
Jizzax viloyatining Gʻallaorol tuman sudi 2025-yil 24-sentyabr kuni o‘zbekistonlik fuqaro Mingbayev Botir Baykulovichga nisbatan hukm chiqardi. Sud ma’lumotlariga ko‘ra, u 1985-yilda Jizzax viloyati Baxmal tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, to‘rt nafar farzandi bor, oldin sudlanmagan va vaqtincha ishsiz bo‘lgan.
Sud hujjatlarida qayd etilishicha, Mingbayev 2023-yil 30-may kuni ishlab pul topish maqsadida Rossiya Federatsiyasiga ketgan. Rossiyada ish topolmaganidan so‘ng, u moddiy manfaatdorlikni ko‘zlab, RF Mudofaa vazirligiga qarashli 21208-sonli harbiy qism bilan shartnoma tuzib, oddiy askar sifatida xizmat boshlagan. Shu asosda u 2023-yil iyuldan 2024-yil iyulgacha Ukraina hududidagi Lugansk va Donesk viloyatlaridagi qurolli to‘qnashuvlarda RF tomonidan ishtirok etgani aniqlangan.
Sud materiallariga ko‘ra, u o‘z shaxsi va Rossiyadagi harbiy harakatlarda qatnashganligini yashirish uchun O‘zbekistonda berilgan chet el pasportini yirtib, yaroqsiz holatga keltirgan va O‘zbekiston fuqaroligidan chiqish uchun rasmiy ariza bermasdan, Rossiya fuqaroligini olgan. Shuningdek, u 2024-yilda Rossiya ichki ishlar organlaridan biometrik pasport hamda “urush qatnashchisi” guvohnomasini olgan.
Tergov davomida u qilmishini to‘liq tan olgan va qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan. Sud uning oilaviy ahvoli, voyaga yetmagan farzandlari va ilgari sudlanmaganini inobatga olgan holda yengillashtiruvchi holat sifatida baholagan.
Gʻallaorol tuman sudi raisi O.Esanov rahbarligidagi sud hay’ati tomonidan Mingbayev Botir Baykulovich O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (“Yollanish”) va 227-moddasi 2-qismi “a” bandi (“Hujjatlarni qasddan yo‘q qilish yoki shikastlash”) bo‘yicha aybli deb topildi.
Unga 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Jazo umumiy tartibli koloniyada o‘taladi.
Jazo muddati 2025-yil 30-aprel kunidan boshlanadi.
Sud hukmiga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi tomonidan berilgan fuqarolik pasporti, harbiy bilet va boshqa hujjatlar jinoyat ishi materiallari bilan birga saqlanadi.