O‘zbekistonlik tadbirkor Bektosh Hatamov Gruziya kirishda uchrayotgan o‘ziga xos muammolar haqida yozdi. Uning aytishicha, hatto Gruziyada o‘zbekistonliklar tekshiruvi kuchaygan, mamlakatga kiritilmay, O‘zbekistonga qaytarib yuborilishi ko‘paygan.
«Gruziyaga boradiganlar uchun eslatma, biz kelgan samolyotda ertalab borgan 9 kishi qaytib keldi. Gruziyada O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan pasport tekshiruvi qattiq olib borilmoqda.
Kelayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan qaytish bileti, mehmonxona broni, necha kunga kelganligi so‘ralmoqda, biror mehmonxonani aytsangiz, o‘sha mehmonxonaga telefon qilib rostan ham bron bor yoki yo‘qligi tekshirilmoqda.
Bir o‘zbekistonlik erkak do‘stining oldiga kelayotgan ekan, lekin do‘stining familiyasini bilmas ekan, shuning uchun qaytarib yuborishibdi. Do‘stlaringizning familiyalari bilan bilib yurish koni foyda ekan.
Bundan tashqari ko‘rinishga ham qarashmoqda, o‘rangan, hijobli yoki qandaydir diniy atributlar kiyib yoki taqib olgan odamlarni o‘tkazishi juda qiyin bo‘lmoqda, o‘tkazgan taqdirda ham so‘roq qilib, aniq barcha faktlarni tekshirib keyin o‘tmoqda», deb yozadi Bektosh Hatamov.