Rossiyada ishlayotgan muhojir ayollar soni kundan kunga ortib bormoqda. Shu bilan birga ular yuzlashayotgan muammolar ham ko‘p. Muhojir ayollar odatda og‘ir, normalashtirilmagan sharoitda ishlaydi. Erkaklar ham shunday qiyin sharoitda ishlaydi, deyishingiz mumkin. Ammo ayol muhojirlarning shunday qiyinchiliklari borki, ular bilan erkak muhojirlar umuman hech qachon yuzlashmagan bo‘lardi. Masalan, ish joyida, mehnatda ayol muhojirlar uchraydigan diskriminatsiya mavjud. Ish haqi, ish natijalarida rag‘batlantirilish, salomatlik, ishdagi kiyim, karyeradagi o‘sishda muhojir ayollar ko‘plab ajratishlar, to‘siqlarga duch keladi.
“Ayollarning professional qobiliyatlariga shubha bilan qarashadi”
Samarqandlik Shodiya (ismi o‘zgartirilgan-tahririyat) uzoq vaqt o‘z kasbini topa olmay turli joylarda ishlagan. Biroq oxirgi bir necha yil davomida qurilish sohasida, uylar ta’mirlash bilan shug‘ullanib keladi.
“Men suvoqchilik qilaman. Bezash ishlarini yaxshi o‘rganib, yaxshi ishlaydigan bo‘lganman. Lekin doim buyurtmachilar ayolligimni, migrantligimni ko‘rib, “zakaz” bergisi kelmaydi. Menga jiddiy qarashmaydi. Rosa xafa bo‘laman. Lekin vaziyatdan chiqish kerak. Shunga ukamni olib yuraman. U faqat buyurtmachilar bilan gaplashish uchun men bilan birga boradi. Qolgan hamma ishni o‘zim qilaman, u kerakli asbob-uskunalarni berib turadi. Shunaqa. Lekin “zakazchik”lar uni brigadir deb o‘ylaydi. Aslida men boshliqman. Rostini aytsangiz, zakaz ololmaysiz. Shunga shunaqa qilaman. Odam ajratish-da buyam. Erkaklarga bunaqa ishonchsizlik yo‘q. Ayol bo‘lganimga, bo‘lib hamki migrant ayol bo‘lganimga “zakaz”larni katta pul deb, menga berishmaydi, yaxshi remont qilishimga, yaxshi qilib berishimga ishonishmaydi. To‘g‘risi, bir marta rus bo‘yoqchi xotin bilan gaplashganman. U o‘zi olarkan “zakaz”larni. Unga ishonishadi-da, chunki uning “grajdanstvo”si bor. Menga ishonishmaydi, chunki men ularni ko‘zida kelgindiman, yana ayolman.”, deydi Shodiya.
Professional ishonchsizlik, ayol mutaxassislarning kasbiy salohiyatiga bo‘lgan shubha nafaqat muhojir ayollar, balki rossiyalik ayollarning ham katta muammolaridan biri. Ayollarning boshqaruv ko‘nikmalari yo‘qligi, mutaxassis bo‘la olmasliklari bo‘yicha stereotiplar nafaqat Markaziy Osiyo, balki Rossiyada ham haligacha mavjud. Muhojir ayollar ham ushbu stereotiplarning ikki karra qurboni. Chunki ular ayol bo‘lishlaridan tashqari, muhojir ham. Muhojirlikdagi ayollar bunday ajratishlarni yengib o‘tishga majbur…
“Ro‘molni yechsang, ishga olaman”
Omina Aslonova (ismi-sharifi o‘zgartirilgan – tahririyat) ikki farzandini yolg‘iz o‘zi katta qiladi. Buxorodan kelib, Rossiyada ishlashni boshlaganiga 10 yildan oshdi. Kelganidan buyon nafaqat tilni yaxshi o‘rgandi, balki ipotekaga Moskvadan kvartira olishga, doimiy yashash ruxsatnomasini (VNJ) rasmiylashtirishga ham erishdi. Biroq shunga qaramay, haligacha e’tiqod masalasida va O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgani uchun diskriminatsiyaga uchrab keladi.
“Ishga ro‘molim tufayli olishmadi. Eski joyim zo‘r edi, Wildberris omborida ishlardim. Reydlar ko‘p bo‘lardi. Shundan keyin “VNJ”im borligi va qonuniy ishlayotganim, ishchi sifatida reytingim baland ekaniga qaramay, ishdan haydab yuborishdi. Bir kunda hamma migrantlar haydaldi. Lekin keyinroq ishchi kuchi yetishmagani uchun“VNJ”si bor erkak migrantlarni yana ishga olishdi. Lekin biz ayollarni qaytib olishmadi. Shundan keyin boshqa joylarga ro‘molim tufayli ishga kira olmayapman. Qayerga borsam, ro‘molimni yechishimni so‘rashadi. Yechmasligimni aytganimdan keyin, ishga olishmaydi. Hattoki “Metro” degan magazinga ham ro‘molim tufayli ishga olishmadi. Ro‘molim qanday qilib ishga xalaqit beradi? Nega “VNJ” bo‘lsa ham rasmiy ishlab turgan joyimdan bir kunda haydaydi? To‘g‘risi, nohaqliklar juda ko‘p. Ayniqsa biz muhojir ayollarga nisbatan”, deydi Omina ko‘zyoshlarini tiya olmay.
Rossiya mehnat huquqi diniy libosda ish yuritishga to‘sqinlik qilmaydi. Biroq ish beruvchilar muslima ayollarni ishga olishni istamaydi. Bu borada rossiyalik muslimalar ham forumlarda ko‘p shikoyat qiladi. Muhojir muslimalar esa e’tiqodi tufayli diskriminatsiya ustiga, fuqaroligi tufayli ham ajratib qo‘yiladi. Natijada rossiyalik muslimalardan farqli ravishda ro‘molini ish joyida himoya qila olsa ham, fuqaroligi sababli ishdan barcha kafolatlarga qaramay, bo‘shatib yuborilishi mumkin.
“Muhojir ayollarga ko‘proq muhojir erkaklar tegajog‘lik qiladi”
Bir yil oldin OAVlarni ish joyida jinsiy tahqirga uchragani uchun hamkasbining qotiliga aylangan tojikistonlik muhojir ayol haqidagi yangiliklar to‘ldirib yubordi. Tojikistonlik musofir ayol beva qolgach, farzandi bilan Rossiyaga ishlashga keladi. Kelib, restoranga idish yuvuvchi sifatida ishga kiradi. Ish joyida gruziyalik oshpaz unga surunkali ravishda shilqimlik qiladi. Ayolga bu narsa yoqmasligini bilib ham hazilga o‘ralgan tegajog‘lik davom etaveradi.
Yanvar oyidagi kunlarning birida og‘zaki shilqimlik jismoniy harakatlarga aylanadi va gruziyalik oshpaz tojikistonlik muhojir ayolga teginadi. Bundan jahli chiqqan musofir ayol oshpaz bilan mushtlashib ketadi. Mushtlashayotgan ikki muhojirni hamkasblari ajratib oladi. Biroq bir muddat o‘tgach, oshpaz yana oshxonaga qaytib, tojikistonlik ayolni haqoratlay boshlaydi. Bu safar tojikistonlik musofir ayol qo‘liga pichoq olib, tegajog‘ligi bilan nafsoniyatiga tekkan oshpazni pichoqlab qo‘yadi. Gruziyalik oshpaz shifoxonada olgan tan jarohatlari natijasida vafot etadi. Muhojir ayol esa hibsga olingan.
“Ish joyida tegajog‘likka uchraydigan ayollar soni Rossiyada oz emas. Ammo muhojir ayollar shilqimlik ustidan huquqni muhofaza qilish organlariga shikoyat qila olmaydi. Shikoyat qilsa, muhojirlarning o‘zlarini hujjatlari tekshiriladi va migratsiya qoidalari bo‘yicha ayollarning o‘zi javobgarlikka tortila boshlaydi. Bundan tashqari muhojir ayollar bunday holatlar haqida gapirishga uyaladi. Chunki aksariyat hollarda musofir ayollarga ularning vatandoshlari yoki o‘zlariga o‘xshagan boshqa muhojirlar tegajog‘lik qiladi. Tegajog‘lik qiladigan erkaklar ko‘pincha mish-mish tarqatish, obro‘ga putur yetkazish kabi tahdidlar bilan ayollarni qo‘rqitadi. Vatanidagi oilasi, yaqinlarini o‘ylagan ayol muhojirlarni ushbu tahdidlar ta’sirida hech qayerga yordam so‘rab murojaat qilmaydi va shilqimlik qiladiganlarni javobgarlikka tortishga harakat qilmaydi. Men gaplashgan ayollarning aksari “Qo‘ying, menga tinchlik kerak, sudma-cud yurishga vaqtim ham, toqatim ham yo‘q.”, deyishadi. Afsuski, jabrdiyda muhojir ayollar aksar hollarda dardini ichiga yutadi. Biroq men bu haqida murojaat qilgan qariyb barcha ayollaga ikkilanmasdan qonuniy chora ko‘rishga intilishlarini tushuntiraman. Kim bo‘lishidan qat’iy nazar tegajog‘lik, shilqimlik qilgan shaxs jazosiz qolmasligi kerak.” deydi migratsiya bo‘yicha yurist Zarnigor Omonullayeva.
Musofir ayollarga nisbatan zo‘ravonlik
Musofirlik ayollar uchun ikki hissa sinov. Tegajog‘likdan tashqari ularga zo‘ravonlik holatlari ham ko‘p uchraydi. Muhojir ayollarga nisbatan ish joyida qullik yoki kamsitish maqsadida kuch ishlatilishi yangilik emas. Ish joyida zo‘ravonlikka uchragan muhojir ayol Durdona (ismi sir qolishini so‘ragani uchun o‘zgartirildi – tahririyat) bizga o‘z boshidan o‘tgan voqeani gapirib berdi:
“Ногинск shahridagi “Пятерочка” magazinida ishlardim. Yashayotgan uyimizga yaqin bo‘lgani uchun menga juda qulay edi. Oyligi oz bo‘lsa ham, yaqin deb ishga kirgandim. Shu yerda bir rossiyalik sotuvchi magazinga kelgan mijoz bilan urishib ketdi. Mijoz aslida haq edi. Shu payt sotuvchiga hazilomuz shaklda, qo‘polliksiz, yumshoqlik bilan izoh qildim. Shundan keyin o‘sha sotuvchi keyin meni o‘rinli gapim uchun urdi. Menga qo‘l ko‘tardi! Men ustimdan yozmasin, deb javob qaytarmadim. Men undan qo‘rqqanim yo‘q, unga kuchim yetardi. U yozsa, baribir, biz bu yerda hech kimmiz, bizning tarafimizni hech kim olmaydi-ku! Lekin, alamlisi, magazin direktori o‘sha sotuvchi Rossiya fuqarosi bo‘lgani uchungina uning tarafini oldi. “Travmpunkt”da ham qattiq tan jarohati olmaganimni va buninguchun sotuvchi hech qanday javobgarlikka tortilmasligi, hatto ish ochilmasligini aytishdi.
Bu diskrminatsiya emasmi?! O‘sha magazinda o‘sha sotuvchiga boshqa erkak migrantlar mendan yomon va qattiq gap qaytarishadi. Lekin ularga kuchi yetmaydi-da, ular erkakda baribir! Shuning uchun ular bilan so‘kib, gap talashadi. Menga esa ayol “migrantka” bo‘lganim uchun qo‘rqmay “srazu” hammaning oldida qo‘l ko‘tardi. Eng yomoni, o‘sha yerda boshqa migrant erkak ishchilar bor edi, ular ajratmadiyam, yana kelib hammasi “sizni deb endi bizga qiyin bo‘ladi”, deb meni battar ruhan ezishdi. To‘g‘risi, juda-juda xo‘rligim keldi. Hozir u magazinda ishlamayapman. Chunki meni sig‘dirmay, shunday qilishdiki, o‘zimning ishga borgim kelmay qoldi…”
Durdona o‘z hikoyasini ko‘z yoshlarini tiya olmagani uchun to‘xtatdi. Suhbatimizni davom ettira olmadik. Chunki zo‘ravonlikka uchragani haqida o‘zbekistonlik Durdona o‘z oilasiga, turmush o‘rtog‘i va do‘stlariga ham aytgani yo‘q.
Homiladorlik tufayli diskriminatsiya
Agar rossiyalik ayollar ish joyida qanday diskriminatsiyaga uchrashi to‘g‘risidagi ilmiy, tahliliy maqola va materiallarni o‘rgansangiz, birinchi o‘rinda homilador mutaxassislar qaysi lavozimda ishlashiga qaramay, bo‘shatilib yuborilishi haqida o‘qiysiz. Ish beruvchilar dekret, suyunchi, bola pulini to‘lamaslik uchun va homilador xodimlarni 3 yil ishdan ketkaza olmasligidan kelib chiqib, ayollarni mehnat bozorida diskriminatsiya qilishini ko‘rish mumkin. Ammo Rossiya mehnat bozoridagi ushbu diskriminatsiyaga faqat rossiyalik emas, balki xorijlik ayollar ham uchraydi.
“Men oliy toifali shifokorman. Xususiy klinikada ishlayman. Lekin migrantligim uchun homiladorligimni bilishgach, meni homiladorga tegishli qandaydir “соцвыплата” to‘lamaslik uchuni mehnat qonunchiligi bo‘yicha tuzilgan mehnat shartnomasidan xizmat ko‘rsatish shartnomasiga o‘tkazib qo‘yishdi. Chunki, “декретные” bermaslik uchun. Agar man bolaga qarash uchun “otpuskka” chiqsam, har oy bola pulini bermaslik uchun. Juda alam qiladi bu narsa. Agar Rossiya fuqarosi bo‘lsam, bunday qilisholmasdi. Chunki davlatga qarashli “женская консультация”da hisobda tursam, u yerda qayerda ishlashim qayd qilinardi va men sudlashsam yuz foiz yutib chiqardim. Lekin men migrantman. Migrantlar xususiy klinikalarda o‘zi “учет”ga turadi. Mening katta xatoyim – o‘zim ishlaydigan klinikada “учет”ga turganim bo‘lgan. 6 yillik klinikamiz meni shunday ahvolga solib qo‘ydi. Oldin qancha yaxshi joylardan ishga taklif kelsa klinikamizni, kollektivni yaxshi ko‘rib, vafodorlik qilib, o‘tmagandim. Hozir qattiq afsusdaman”, deydi oliy toifali shifokor, oftalmolog Hilola Oripovna.
Suhbatdoshimiz ish beruvchiga homiladorlik haqida xabar berishdan avval “homiladorlik bo‘yicha uchyotga turib olishni” qat’iy tavsiya qildi.
“Qora qosh va ko‘zi uchun” karyeraning o‘smasligi
Feruza sho‘x va chaqqon qiz. Buni qisqa suhbatning o‘zidan bilib olish qiyin emas. U uchrab kelayotgan diskriminatsiya ham tez orada yechib bo‘lmas muammodek bo‘lib ko‘rinadi.
“Men sport kiyimlari sotadigan katta tarmoqning do‘konlaridan birida omborchi bo‘lib ishlayman. Zalga sotuvchilikka o‘tkazishlarini so‘rasam, o‘tkazishmayapti. Buning sababi, tashqi qo‘rinishim slavyancha emas, yana migrantman. Avval hujjatni bahona qilishdi. Keyin shu hujjatni ham qilaman desam, oxiri ko‘rinishim to‘g‘ri kelmasligini aytishdi. Afsuski, ko‘rinishimni o‘zgartirish mening qo‘limda emas”, deydi u.
Muhojir ayollarga maosh to‘lashda diskriminatsiya
Muhojir ayol bo‘lgani uchun Oygul o‘z maoshining teng yarmini menejerga berishga majbur. Bu haqida Oygulning o‘zi shunday gapirib beradi.
“Biz “Жилишник”da podyezd tozalaydigan farrosh bo‘lib ishlaymiz. Domodedovo, Orexovo-Borisovo degan joyda, Moskva shahrida. 16 qavatli uylar. To‘g‘risi, migrant bo‘lganimiz sababli 3 ta podyezdning o‘rniga 6-8 ta podyezd tozalatadi. Oylik 3 ta podyezdga 45 ming. Mening kartamga 90 ming tushadi. Lekin o‘sha 90 mingni yarmini menejer, rossiyalik ayol qaytarib oladi.
Qaytarib olganda “dokumentsiz ayollarning oyligi bu” deb aytadi. Endi qarang, boshida men shunga ishonardim. Hozir ishonmayman. Endi juda qo‘lim bilan ushlab olgan joyim yo‘q-ku, lekin eshiting-da: Bizning “Жилишник”ka hujjati yo‘qlarni ishga umuman olmaydi. “Регистрация”ni o‘zlari patenti borlarga qiladi. Agar patentning bir kunini kechiktirib to‘lasangiz, ishdan haydavoradi. Har oy patentga to‘laganimizni ko‘rsatib, cheklarni o‘sha menejerga yuboramiz “whatsapdan”. Demak, kartamizga tushadigan pullarni yarmini “dokumenti yo‘qlarga” deb aldayotgan bo‘lib chiqayaptimi? Chunki dokumenti yo‘qlarni bizda ishga olmaydi-ku!
Bilasizmi, Rossiya “grajdandanlari”ga unaqa qilmaydi. Chekkadagi domni bitta yoshi katta “grajdanstvasi” bor xotin tozalaydi, 3 ta podyezdni bitta o‘zi tozalaydi. Etajiyam oz, to‘qqiz etaj shekilli. O‘sha xotinga 55 ming tushadi kartasiga. Ishini obedda tugatib uyiga mazza qilib kirib ketadi. Biz 16:00-17:00 ga zo‘rg‘a yuvib bo‘lamiz podyezdlarimizni, ana shuncha ishga 45 ming olamiz, xolos. Erkak dvornik migrantlar kartasiga necha pul tushsa, hammasi o‘zlariga. Ularning puliga tegishmaydi. Faqat biz ayollarning pulini olib qo‘yishadi. Lekin “Регистрация” tekin. “Dogovor”, “uvedomleniye” qilib beradi, yotoq joy bepul. “Podrabotkalar” chiqib turadi. Shunga ishlab turibmiz”, deydi o‘zbekistonlik Oygul.
“Rossiya mehnat qonunchiligi diskriminatsiyaning har qanday turini to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlaydi. Ushbu taqiq Rossiya Federatsiyasi mehnat kodeksining 132-moddasida va bir qator normativ huquqiy hujjatlarda, ratifikatsiya qilingan xalqaro kelishuv va shartnomalarda, ko‘rilgan kam sonlik sud amaliyotida ochiq-oydin aks etgan. Diskriminatsiyaga yo‘l qo‘ygan ish beruvchilar, rahbarlar va boshqa kishilarni Mehnat inspeksiyasi, sud va boshqa davlat idoralariga murojaat qilib, javobgarlikka tortish mumkin. Biroq muhojir ayollar ushbu huquqdan deyarli foydalanmaydi. Sababi, jamiyatda muhojir ayollarning nomi va obro‘sining nozikligidir. Lekin gap-so‘zlarga qaramay, o‘zida bazo‘r kuch topib, muhojir ayollar shikoyat bilan davlat idoralariga, ayniqsa polisiya va tergov qo‘mitasiga murojaat qilsa, ayol muhojirlarning da’vosini tinglashdan avval, ularning Rossiyada qanchalik qonuniy yurgani izchil tekshiriladi”, deydi huquqshunos Zarnigor Omonullayeva.
Agar muhojir ayol qonuniy yurgan bo‘lsa, uzoq tekshiruvlardan keyin uning arizasiga ish ochishga yetarli jinoiy yoki boshqa tarkib bo‘lmagani haqida rad javobi beriladi. Agar muhojir ayolning hujjatida qandaydir muammo topilsa, unda uning shikoyati hatto ro‘yxatga olinmay turib, musofir ayolning o‘zi Rossiyadan majburiy ravishda chiqarib yuboriladi.
Xulosa qilib aytganda, muhojirlik ayollarga erkaklarga qaraganda ko‘proq tashvish, sinov va mashaqqat keltiradi.