Maqola

128 09/06/2025

Germaniyadagi tashkiliy muammolar tufayli safarning dastlabki kunidan rejalashtirilgan manzilga va ish joyiga yetib borolmagan, shuningdek, turarjoysiz qolgan 14 nafar o‘zbekistonlik talabaga Frankfurt-Mayn shahridagi faol hamyurtlar va diplomatik korpus vakillari tomonidan yordam ko‘rsatildi. Ular O‘zbekistonning Bosh konsulxonasiga olib kelindi.

Talabalarga issiq taom taklif etildi va ular bilan yuzaga kelgan vaziyat muhokama qilindi. Suhbat chog‘ida mahalliy ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasi shartlariga rioya qilinishi masalasi, shuningdek, muammoning kelib chiqish sabablari ko‘rib chiqildi. Germaniyada bo‘lish tartib-qoidalari, shaxsiy xavfsizlikni ta’minlash hamda shaxsiy hujjat va mulkni ehtiyot qilish yuzasidan muhim tavsiyalar berildi.

Moliyaviy jihatdan murakkab holatga tushib qolgan talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda har bir talabaga kunlik ehtiyojlar uchun zarur mablag‘ ajratildi. Shu bilan birga, ularning mehmonxonada vaqtincha yashash xarajatlarini qoplash masalasi ham agentlik bilan kelishib olindi.

Talabalarga Frankfurt-Mayn shahrida vaqtincha yashashlari uchun mehmonxonadan joy topishda amaliy yordam ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, talabalarni vaqtincha ish bilan ta’minlashda vositachilik qilgan Germaniyadagi “Nova Agency” kompaniyasi mas’ullari bilan uchrashuv o‘tkazilib, yuzaga kelgan muammolar atroflicha muhokama qilindi.

Bosh konsulxona vakillari talabalarning shartnoma asosida belgilangan ish joylariga yetib borishi va mehnat faoliyatini boshlashlari uchun zarur diplomatik muzokaralarni davom ettirmoqda.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya