
Rossiyaga ishlash va oilasiga yordam berish maqsadida ketgan urgutlik 23 yoshli yigit atigi bir necha oy ichida avval qamoqqa, keyin esa Rossiya–Ukraina urushiga tushib qoldi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudi materiallariga ko‘ra, M.B. 2024-yil oktyabr oyida Rossiyaga borgan. Avvaliga Kaluga shahrida ishlagan, keyinroq daromadi kamligi sababli Orenburg shahriga ko‘chib o‘tgan. U yerda «Wildberries» yetkazib berish xizmatida kuryer bo‘lib ishlay boshlagan.
Biroq o‘sha mash’um 2025-yilning 8-yanvar kuni nima bo‘lishini bilganida, balki, yigit umuman o‘sha ko‘chadan yurmagan bo‘larmidi… M.B.ning aytishicha, u buyurtmani yetkazib berish uchun ketayotgan vaqtda fuqarolik kiyimidagi bir necha kishi uni to‘xtatib, o‘zlarini polisiya xodimlari deb tanishtirgan. Ular yigitni tintuv qilib, cho‘ntaklaridagi barcha buyumlarni mashina kapotiga qo‘yishni talab qilishgan. Uning cho‘ntagidan o‘zining buyumlari qatorida ko‘k skotchga o‘ralgan narsalar chiqqan.
M.B. sudda bergan ko‘rsatmasida aynan shu paytda birinchi marta ko‘k skotchga o‘ralgan to‘qqizta o‘ramni ko‘rganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, bu narsalar unga tegishli bo‘lmagan va ular qanday qilib cho‘ntagiga tushib qolganini bilmagan. Keyin polisiya xodimlari o‘ramlardan birini ochib ko‘rib, uning ichida giyohvandlik moddasi borligini ma’lum qilgan.
Tergov izolyatoriga joylashtirilgan yigit uch oy davomida bosim va tazyiqlarga uchraganini aytgan. Keyinchalik Rossiya sudi uni giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatda aybdor deb topib, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilgan.
M.B. jazoni Orenburg shahridagi 9-sonli koloniyada o‘tay boshlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu yerda muassasa xodimlari va boshqa mas’ullar tomonidan unga Ukrainadagi urushda qatnashish taklif qilingan. Unga Rossiya fuqaroligi berish, bir martalik 400 ming rubl to‘lash va yuqori maosh va’da qilingan. Shuningdek, urushga borsa, jazodan ozod qilinishi mumkinligi aytilgan.
M.B.ning ta’kidlashicha, u avval bu taklifga rozi bo‘lmagan. Biroq doimiy bosim va qiynoqlarga chiday olmaganidan keyin Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bir yillik shartnoma imzolashga majbur bo‘lgan.
Oradan ikki kun o‘tgach, u bilan birga 200–250 nafar mahbus harbiy samolyotda Rostov shahriga olib ketilgan. Keyin ular turli harbiy qismlarga taqsimlangan. M.B. yana 35 nafar mahbus bilan birga Donesk viloyatidagi 155-sonli harbiy qismga joylashtirilgan.
M.B. frontda bevosita jang qilmaganini, asosan xandaq qazish, harbiy texnikalarni va ob’yektlarni niqoblash ishlariga jalb qilinganini aytgan.
Biroq 2025-yil 10-dekabr kuni dahshatli voqea yuz berdi. Sakkiz nafar mahbus o‘rmonda ketayotgan vaqtda harbiy dron tashlagan snaryad portladi. Oqibatda M.B. og‘ir jarohat olgan va hushidan ketgan. Keyin o‘ziga kelganida, olti nafar sherigi halok bo‘lganini ko‘rgan. Faqat yana bir kishi tirik qolgan edi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, uning chap yelkasi, yettinchi qovurg‘asi, kichik chanoq qismi va chap sonida ko‘plab snaryad parchalari qolib ketgan. Mutaxassislar bu jarohatlar portlash to‘lqini ta’sirida yuzaga kelganini tasdiqlagan.
Jarohatlangan yigit Rostov shahridagi harbiy gospitalga yotqizilgan va 2026-yil fevral oyigacha davolangan. Keyin u gospitaldan chiqib, O‘zbekistonning Rostov shahridagi Bosh konsulxonasiga murojaat qilgan. Konsullik xodimlari unga «Vatanga qaytish guvohnomasi» rasmiylashtirib berishgan. Shu hujjat orqali M.B. Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga qaytgan.
Sudda so‘ralgan amakisi va profilaktika inspektorining ko‘rsatmalariga ko‘ra, M.B. Rossiyaga og‘ir oilaviy va moddiy ahvoli sababli ishlash uchun ketgan. Ular uning ilgari jinoyatchilik, ekstremizm yoki boshqa noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangani haqida ma’lumot yo‘qligini bildirishgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudi M.B.ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi — yollanma sifatida qurolli mojaroda qatnashishda aybdor deb topdi. Shu bilan birga, sud uning qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, og‘ir moddiy ahvoli, O‘zbekistonga qaytgach voqealarni yashirmagani va tergovga ko‘maklashganini inobatga oldi.
Natijada unga ozodlikdan mahrum qilish jazosi emas, balki 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Shu muddat davomida u yashash joyini tark etmasligi va Samarqand viloyati hududidan chiqmasligi lozim bo‘ladi.