Dehqon egatidek taram-taram qirlar ufqqa qadar bir-biriga ulanib ketgan. Adirning nishabliklari uzra yakkam-dukkam loy suvoqli past-baland uylar qad rostlagan. Qum shag‘al aralash bo‘z tuproq aro bo‘tako‘z, jingak va karrak kabi qurib qovjiragan o‘simliklar, ahyon-ahyonda esuvchi jin shamol maqomiga hamohang chayqalib qo‘yadi. Qorning sovug‘ini yodga soluvchi izg‘irin, qishloq bolalariga cho‘t emas
Ikki qirning qiya tomoniga guvaladek keladigan juft toshlarni darvoza qilib belgilagan bolalar, chala shishirilgan, rangi-quti o‘chib, pittig‘i chiqib ketgan koptokni tepish bilan ovora.
Simillagan sovuq tanasidan o‘tganidan bexabar, dam-badam burnini torta-torta chopib yurishibdi. G‘ozlar galasidek g‘ala-g‘ovur shovqinsib o‘ynayotgan bolalar ilkis jimib qolishadi. Nishablikka tepilgan to‘p o‘z holicha iziga qaytib shundoqqina bolalar oyog‘i orasidan yumalab ketdi.
Osmonga nigohi qadalgan Nortoyning ko‘zlari halqa-halqa yoshga do‘ndi. Lojuvard kenglik ichra o‘zidan oppoq iz qoldirib samolyot uchib bormoqda. Bolalar ichida kimdir chuqur-chuqur xo‘rsinar, kimdir og‘ir so‘lish olardi. Eski, kiyilaverib yaltirab yag‘iri chiqib ketgan kurtkasining zamogini goh tepaga, goh pastga tushirib ermaklayotgan o‘n yoshlar atrofidagi jingalak sochli, tim qora teran ko‘zli, o‘rta bo‘yli jikkakkina Nortoy tengqurlariga zimdan ko‘z tashladi.
Shu payt adir manglayida, qoshi-ko‘zi pilikdek, bitta qilib o‘rilgan kashtanrang sochlari ipak ro‘moli ostidan chiqib beli uzra nag‘malanib turgan qiz ko‘rinadi. Yuvilaverib, ohori to‘kilgan qirmiz gulli ko‘ylagi ustidan, ilib olgan yengsiz, astari uvada nimtasining yirtiq-yamoq joylarini kaftlari bilan berkitgan ko‘yi atrofga alanglaydi. Kaftini peshonasiga tirkab maydon o‘rtasida uymalashib turgan bolalar tomon ovoz beradi.
– Nortoyu-uv! Hoy Nortoy!
Nortoy ko‘zlarini pirpiratib, yutinib olgach, baland ovozda chaqiriqqa javob qaytaradi.
– Ho-ov?
– Kech bo‘ldi. Qo‘y-echkilaringni haydab kemaysanma?
– Xo‘p, hazir boraman!
Bolakay qir betida to‘ydagi sochmadek sochilib, joyma-joy o‘tlab yurgan qo‘y-echkilari sari odimladi. Zum o‘tmay qo‘y-echkilarini oldiga solib, do‘nglik ustida poylab turgan opasi yoniga keladi. Mehrinoz uni jilmaygancha qarshilar ekan:
– Keldingmi Toy, – deya sochlarini yengil siypalab qo‘ydi. Bunga javoban tasdiq ma’nosida bosh irg‘agan Nortoy, indamaygina suruv ortidan ergashadi. Bir necha odim otgach, to‘satdan nimadir yodiga tushganday to‘xtab, ilkis ortiga qayrilib opasiga qaraydi:
– Opa… tirik yetim, degani nima?
Qiz Nortoyning og‘zidan chiqqan bu so‘zdan so‘ng, go‘yo tosh qotgan tog‘lardek serrayib, holsiz turib qoladi. Bu so‘z beixtiyor qizni xotiralar komiga sudrab ketadi.
* * *
Mehrinoz tunda uyg‘onib, tepasida yig‘lab o‘tirgan onasiga ko‘zi tushdi. Tushimi, o‘ngimi anglolmay biroz dovdirab, ko‘zini barmog‘i bilan ishqalagan kuyi onasidan so‘radi.
– Ena, nima bo‘ldi?!
Yig‘idan o‘pkasini bosolmay Nursuluv tutilib-tutilib javob qaytardi.
– O‘zim…o‘zim qizim. Bezovta bo‘lma, uxlay qol.
Mehrinoz yostiqqa bosh qo‘ygach ham onasi piqillab yig‘lashdan to‘xtamaganini eshitib hayronlari sarson bo‘lib yotdi. Azbaroyi uyqu zo‘rlik qilib, yana ko‘zi ilinganida onasining beozor turtkilashidan erinibgina ko‘zini ochdi. Uxladimi, yo‘qmi bilmay qoldi. Shuurida ko‘zlarini bir yumib ochgandek bo‘ldi. Allaqachon fason bo‘lib olgan ayol xuddi muhim sirni yashirgandek, ko‘rsatkich barmog‘ini lablariga bosib, uni o‘ziga imladi.
– Jim, ukalaring uyg‘onib ketmasin, – deya shivirlab uyqusi ochilmagan qizni ayvonga yetaklab chiqdi. Nima bo‘layotganini anglay olmagan Mehrinozni ikki kiftidan tutgancha ayol pichirladi.
– Mehrijon men Maskovga ketayapman, qizim!
Qiz hayrat aralash uyqusi o‘chib katta-katta ko‘zlari bilan onasiga tikildi.
– Qanday qilib… bu nima deganingiz ena?
Ayol yig‘idan qizargan ko‘zlaridagi yoshni yengi bilan arta-arta, so‘niq bir ovozda javob berdi.
– Otang menga ish tovubdi.
Qiz yum-yum yig‘lab, onasining qadoq qo‘llarini tutdi.
– Biz-chi ena?
Ayol, iztirobini ko‘rsatmaslik uchun o‘zini zo‘rma-zo‘raki tutib, qizining peshonasiga tushgan sochlarini barmog‘i bilan tarab, yasama jilmayib javob qildi:
– Senga nima qipti ona qizim, kap-katta qizsan-ku! Seni yoshingda men nimalar qilmasdim?! O‘hho‘ butun ro‘zg‘orni bir o‘zim eplaganman. Katenanglar bu yoshida erga tekkan. Seni qara-yu, Mehri…
– Bormasangiz bo‘maydimi, ena?!
– Seniyam bo‘ying yetib qoldi qizim, erta-indin to‘y qilishimiz kerak. Innaykeyin uyimizni ahvoliga qara? Qattiqroq shamol tursa ag‘nab ketadiganday. Qishin bo‘yi chakillab suv oqadi, sag‘ana. O‘zing o‘yla, na molimiz, na holimiz bor. Sal yeg‘insak, sal oyoqqa tursak bo‘ldi.
Keyin men shu yerdan qimillamayman. Sen ozgina chida, hali “ena” deyishga ham ulgurmaysan…
– Axir ena…
– Bas qilgin! Yosh bola bo‘lma! Ukalaringga yaxshilab qara. Madina hali jishgina[1], har qadamidan baxovar bo‘l! Oqshomlar o‘qtin-o‘qtin
to‘sib ol. Tag‘in siyib qo‘yib shamollab qolmasin. Hushyor qaynagin, xo‘pmi.
– Ena…
– Quloq sol, oyna[2]! Joniqul amakingni ayoli Nozima chechangga tayinladim. Osh-ovqatlaringga qarab turadi. O‘zingam, eslikkina bo‘l! Uy-joyni qo‘qitmay[3], saranjomgina tutgin, maylima!?
– Enajon, bormang shu Maskovga, biz sizsiz qanday tirilik qilamiz?..
– Eshit…eshit jon qizim. Nortoyni ko‘p urishma yig‘lasa aldab-suldab ko‘ndir, xo‘p-ma!
Nursuluv qizining gapini bo‘lib, gapirar edi-yu, ko‘zlaridan shashqator yoshi tinay demasdi.
– Ukalaring uyg‘onmay ketishim kerak, bo‘lmasa qiyomat qiladi.
Nursuluv safar oldidan Mehrinozning peshonasidan o‘pib, yo‘lxaltasini ortmoqlab, bir necha qadam tashladi. So‘ng, yuklarini yerga tashlab, otilib qizini qattiq bag‘riga bosdi. Yuzi-ko‘zidan to‘yib-to‘yib o‘pdi. Keyin alam, achchiq aralash zarda bilan ortiga qayrilib, yelkalari silkina-silkina uyidan uzoqlashdi. Nursuluv ketib borar, ortiga qaramasdi. Mehrinoz onasining to qorasi ko‘zdan yo‘qolguncha umidvor tikilib turdi. U Nursuluvning bunday osongina ketishiga ishonmasdi. Hozir yana ortiga o‘griladi-yu, “bas, hech qayerga ketmayman, ordona qolsin Maskovi” deyishini kutardi.
Ammo uning qorasi soy yoqalab borib, avval gardishdek, so‘ngra nuqtadek bo‘lib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Mehri onasini olib ketgan yo‘ldan nigohlarini uzolmay hissiz va ifodasiz muk tushib qoldi. Qo‘llarini oldinga cho‘zib, bor kuchi bilan “Ena”, deya hayqirdi. Ammo bu hayqiriq qiz kabi holsiz va sassiz ediki, uni o‘zidan boshqa hech kim eshitmadi. Shu alfozda qancha turdi yodida yo‘q. Nortoyning “opa-opa” deb, turtkilashidan o‘ziga keldi.
O‘choqqa o‘t qalab ilitmani ukalariga yedirdi.
Maktabga ketish oldidan Madinani qo‘ltiqlab Nozima yangasini eshigini qoqdi. Uyquli ko‘zlari bilan eshik ochgan ayol xushlamaygina, irkanib hali uch yoshga ham to‘lmagan go‘dakni qo‘liga oldi.
– Darsing tugashi bilan tezgina qayt! Singlingni po‘pilashdanam boshqa ishim ko‘p, – dedi zarda aralash.
Darslar sob bo‘lishi bilan Mehrinoz birinchi sinfga qadam qo‘ygan Nortoyni tortqilab yangasining uyiga chopdi. Ensasini qotirgancha qarshilagan Nozima, ishtonchasini ho‘llab qo‘ygan Madinani siltab-siltab, burnini jiyirgancha tuproqqa o‘tqazib qo‘ydi. So‘ngra, o‘zining Madinadan kichik bolasini qo‘liga olib zarda bilan irg‘ishlar ekan, singlisiga qo‘l cho‘zib borayotgan Mehrinozga iddao bilan to‘ng‘illadi.
– Oshiqma, bor ustingdi almashtirib kel! Singlingni deb, qancha ishim qolib ketdi. Avval hovlini supur, kosa-tovoqqa qara. Tovuqlarga don sepib, mollarni ostini kura.
Yangasidan bunday muomala ko‘rmagan Mehrinoz bir muddat parishon turib qoldi.
– Hoy, tirik yetim! – shang‘illadi ayol. – Nima garangmisan, ammamni buzog‘iga o‘xshab, lalaymay tez-tez qimirla!
– Yanga…nimaga o‘zgarib qoldingiz? Nimaga unday gapirayapsiz?
– Ha, nima kutuvding? Bovuriga bosib, og‘zimga novvot choy tutadi, deganmiding!
– Men yetimmasman-ku!
– Yetimdan nima kaming bor, otang bormi yo enang bormi, qani ular? Jo‘g‘olib jo‘yni o‘chib ketdi-ku! Avvalasi nonto‘rvani ko‘paytirib netaydi. To‘qqan ekan balo bormidi, hadaganglab Maskovga ketishga. Satqai sar senlar yetimmas, tirik yetimsilar?
– Joniqul amakim ham Rossiyada-ku!..
Nozima quyushqondan chiqib, chakka tomirlari bo‘rtgan kuyi big‘illab baqirib berdi.
– Meni maynamga chiqma, bor yo‘qol! Ishni qil! Hali ovqatam qilishing kerak!
Mehrining ko‘ksida eshilgan bir og‘riq turdi. Bu og‘riq ko‘zlariga-da qalqib chiqib, “o‘lay senga, o‘lay senga”, deya girgitton bo‘ladigan yangasiga tikilib qoldi…
– Eshitmadingmi?
Mehrinoz o‘pkasi to‘lib uylari tomon chopib ketdi. Ortidan Nozima yangasining shang‘illagan ovozi eshitildi.
– Bir oyog‘ing borsin, bir oyog‘ing qaytsin, tushundingmi?!
[1] Qushlarning hali pat chiqarmagan bolasi.
[2]Aylanay so‘zining erkalash ma’nosidagi qisqartmasi.
[3] To‘zg‘itmay.
Mehrinoz shu kundan boshlab, ikki ro‘zg‘or ishini yelkasiga oldi. Jikkakkina jussasi bilan ovqat qilishni, yer chopib, mol qarashni, kir yuvib dazmol urishni va yana sabr-toqat bilan bola boqishni o‘rgandi.Esini tanib-tanimagan Nortoy ham dastyorlik qila boshladi.
* * *
– Hoy, meni eshitayapsizmi opa? Tirik yetim nima degani, – Mehrinozni bilagidan turtdi Nortoy.
– Ha, ha eshitayapman Toy! Bu gapni qaydan olding? – deya pichirlagan bir tarzda so‘radi Mehrinoz.
– Anavi, Sodiq mashak kimnidir shunday deb shaloq qildi-da! Shunga aytuvdim.
– Bu yomon gap Nortoyjon, sen ularga parvo qilma, xuddi Emin buvaning kuchugiday o‘tgan, ketganga akillab qo‘yaveradi.
Bir muddat o‘ychan ko‘rinishda gap-so‘zsiz qiyalikdan pastlay boshlashdi. Nortoy aytsammi yoki yo‘qmi, deya birpas kalovlanib turdi-da so‘ngra, opasini yana so‘roqqa tutdi.
– Opa, biz yomonmizmi?
– Voy, gaping qursin, nimaga unday deysan?
– Otam bilan enam bizni sog‘inmaydi?
– Sog‘inadi… telefon qilganida enam rosa yig‘laydi.
– Bo‘lmasa nimaga kelmaydi?
– Keladi, hali keladi… oz qoldi.
– Kelarmikin?
– Enam aytdi shu kuzlarga kelar ekan.
– O‘tgan yili ham shunday degich edingiz.
– …
Ular tepalik ortiga alvonmonand botayotgan quyoshga sas-sadosiz termilgancha, bir muddat jim bo‘lib qolishadi.
– Opa…
– Yana nima deysan?
– Otamni yuzini eslolmayapman.
– Nimaga eslolmaysan, jinni! Uyda rasmi bor-ku!
– Aytaman-da, u rasmi eski hozir o‘zgarib ketgandir!
Mehrinozning ko‘zlariga yana iztirob qalqidi. Alam aralash kulimsirab, yolg‘ondakam gina bilan Nortoyning yuzlaridan chimchilab qo‘ydi.
Ular ildam odimlab, qo‘ylarni uy biqinidagi qo‘ra tomon haydab ketishdi.
Tunda chaqmoq chaqib, momaqaldiroq gumburladi. Nortoy uyqu aralash cho‘chib alahsiradi.
– Qo‘rqib ketayapman, ena qayerdasiz? Otamga ayting, meni quchoqlab yotsin!
Mehrinoz tizzasi bilan yurib borib, ukasini bag‘riga tortdi. Sochlarini ohista-ohista silab shivirladi.
– Qo‘rqma bolam men shu yerdaman, enang aylansin sendan!
– Enajon, – deya, Nortoy opasini qattiq quchoqladi, – sizni biram sog‘indim-ay, kemaysiz deb o‘ylovdim, – dedi.
– Qo‘rqma, uxlay qol, – shivirladi Mehrinoz. Nortoy ilkis uyg‘onib, bir lahza sinchkov nigoh bilan o‘zini quchib turgan opasiga qarab turdi.
– Siz… enam qani?
Mehrinoz nima deyishini bilolmay ukasini yana-da qattiqroq bag‘riga bosdi. Nortoy uning javobini kutib o‘tirmay o‘zidan nari itardi.
– Keting, siz enammassiz!
– Nortoyjon axir opangman-ku!
– Nari keting, men yosh bolamasman!
Mehrinoz o‘ksik bir ohangda “xo‘p” deya pichirlab o‘z o‘rniga borib yotdi. Uning nazdida momaqaldiroq ovozi tobora kuchayib borayotgandek tuyuldi. Nortoy ko‘rpasiga butkul burkanib oldi. Ammo, chaqmoq zim-ziyo tun mehvarini har yoritganda, Nortoyning ko‘rpa ichida dag‘-dag‘ qaltirayotgani yaqqol ko‘rinib turardi. Mehrinoz tag‘in chidamadi. Tag‘in ukasini ko‘rpasi ustidan quchib yotdi. Nortoy qaysarlik qilib bir necha bor, opasining qo‘llarini siltab tashlab uning quchog‘idan yulqinib chiqishga urinib ko‘rdi. Biroq har daf’a Mehrinoz uni battar quchib olaverdi. Nortoyning yelkalari silkindi, badani titradi, so‘ng tinchlanib uxlab qoldi.
Ertasi kuni Mehrinoz maktabdan kelib, ro‘zg‘or va chorva yumushlariga andarmon bo‘lib ketdi. Bir mahal yodiga Nortoyning hali uyga kelmagani tushib qoldi. Qishning kuni bir tutam. Tezda qosh qoraydi. U halloslab, ko‘chaga ukasini qidirib chiqdi. Ming bir hadik va talvasada bir necha qir oshib, uni Meli cholning do‘ngidan topdi. Nortoy bir to‘da bolalarga esh bo‘lib, sirpanchiq uchish bilan band edi. Oyoq kiyimidan tortib, usti boshigacha jiqqa ho‘l bo‘lgan. Mehrinoz uni koyib-koyib uyga olib keldi. Kiyimlarini almashtirib, pechka yonidan joy soldi. Issiq-issiq choy ichirdi. Ammo oqshom chog‘i ukasining alahlagan ovozidan seskanib uyg‘ondi. Nortoyning cho‘g‘dek badanini ushlab, “dodlab” yubordi.
– Ena…enam qani? Enamga boraman, – erovlardi Nortoy.
Bu og‘riq, bu nola uni xuddi tok urgandek titratib, yuragining eng tubiga qadar kirib bordi. Lop etib xotiralar jonlandi.
* * *
Har galgidek maktabdan so‘ng, Mehrinoz yangasining uyiga kirdi. Hovliga oyoq oshirar oshirmas chuchuk tillari bilan chuldirab, piq-piq yig‘lagancha Madina qarshi oldi.
– Enamga boyaman?!
– Nima bo‘ldi senga, – qo‘rqinch bir hovliqish bilan so‘radi Mehrinoz. Tuxum surtib, uvada latta bilan bog‘lab, bo‘yniga osib qo‘yilgan Madinaning qon yuqi qotib qolgan bilakchasiga tikilib.
– Jo‘jalarni quvlayman deb, yiqilib tushibdi. Qo‘li singanga o‘xshaydi. Bog‘lab qo‘ydim, – deya izoh berdi Nozima uy zinapoyasida beliga qo‘lini tirkab, xotirjam qosh chimirgancha.
– Yo‘o‘, itayvoydi, – deya najot kutgandek Mehrinozga mo‘ltiradi Madina.
– Kim? Kim itarib yubordi, – o‘smoqchilab so‘radi Mehrinoz.
Madina qo‘rqa-pisa ko‘rsatkich barmog‘i bilan Nozimaga ishora qildi.
– Men senga nima devdim, – deb yer tepinib, dag‘dag‘a qildi, Nozima Madinaga o‘qrayib. Madina qo‘rqib, opasining ortiga bekindi.
– Yanga, itarib yubordi deyapti-ku! – Yig‘laguday bo‘lib Nozimaga jovdiradi Mehrinoz.
– Yosh bola-da, nima deyayotganini o‘zi bilmaydi, jo‘ja quvlab yiqilib tushdi, dedim-ku!
– Uni do‘xtirga oborish kerak, yo siniqchigami?
– Vohima qima, yosh bolani eti tez bitadi. Tuzalsa yaxshi bo‘p ketadi.
– Hali bu go‘dak-ku, men yo‘g‘imda ozgina yaxshi qarasangiz nima qiladi?
– Sen meni nimaga tergayapsan? O‘tkazib qo‘ygan joying bormi? Tiling chiqib qoptimi sen ipirisqini. Uch oy deganda ota-enang o‘lay-o‘lay
deb bor yo‘g‘i yuz do‘llar jo‘natishdi. Shuyam pul bo‘ptimi, ko‘chada farroshlik qilsam ham bundan ko‘proq topaman. Yoqmasa ana o‘zing qara, bu jinqarchangga! Hammang jonimga tegding o‘zi.
– Axir bunda nima ayb, yanga?
– E, bor gapni ko‘paytirma jipiriqcha, undan ko‘ra bilib-bilib ishingni qil, kaltak yeysan bo‘lmasa.
Mehrinoz noiloj mung bir qiyofada yana ishga sho‘ng‘ib ketdi. Ertasi kuni Madina betoqat g‘ingshiyverdi. Mehrinoz tong saharlab yangasidan yashirincha Madinani yelkasiga opichib qishloq adog‘i tomon yo‘lga tushdi. Qishloqning quyi kungay tarafida Muzaffar do‘xtirning uyi bor. Uning uyiga yolg‘izoyoq yo‘ldan kesib chiqsa bo‘ladi. Ammo bu tepalik yangasining uyidan yaqqol ko‘rinadi. Madina yo‘l ayrisida biroz kalovlanib turgach, tavakkal qilib yolg‘izoyoq yo‘lga burildi. Yo‘l bo‘yi, ishqilib yangam uyg‘onib qolmasmikin, degan hadik bilan alanglab ketdi. Yetib borgach, tinmay eshik qoqib chaqiraverdi.
– Voy, vovay, sekinroq, chiqayapman mana. Odamlar buncha besabr-a, – deya norozi kayfiyatda shoyi ro‘molini peshonasiga tang‘ib bog‘lab olgan ayol eshik ochdi.
– Assalom alaykum, momojon do‘xtir buva uydami?
– Voy aylanay, bu kishim hozir do‘xtirligi u yoqda tursin hatto, o‘zini kimligini ham eslayolmaydi. Kecha ulfatchiligi zo‘r bo‘gan, qurib ketsin!
Shuning uchun choshgoh mahalmi yo peshindami xabar ol!
– Jon Momojon, shu singlimga rahmingiz kesin, bir amallab uyg‘otib chiqing, iltimos!
– Voypay-ay, qizim qaysar ekansan! Bu kishimni qulog‘ini ostiga hozir Amir Olimxon kelib, zambarakdan o‘q otsa ham uyg‘onmaydi.
– Mana buni oling, uyimizdagi bor pulni olib keldim, – deb Mehrinoz kaftidagi bir siqim pulni do‘xtirning ayoliga tutqazdi. Ayol pastki labini tishlab, bir ko‘zini xiyol qisgancha bir Mehrinozga, bir holsizgina qaltirab turgan Madinaga tikildi.
– Mayli, qo‘ymading-qo‘ymading, bir unnab ko‘raman!
Ayol yo‘l-yo‘lakay og‘ilxona biqinidagi paqirni tunning sovug‘i cho‘kkan xandaq suviga botirib olib ichkariga kirib ketdi. Sal turib ayolning “tura qoling endi”, deb javrashi, uning ortidan erkak kishining so‘kinishi eshitildi. So‘ngra sharillab to‘kilgan suv ovoziga hamohang “voy-voy”lagan erkakning dodlagani quloqqa chalindi. Bir pas turib Muzaffar do‘xtir ko‘chaga yarim yalang‘och otilib chiqdi.
Ustiga kiyimini ilib, to‘ng‘illagancha boshini qashlay-qashlay hovli etagidagi taxta karavotga cho‘kdi, Muzaffar do‘xtir beri kelinglar degandek qo‘li bilan ishora qiladi. Shunga ilhaq turgan Mehrinoz bir lahzada pildirabgina do‘xtirning qarshisida paydo bo‘ldi. Muzaffar do‘xtir gezargancha qizga qarab tushuntirdi.
– Bu yer do‘xtirxonamas qizim, bu joyda bemor qabul qilishga haqqim yo‘q. No‘log yoki Sessga o‘xshagan biror tashkilot bilsa bormi, naqd terimga somon tiqishadi.
– Men rayonga borishni bilmayman-da do‘xtir buva… pulimizam yo‘q.
– Ota-enang qayerda?
– Maskovda.
– Tushunarli, qani beri kel-chi, kichkintoy qayering og‘riyapti.
– Ko‘yim…
Muzaffar do‘xtir boshi tars yorilgudek bo‘lib inqillay-sinqillay qizchani singan bilagini ko‘zdan kechira boshladi. Dam-badam boshini sermab-sermab, ko‘zini jo‘laytirib ensasini qotirarkan, goh taajjub bilan “Hmm-hmm” deb ma’noli bir nuqtaga ko‘z tikib qolardi.
– Qachon bunday bo‘ldi?
– Kecha.
– Nega darrov olib kelmadinglar?
– Haligi…biz… – Mehrinoz nima deyishini bilmay dovdirab qoldi.
– Vaziyat jiddiyga o‘xshaydi. Qanday tushuntirsam ekan, uni qo‘lida ochiq sinish alomatlari bor. Buni shaharga oborish kerak!
– Do‘xtir buva o‘zingiz bir amallab tuzatib bera qoling! Men yo‘lni bilmayman.
– Sen yo‘lini bilmasang, biror qarindoshing bilar.
– Qarindoshlarimiz uzoqda yashaydi. Men ularni uyini bilmayman-da.
– Bu yerda hech narsa qilolmayman.
– Iltimos sizdan o‘zingiz tuzatib bera qoliing, axir siz ham do‘xtirsiz-ku!
Muzaffar do‘xtir chuqur xo‘rsinish bilan boshini changalladi:
– Mayli… qo‘lini gipslab beraman. Besh kundan so‘ng olib kelasan, xo‘pmi?
– Xo‘p…
Shundan so‘ng, Mehrinoz ro‘zg‘or tashvishlariga ko‘milib yana to‘rt kunni o‘tkazdi. Ammo Madina sira injiqligini qo‘ymadi. Mehrinoz nima qilishni-da, dardini kimga aytishni-da bilmasdi. Muzaffar do‘xtirnikiga olib bormoqchi ham bo‘ldi. Lekin, bir kun qoldi-ku, ertaga olib boraman degan xayol bilan o‘ziga taskin berdi. O‘sha kuni tun yarmidan og‘sada Madinaning chirillab yig‘lashi tinmadi. Uni qo‘liga olib, ovutishga tutinar ekan, singlisining tanasi o‘t bo‘lib yonayotganini his qildi. Yuragi hapqirib, yalang bosh, yalang oyoq yangasini uyiga yugurdi. Shosha-pisha hech narsani o‘ylab ham o‘tirmay to‘g‘ri yangasini uyiga bostirib kirdi. Ostona hatlagancha beixtiyor toshdek qotib qoldi.
Xira, miltillab turgan chiroq yorug‘ida yangasi allaqanday begona erkak quchog‘ida uxlab yotardi. Bu chirkin va naslikdan uning ko‘ngli ag‘darilib kela boshladi. Oyoq uchida tashqariga oshiqarkan, hovliga chiqar-chiqmas “g‘orq” etib, yegan ichganini qayd qilib tashladi. Aqlu xushi boshidan uchgan Mehrinoz, bu yerga nega kelganligini ham butkul esidan chiqarib, shalviragan kuyi ortiga qaytdi.
Mehrinoz goh o‘ziga kelib, goh xushidan ayrilgancha alahlab “Ena…ena”, – deya onasini chorlayotgan qizaloqning qoshida zabonsiz muztar turib qoldi. Xayolchan nima qilarini bilmay kalovlangan qiz istar-istamas singlisining bilagidagi gipsni qat-qatidan ajrata boshladi. U yoqimsiz va qo‘lansa bir isning kuchayib borayotganiga guvoh bo‘ldi. Gipsning oxirgi qatlami bilan qizaloqning allaqachon yiringlab sob bo‘lgan, ko‘karib, bo‘zargan qo‘li ham shop etib yerga tushdi. Mehrinoz jon holatda dod solib, yana qanday qilib yangasini uyiga kelib qolganini bilmay qoldi. Nozima, eshikning tinimsiz taqillashidan fig‘oni falak bo‘lib chiqib kelarkan, o‘dag‘ayladi:
– Ha, nima deysan, senlarni deb kechasi ham tinchlik yo‘q ekan-da!
– Yanga Madina o‘layapti, iltimos uni do‘xtirga olib boraylik.
– Nima deyapsan o‘zingdan o‘zing? Madinani emas seni oborish kerak do‘xtirga, oxirgi paytlar toming ketayapti, o‘zi. Soat necha bo‘lganini bilasanmi?
– Yo‘q siz tushunmayapsiz yanga, u o‘lib qoladi.
– Odam ham hech zamonda oddiy qo‘l sinishidan o‘larkanmi? Ho‘q ham urmaydi. Vahima qilma, bor uyingga!
– Yangajon qo‘li…
– Daf bo‘l, dedim! Ertaga boraman.
U zarda bilan Mehrinozning yuziga eshigini yopib qo‘ydi.
Nozima choshgoh mahal tongda uyini supurib, chorvasiga qarash uchun kelmagan Mehrinozni qarg‘ana-qarg‘ana axtarib kelib, jonsiz Madinani quchoqlagan kuyi, yum-yum yig‘lab, telbanamo tebranib o‘tirganini ko‘rdi.
* * *
– Ena…Ena qayerdasiz? Enamga boraman, – takrorladi Nortoy og‘riqdan dag‘-dag‘ qaltirab.
– Yo‘q, bu safar qarab turmayman – dedi Mehrinoz yanoqlariga oqib tushgan yoshlarini kafti bilan sidirib. Nortoyni egniga alay-balay qalin kiyimlarni kiydirib, o‘zi otasining kirza etigini oyog‘iga ildi.
– Mahkam ushla, xo‘pmi, – deya bot-bot tayinladi o‘sha onasini olib ketgan yo‘ldan qiyalik tomon tushib borar ekan Mehrinoz.
– Ena?
– Hov bolam…
Abdulla CHIMIRZAYEV