2025-yil 5-fevraldan Rossiyaning Ma’muriy huquqbuzarliklar kodeksiga kiritilgan navbatdagi o’zgartishlar kuchga kiradi. Ushbu o‘zgarishlarning biriga ko‘ra, chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo’lmagan shaxslarni Rossiyadan chiqarib yuborish huquqiga ega bo’lgan mansabdor shaxslar ro’yxati kengaytirilgan. Shu munosabat bilan, aynan qaysi mansabdor shaxslar huquqbuzar migrantlarni Rossiyadan chiqarib yuborishi mumkinligiga aniqlik kiritib o‘tamiz.
2025-yil 5-fevralgacha migrantlarni Rossiyadan chiqarib yuborish vakolati sudyalarga va chegara xizmati xodimlariga tegishli bo‘lgan. Chegara xizmati xodimlari Rossiyaga kirishda huquqbuzarlik sodir etgan migrantlarni “выдворение” qila olishi qonunda ko‘rsatib o‘tilgan.
5-fevraldan boshlab esa muhojirlarni qilishga Rossiyadan sudsiz “выдворение” qila oladigan mansabdorlar quyidagilar:
• Rossiyada ichki ishlar hududiy boshqarmalari va ularga tenglashtirilgan “МВД” boshliqlari, ularning o’rinbosarlari;
• jamoat tartibini saqlash bo’yicha politsiya bo’limlari boshliqlari va ularning o’rinbosarlari;
• politsiyaning hududiy bo’limlari (bo’linmalari, punktlari) boshliqlari, ularning o’rinbosarlari;
• transport politsiyasi bo’limlari (boshqarmalari) boshliqlari, ularning o’rinbosarlari;
• Rossiya IIV markaziy apparatining migratsiya masalalari bo’yicha bo’linmasi rahbari, uning o’rinbosarlari;
• Hududiy organlarning migratsiya masalalari bo’yicha tarkibiy bo’linmalari rahbarlari, ularning o’rinbosarlari;
• Hududiy organlarning narkotik moddalar aylanishini nazorat qilish bo’yicha tarkibiy bo’linmalari rahbarlari, ularning o’rinbosarlari va boshqalar.
Demak, Rossiyadan muhojirlarni faqat politsiyada rahbar yoki rahbar o‘rinbosari bo‘lib ishlaydigan xodimlargina mamlakatdan chiqarib yubora oladi.
Biroq ta’kidlab o‘tish joizki, politsiyachilar migratsiya qoidalari uchun emas, balki bir qator ma’muriy huquqbuzarliklar uchun ham chet elliklarni Rossiyadan deport qilishi mumkin. Masalan, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi, tashish, iste’mol qilish va targ’ib qilish (RF MHK 6.8, 6.16.1, 6.9 va 6.13-moddalari), noan’anaviy jinsiy munosabatlar va pedofiliyani targ’ib qilish (RF MHK 6.21 va 6.21-moddalari), vijdon va e’tiqod erkinligi to’g’risidagi qonunchilikni buzgan holda missionerlik (RF MHK 5.26-moddasi 5-qismi), stadionlarda o’zini tutish qoidalarini buzish (RF MHK 20.25-moddasi), hovlilarda, yo’laklarda, parklarda va boshqa jamoat joylarida spirtli ichimliklar iste’mol qilish (RF MHK 20.20-moddasi).
Ba’zi hollarda, masalan, noan’anaviy munosabatlarni targ’ib qilishda, politsiyachi sanksiyalarni faqat «huquqbuzarlik belgilari bevosita aniqlanganida» qo’llashi mumkinligi haqida eslatma mavjud.
Qonun loyihasiga tushuntirish xatida aytilishicha, politsiyachilarga ushbu huquqning berilishi maqsadlaridan biri huquqbuzarlarni sudlarga olib kelishga sarflanadigan «vaqt va moliyaviy xarajatlarni» qisqartirishdir.
Mazkur o’zgartirishlarni amalga oshirish maqsadida Rossiya IIV ba’zi buyruqlariga o’zgartishlar kiritib o‘tgan.
Zarnigor Omonillayeva