
Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida yashovchi 26 yoshli Kamoliddin (ismi o‘zgartirildi) Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush harakatlarida qatnashgani uchun sudlandi. Sud hujjatlariga ko‘ra, u Rossiya armiyasi bilan shartnoma tuzib, Ukraina hududidagi janglarda ishtirok etgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Kamoliddin avval Qozog‘istonda ishlab yurgan. Keyin qarzlari ko‘payib ketgani sababli 2023-yil yanvar oyida Rossiyaning Nijnevartovsk shahriga ishlash uchun borgan. U yerda bir necha oy kirakashlik qilib yurgan vaqtida ko‘chada “kontrakt bo‘yicha xizmat” haqidagi e’lonni ko‘rib qoladi. E’londa urushga ketuvchilarga 740 ming rubl boshlang‘ich to‘lov va oyiga 204 ming rubl maosh berilishi aytilgani migrant yigitni oson pul topish yo‘liga kirishga undadi.
U Rossiya Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy qism bilan shartnoma imzolab, harbiy jeton va harbiy guvohnoma oldi. Sud materiallarida qayd etilishicha, u “Turk” degan laqab bilan ro‘yxatdan o‘tgan.
Kamoliddin harbiy tayyorgarlikni Lugansk viloyatida o‘tkazdi. U yerda turli qurollardan foydalanish va boshqa harbiy mashg‘ulotlarga jalb qilingan. Keyin Ukraina hududidagi janglarga yuborilgan.
Suddagi ko‘rsatuvlarga ko‘ra, 2024-yil mart oyida Tonenkaya deb atalgan joydagi jang vaqtida dron zarbasi natijasida u bilan birga bo‘lgan 8 nafar harbiy halok bo‘lib, 3 kishi tirik qoldi. Kamoliddin omon qolgan bo‘lsa-da, chap kuragi va chap son qismiga oskolka tegishi oqibatida og‘ir jarohat oldi.
Jarohatini tuzatish uchun u avval Rostov viloyati, keyin esa Astraxan viloyatidagi harbiy tibbiyot punktiga olib ketilgan. U yerda bir necha hafta davolangan. U yerda tanishgan bir qozog‘istonlik fuqaro Kamoliddinga boshqa davlat urushida qatnashish O‘zbekiston qonunlariga ko‘ra jinoyat hisoblanishini aytgan. Shundan keyin Kamoliddin akasi bilan maslahatlashib, O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgan.
2024-yil aprel oyida u O‘zbekistonga qaytib kelgan. Sud materiallarida aytilishicha, qaytgach u harbiy shartnoma, jeton va boshqa hujjatlarni Farg‘ona kanaliga tashlab yuborgan. Keyin oyog‘idagi jarohatni davolatish uchun Andijondagi shifoxonaga murojaat qilgan. Operatsiya vaqtida uning oyog‘idan taxminan 4 santimetrlik metall bo‘lagi olib tashlangan.
Tergov davomida undan harbiy sumka, “Yugra soldatu” yozuvli futbolka va sport kiyimi, Rossiya bank kartalari hamda tibbiy hujjatlar olingan. Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasida Kamoliddinning chap soni va yelka qismida portlash natijasida paydo bo‘lgan jarohatlar borligi tasdiqlangan.
Sud Kamoliddinni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topdi. Unga 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sud zalidayoq qamoqqa olingan yigit jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o‘taydi.