
Rossiyada yangi qoidalar tayyorlanmoqda: Ichki ishlar vazirligi maktabda o‘qimayotgan yoki rus tilidan majburiy imtihondan o‘ta olmagan chet ellik bolalar haqida ma’lumot olishni boshlaydi.
Ma’lumotlar «Моя школа», Migratsion qayd, ЕПГУ va boshqa ma’lumotlar bazalaridan to‘planadi. Bunda Ta’lim vazirligi, Raqamli rivojlanish vazirligi, Rosobrnadzor va mintaqaviy hokimiyatlar ishtirok etmoqda.
Davlat Dumasi 2025-yilning yozida ma’lumotlar almashinuvi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Qonunga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi migratsiya qaydiga olingan bolalar ro‘yxatini maktablarga yuboradi. Maktab va kollejlar esa bolani qabul qilingani yoki qilinmagani haqida hisobot berishlari kerak.
Bu chora-tadbirlar Prezident Vladimir Putinning 2024-yil oktyabrdagi ko‘rsatmasi bilan bog‘liq. Maqsad – migrant bolalarning Rossiyadagi hayotga tezroq moslashishini ta’minlash.
Rosobrnadzor ma’lumotlariga ko‘ra, vaziyat hozircha muammoli. Chet ellik bolalarning atigi 12,6 foizi rus maktablarida o‘qiyapti. 2025-yilning aprelidan avgustigacha ota-onalar 23,6 ming nafar bola uchun hujjat topshirgan bo‘lsa, atigi 8,2 ming nafari to‘liq hujjatlar to‘plamini taqdim etgan. Rus tili bo‘yicha imtihon topshirgan 5940 nafar bolalarning faqat yarmi o‘tgan.
Muhojir ota-onalar barcha hujjatlarni o‘z vaqtida topshirishlari va farzandlarini testga tayyorlashga yordam berishlari kerak. Bundan buyon maktabga bormayotgan har bir bola haqidagi ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligiga yuboriladi.