129 26/07/2024

Keyingi paytlarda tergov izolyatorlari, qamoqxonalardan gumondor va mahkumlarning jasadlari chiqishi bilan bog‘liq holatlar ko‘paygan. Afsuski, bu kabi noxushliklar bugunga kelib jamoatchilikda salbiy taassurotlar uyg‘otmoqda. Ayrim holatlarda huquqni muhofaza qilish organlarining gumondor sog‘lig‘iga befarqligi bo‘lsa, ayrim holatlarda o‘lim holatlari bevosita qiynoq ta’sirida ro‘y bermoqda.

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyatiga murojaat qilgan Avaz Kilichev tergov hibsxonasida saqlanayotganligi, ahvoli og‘irligi, tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra uni hisbxonada saqlab turish tavsiya etilmasligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda yozganmiz. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentidan tortib, Bosh prokurorgacha rasman murojaat qilganmiz.

Yolg‘on guvohlik berishda ayblanib, qamoqda saqlanayotgan Avaz Qilichevning ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani sudiga muhokama uchun yuborildi.

Tergov izolyatorida so‘ngi marta 26-iyul kuni avdokat A.Qilichev bilan uchrashganda gumondorning sog‘lig‘i yana ham og‘irlashgani ma’lum bo‘ldi.

Ming afsuski, bundan oldingi murojaatdan 16 kun o‘tayotgan bo‘lsada, biror-bir idora murojaatlarimizga asoslantiruvchi javob bermadi. Avaz Kilichevning sog‘lig‘i bilan hech kim qiziqmadi. Himoya taraf tergovchidan ehtiyot chorani o‘zgartirishni so‘ragandi, tergovchi men jinoyat ishi tergovini tugatdim, buyog‘iga sud javob beradi qabilida javob bermoqda.

Ish holatlariga ko‘ra, Avaz Qilichev tergov organi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 237- (Yolg‘on xabar berish) va 238-(Yolg‘on guvohlik berish) moddasida nazarda tutilgan jinoyatda ayblangan.

Jinoyat ishi hozirda JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudi ish yurituviga kelib tushgan. Muqaddam tayinlangan tibbiy ekspertiza xulosasida Kilichev Avazning ahvoli og‘irligi bayon qilingan. Ekspertizaga ko‘ra, Avaz Kilichev uzoq yillik gipertonik, unda koviddan so‘ng son suyaklari yemirilishi, surunkali piyelonefrit, surunkali yurak yetishmovchiligi rivojlangan.

Ayniqsa, 2024-yil 26-iyul kuni advokat tergov hisbxonasiga Qilichev Avaz bilan to‘siq orqali bo‘lgan uchrashuvda uning o‘ng oyog‘i orqaga bog‘langan holda qo‘ltiq hassada nazoratchi tomonidan ushlab olib kelinganligini ko‘rgan.

O‘zaro suhbat jarayonida A.Qilichev “kasalligi kuchayganligini, og‘riqqa chiday olmayotganligini, o‘ng oyog‘i umuman ishlamayotganligini, suyak yemirilishi ikkinchi oyog‘iga o‘tganligini, ikkinchi oyog‘ini ham zo‘rg‘a bosa olayotganligini, ko‘p dori iste’mol qilganligi natijasida jigar, o‘t qopi va oshqozonda kuchli og‘riq borligini, qon bosimi 260 dan tushmayotganligini, bu unga insult yoki infarktni keltirib chiqarishi mumkinligini, harakatdan qolganligini, o‘rnidan tura olmayotganligini, ovqatni o‘rniga keltirib berishayotganligini, hojatga mustaqil chiqa olmayotganligini, o‘rnidan turishga ikki kishi yordam berayotganligini, ahvoli falaj holatga kelganligini” bayon qilgan.

Shundan so‘ng O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati va advokatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va quyi tizim sudlari, Bosh prokuratura, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga gumondorning ehtiyot chorasini o‘zgartirishlarini so‘rab, murojaat qildik.

Odatda qamoq ehtiyot chorasi gumondorning javobgarlikdan qochishga urinishi, tergov va odil sudlovga xalal berishi mumkinligi va jinoyatning og‘irlik darajasidan kelib chiqib belgilanadi. Ammo Avazning ishida bunday asoslarning birortasi yo‘q, u tilxat yoki garov bilan ochiqda bo‘lganida ham sud ishiga xalal berishga qodir emas.

Hozirda A.Qilichev davolanishga, malakali tibbiy yordam olishga muhtoj. Shunday ekan, shaxsning hayoti va salomatligini kafolatlagan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi uni himoya qilishi kerak. Aksincha, tergov davrida gumondorga nimadir bo‘lsa, jamoatchilik nazdida huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati shubha ostida qoladi.

Biz odil suddan qonunlar asosida ushbu masalani ijobiy hal etishini kutib qolamiz!!!

Abdurahmon Tashanov, huquq faoli

Zavqiddin Amonov, advokat

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya