabr oyida Rossiya hali afg‘on migrantlarini ommaviy ravishda jalb qilishga tayyor emasligi ham ta’kidlangan edi. Buning sabablari orasida migratsiya oqimlari ustidan yetarlicha nazorat qilinmasligi bilan bog‘liq potensial xavflar aytilgan.
Bundan tashqari, Hindiston rasmiylari ilgari Rossiyaga ishlash uchun yuboriladigan fuqarolari sonini ko‘paytirishga tayyorligini e’lon qilgan.