222 29/10/2024

Rossiya-Ukraina urushining ikki yarim yili davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorlar bilan muloqot qilishning samarali strategiyasini ishlab chiqdi: G‘arbda bir narsani, Rossiyada boshqa narsani gapiradi.

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo G‘arbning eng yirik davlatlari va eng yuqori darajadagi e’tiboridan bahramand bo‘lib kelmoqda.

Masalan, Germaniya kansleri Olaf Shols mintaqa mamlakatlari bilan munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdishga qaror qilgan navbatdagi Yevropa yetakchisiga aylandi. Samarqand va Ostonada ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi, barcha mintaqaviy yetakchilar bilan C5+1 formatida (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston + hamkor mamlakatlardan biri) uchrashdi.

G‘arbning Markaziy Osiyoga qiziqishi ortishiga sabablar ko‘p: so‘nggi yillarda mahalliy rahbariyatning yangilanishi, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va Xitoy bilan munosabatlardagi o‘sib borayotgan muammolar.

Markaziy Osiyo yetakchilari ham G‘arb uchun avvalo Rossiya va Xitoy bilan qo‘shnichiligi tufayli muhim bo‘lib qolganliklarini juda yaxshi tushunadi va aynan bu tushuncha ularga muzokara pozitsiyalarini kuchaytirishga yordam bermoqda.

Yaqinda ham, 2010-yillarda, Markaziy Osiyo G‘arb uchun unchalik muhim hamkor bo‘lib ko‘rinmas edi. Masalan, Angela Merkel 16 yillik kansler lavozimida mintaqaga atigi uch marta tashrif buyurgan. Ammo 2020-yillarda ko‘p narsa o‘zgardi.

Birinchidan, ichki siyosiy vaziyat o‘zgardi: deyarli barcha mamlakatlarda hokimiyat siyosatga Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin kirib kelgan yosh avlodga o‘tdi.

Ikkinchidan, tashqi muhit o‘zgardi: NATO qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqdi, ularning o‘rnini “Tolibon” egalladi, Xitoy esa mintaqada mustahkam o‘rnashdi va Markaziy Osiyodan hali beri ketish niyati yo‘q, Ukrainaga bostirib kirgan Rossiya esa Markaziy Osiyodagi ittifoqchilarining sadoqatini saqlashda qiyinchiliklarga uchramoqda.

Bu vaziyatda kansler Sholsning mintaqaga ilk tashrifi aynan shu yilga to‘gri kelgani ajablanarli emas. Ungacha Markaziy Osiyoga Fransiya va Italiya prezidentlari, Yevroittifoq Kengashi raisi, Yevropa Ittifoqi, AQSh, Buyuk Britaniya, Shveysariya va Germaniya tashqi siyosat rahbarlari tashrif buyurgan. Shuningdek, 2023-yil sentabr oyida Nyu-Yorkda AQSh prezidenti Jo Bayden bilan C5+1 uchrashuvi o‘tkazildi.

Bu tashriflarning barchasi bir-biriga o‘xshash ssenariylar asosida amalga oshirilmoqda va ularda muhokama qilinayotgan mavzular xilma-xillikdan yiroq.

Masalan, Shols iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qilishi oldindan ma’lum edi. Lekin Germaniya bilan bo‘lgan muzokaralarning yagona farqli jihati afg‘on muhojirlarini deportatsiyasi masalasida O‘zbekistondan yordam so‘ralganidir. Markaziy Osiyo davlatlari ham o‘z talab va shartlari bilan muzokaralarga kirishmoqda. Biroq barcha muhokamalardan yiroqlashib, raqamlarga e’tibor qaratilsa Markaziy Osiyoning besh mamlakati va Yevroittifoq o‘rtasidagi savdo rekord darajaga yetgan: 2022-yilda savdo 59 foizga, 2023-yilda esa yana 11 foizga o‘sdi.

Shu bilan birga, Yevropa mamlakatlari, xususan Germaniya uchun energetik hamkorlik muhim: o‘tgan yili Qozog‘iston Germaniyaga 8,5 million tonna neft yetkazib berdi. Bundan ko‘p neftni Germaniyaga faqat Norvegiya va AQShdan yetkazgan.

Markaziy Osiyo ham ushbu hamkorlikdan foyda ko‘rmoqda. Masalan, 2023-yilda Germaniya Qozog‘iston iqtisodiyotiga 770 million dollar investitsiya kiritdi – bu avvalgi yilga nisbatan 64 foizga ko‘p. Germaniyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyalari esa 2017-yildan beri 11 barobarga oshdi.Qolaversa, Qozog‘iston umumiy qiymati 55 milliard dollar bo‘lgan 66 ta qo‘shma investitsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvga erishgan. O‘zbekiston esa umumiy qiymati 9 milliard yevro bo‘lgan loyihalarni qo‘lga kiritgan.

Eng qizig‘i shundaki, Yevropa bilan barcha uchrashuvlar va hamkorlik Markaziy Osiyoning haqiqiy siyosiy an’analari ruhida, ochiq siyosatsiz o‘tmoqda.

Masalan, Sholsning safarida ham ochiq siyosat kuzatilmadi. Ukrainadagi urush va Rossiya agressiyasiga qarshi turish zarurati haqida hech qanday gap-so‘z bo‘lgani yo‘q. Ostona shahrida kansler “tinchlik jarayonini tezlashtirish uchun imkoniyatlarni o‘rganish zarurligi” haqida qisqagina fikr bildirib ketgan xolos. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqayev ham shu pozitsiyani qo‘llab-quvvatlab, “urushning yanada kuchayishi butun insoniyat uchun qaytarib bo‘lmas oqibatlarga olib kelishi”ni aytgan xolos.

Markaziy Osiyo davlatlarida strategik hamkorlik haqidagi gaplar bilan G‘arb mamlakatlari mintaqani Moskva va Pekin bilan qarama-qarshiliklarga tortmoqchi degan xavotir borligi sir emas. Balki aynan shuning uchun G‘arb yetakchilari Markaziy Osiyo davlatlariga, ochiq va o‘tkir siyosatsiz haqiqiy uzoq muddatli strategik ahamiyatga ega hamkorlik asl maqsadlari ekanini isbotlashmoqchi bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Shu orqali ikki qudratli qo‘shnilar bilan kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, yangi ittifoqdosh sifatida Yevropaga ishonish mumkinligini ko‘rsatishga harakat qilishmoqda.

Ammo G‘arb o‘z siyosati va manfaatlarini butunlay e’tiborsiz qoldirolmaydi. Markaziy Osiyoni Rossiya va Xitoy bilan aloqalarni kamaytirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chaqirish ahmoqlik bo‘ladi. Shuning uchun G‘arb mintaqadagi dengizga chiqishi bo‘lmagan davlatlarga iqtisodiy aloqalarini diversifikatsiya qilish imkoniyatini taqdim etmoqchi. Shu orqali mintaqa mamlakatlariga ko‘proq mustaqil bo‘lishda yordam berishmoqchi. Hattoki bu maqsadda G‘arb yetakchilari Markaziy Osiyo rahbarlarini bezovta qiluvchi inson huquqlari va demokratiya kabi masalalarni ustuvor vazifalar ro‘yxatidan olib tashladi. Markaziy Osiyoning ichki siyosatini qanday yo‘lga qo‘yish kerakligi haqida leksiya o‘qishlar o‘tmishda qoldi. Endi Yevropa va AQSh amaldorlari hamda diplomatlaribiror bir mamlakatdagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash bayonotlari bilan cheklanmoqda.

Shu bilan birga, ta’kidlash kerak-ki, G‘arb diplomatlari ichki suhbatlarda, yopiq eshiklar ortida o‘z shartlarini aniq bayon etishda davom etayotgani ma’lum. Misol uchun, sanksiyalar siyosatini olaylik. Omma oldida bu mavzu hech qaysi tomonlar tarafidan baland ovozda tilga olinmaydi. Lekin amalda Markaziy Osiyo davlatlari ikkilamchi sanksiyalardan qo‘rqib zaruriy talablarni bajarib kelishmoqda. Shuning uchun, Markaziy Osiyodagi banklar sanksiya ostidagi Rossiya moliyaviy tashkilotlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tranzaksiyalarni taqiqlagan.

Ammo shunday vaziyatda ham Markaziy Osiyo o‘zi uchun harakat erkinligini kengaytira oldi. Ikki yarim yil davom etgan Rossiya-Ukraina urushi mobaynida mintaqa davlatlari o‘z hamkorlari bilan muloqot qilishning samarali strategiyasini ishlab chiqdi: G‘arbda bir gapni aytib, Rossiyada esa boshqasini gapirishmoqda. Birinchi holatda mintaqaning Rossiyaga bog‘liqligi ta’kidlanadi, Moskvaning geosiyosiy bosimi haqida ko‘p gapiriladi va sanksiya talablari borasida istisnolarga nisbatan ko‘z yumish so‘raladi.

Rossiyada esa G‘arb tomonidan bosim va tahdidlarning chidab bo‘lmas darajada kuchaygani haqida gapiriladi.Bunday turli siyosat hamma narsada kuzatiladi.

Buyuk Britaniyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron Ukrainaning sobiq prezidenti Pyotr Poroshenko bilan suhbatda Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleuning “Ukrainaliklar Qozog‘iston uchun ham jonlarini fido qilmoqda” degan gapini eslatgan edi. Keyinchalik Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi bu so‘zlarni yolg‘on deb atadi. Qolaversa, Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari Moskvaga tashrif buyurishda davom etmoqda va Rossiyaning qudratini qayd etishayotganini bildirishmoqda. Hattoki, Olaf Shols bilan uchrashuvda ham Qosim-Jo‘mart Toqayev “harbiy jihatdan Rossiya mag‘lub etib bo‘lmaydigan davlat” ekanligini eslatib o‘tdi.

Markaziy Osiyoning pragmatik va ko‘p qirrali tashqi siyosati o‘zining samaradorligini isbotlamoqda.

Birinchidan, hattoki, Rossiyaga portlovchi moddalarni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan nitroselluloza kabi mahsulotlarni yetkazib berilishi haqidagi ko‘plab dalillarga qaramasdan mintaqa davlatlarining hech biri G‘arb tomonidan ikkilamchi sanksiyalarga duch kelmadi… Faqatgina ayrim Markaziy Osiyodagi kompaniyalarga nisbatan bir nechta sanksiyalar kiritilgan.

Ikkinchidan, Markaziy Osiyo hech kim tomonidan keskin geosiyosiy tanlov oldiga qo‘yilgani yo‘q. G‘arb “yoki biz, yoki Rossiya/Xitoy” kabi ultimatumni ilgari surishi mintaqani Moskva va Pekinga yanada yaqinlashtirishi mumkinligidan qo‘rqadi va bu qo‘rquv asossiz emas. Donald Tramp ma’muriyati davrida (2017–2021-yillar) bunday yondashuv Markaziy Osiyoda salbiy qabul qilinganini eslaylik. Hattoki, Rossiya ham Markaziy Osiyoga bunday ultimatumlarni qo‘ya olmaydi, chunki hozirgi paytda Rossiya Federatsiyasining dunyoda ittifoqchilari deyarli yo‘q va bor kamsonli ittifoqchilarni ham qo‘ldan chiqarish aslo maqsadga muvofiq bo‘lmaydi.

Mustaqillikka erishilganidan buyon birinchi marta Markaziy Osiyo davlatlarining geosiyosiy holati ularning foydasiga ishladi. Biroq agar mintaqa ichida strukturaviy o‘zgarishlar yuz bermaganida bu fursatni boy berib qo‘yishlari mumkin edi. 2016-yildan boshlab Markaziy Osiyoning 5 mamlakatidan to‘rttasida yuqori rahbariyat almashdi va natijada ular nafaqat dunyoga, balki bir-birlariga ham ochila boshladi.

Diplomatiya kanallarining xabariga ko‘ra, hozir mintaqa davlatlarining tashqi ishlar vazirliklari C5+1 sammitlari oldidan o‘z pozitsiyalarini o‘zaro muvofiqlashtirib, kelishib olmoqda. Kelishib olgandan keyingina tashqi hamkor bilan muzokaralarda samarali tarzda o‘z manfaatlarini ilgari surishmoqda. Avval Markaziy Osiyoda bunday hamjihatlik asosida yuqori darajadagi hamkorlik hech qachon kuzatilmagan.

Bugungi Markaziy Osiyo – boshqa Global Janubiy mamlakatlar uchun gegemoniyalar o‘rtasidagi qarama-qarshilikdan qanday foyda olish mumkinligi borasida namuna bo‘lmoqda.

XXI asrda xalqaro munosabatlarda keskinlikning ortib borayotgani dunyo sovuq urush davriga qaytayotgani va kichik yoki o‘rta mamlakatlar qudratli davlatlar atrofida birlashishga majburligi haqidagi farazlarni paydo qildi.

Biroq Markaziy Osiyo boshqa yo‘lni ko‘rsatmoqda, bir-biriga zid siyosatlar o‘rtasida ular bilan me’yor va muvozanat ushlab, hamkorlikni olib boorish yo‘li. Bir paytning o‘zida ham NATO davlatlari bilan hamkorlik qilib, ham 9-may kuni g‘alaba paradi uchun Moskvaga borish, ham Xitoyning qurollangan chegara bazalarini ochishga ruxsat berish ziddiyatlarni uyg‘unlashtirgan holda barchaga do‘st va barcha bilan masofa saqlash sifatida olib borilayotgan muvozanat siyosatning misollaridir.

Markaziy Osiyoning bu muvozanatli siyosati yana qancha davom etadi va bunday siyosat Markaziy Osiyoga bo‘lgan hozirgi yuqori darajadagi qiziqishdan haqiqiy foyda olishda xizmat qila oladimi – katta savol. Shunga qaramay, har qanday holatda ham ushbu muvozanatli siyosat behuda emasligi ko‘rinib bormoqda. Ukrainadagi urush kontekstida to‘plangan hamma bilan hamkorlik tajribasi Markaziy Osiyo davlatlari uchun G‘arb va Xitoy o‘rtasida yirikroq mojaro boshlanganida juda yaxshi qo‘l kelishi mumkin.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya