Maqola

257 29/11/2024

Chorshanba kuni Rossiya valyuta bozorida keskin o‘zgarishlar kuzatildi: dollar kursi 114 rubldan oshdi, yuan esa 15 rublga ko‘tarildi. Rublning zaiflashishi AQSH sanksiyalari tufayli valyuta tanqisligi bilan izohlanmoqda. Chunki sanksiyalar Rossiya eksportyorlarining tushumlarini Rossiyaga qaytarishlarida qiyinchiliklarni yuzaga keltirayotgani aytilmoqda. Shuningdek, rublga qarshi spekulyantlar ham ishtirok etib, buni geosiyosiy xatarlar bilan asoslamoqda. Rossiya Markaziy banki rublni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralarni e’lon qildi, biroq ekspertlar Markaziy Bankning xatti-harakatlarni yetarli emas, deb baholab, Rossiya hukumatining boshqa organlaridan ham choralar kutmoqda.

27-noyabr kuni Rossiya valyuta bozoridan kelgan xabarlarni «jang front»idan kelayotgan yangiliklarga o‘xshatish mumkin:
Soat 10:35 da dollar kursi 108 rubldan oshdi;
Uch yarim soatdan so‘ng kurs 110 rublga ko‘tarildi;
Soat 16:15 ga kelib, dollar kursi 114,5 rublga yetdi — bu 2022-yil 14-martida kuzatilgan tarixiy maksimumga teng ko‘rsatkich.

Yuan kursi ham umumiy trendga mos ravishda ko‘tarildi, ammo sustroq. Soat 16:20 da Xitoy valyutasining kursi 15,16 rublga yetdi, bu 2022 yil 25 martdan buyon eng yuqori ko‘rsatkichdir.

AQSH dollarining keskin ko‘tarilishi Rossiya valyuta bozorida avval ham kuzatilgan. Xususan, 2022-yilning fevral-mart oylarida kurs keskin ravishda birdan 20 rubldan ortiq sakrashlar bilan ko‘tarilib ketgan edi. U vaqtda kursning o‘sishi va Rossiya rublining tushib ketishi Rossiyaning Ukrainadagi urushi boshlangani, Gʻarbning qat’iy sanksiyalari, Rossiyaning oltin valyuta zahiralari, yirik Rossiya banklarining xorijdagi aktivlari va transchegaraviy amaliyotlarini muzlatilishi tufayli kuzatilgan edi.

Rublning hozirgi zaiflashuvi esa AQSHning Rossiya moliyaviy tashkilotlariga, xususan, Yevropa mamlakatlari tomonidan Rossiya gazini to‘lash uchun asosiy kanal bo‘lgan Gazprombankka nisbatan sanksiyalar oqibatida ro‘y bermoqda. Bu sanksiyalar natijasida Rossiya bozoridagi dollar va yevro miqdori sezilarli darajada kamayishni boshladi, ammo Rossiya importchilarining valyutaga bo‘lgan talabi yuqori darajada qolmoqda. Shuningdek, bozor ishtirokchilari o‘rtasida spekulyativ faollik kuchaydi. Bu haqda «Kommersant’» nashri yozmoqda.

Ekspertlarning fikricha, bundan tashqari, an’anaviy ravishda har yilning oxirida Rossiya byudjeti va korxonalari o‘z ehtiyojlari uchun import mahsulotlarni xarid qilishi bilan bog‘liq xarajatlari oshadi. Rossiya eksportyorlari esa valyutani xorijda saqlashni afzal ko‘rmoqda, o‘z navbatida bu ham valyuta tanqisligini kuchaytiradi.

Rossiya bozori avval ham valyuta borasida talab va taklifning nomutanosibligi bilan yuzlashgan. 2022-yilning bahori, shuningdek, 2023-yilning yozida hozirgi kabi dollarga talabning yuqoriligi, biroqning AQSH valyutasi bo‘yicha takliflarning yo‘qligi uchun dollar kursi 100 rubldan oshib ketganida Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 3,5% ga oshirib, eksportyorlar uchun valyutani sotish majburiyatini 80% oshirish choralarini ko‘rgan edi. Bu safar ham Rossiya Markaziy banki bozordagi holatni barqarorlashtirish uchun 28-noyabrdan 2024-yil oxirigacha ichki bozorda chet el valyutasini xarid qilishni to‘xtatdi.

Bu chora, masalan, yuan kursiga ijobiy ta’sir qildi va kun yakuniga ko‘ra xitoy valyutasi rublga nisbatan 20 tiyinga arzonlashdi va 14,47 rublgacha tushdi. Biroq, bozordan tashqari savdolarda dollar kursi deyarli o‘zgarmadi va 113,16 rubl ko‘rsatkichida qoldi.

Tahlilchilarning fikricha, tashqi valyuta tanqisligi va ichki bozordagi disbalanslar holatida dollar kursi yana 115–120 rubl darajasiga qaytishi mumkin. Bu holat uzoq davom etishi ehtimoldan xoli emas. Migrantlar va Rossiya bozorining boshqa ishtirokchilariga yuqori kurs realligiga moslashish tavsiya etilmoqda. Ya’ni, 115–120 rubllik dollar yaqin istiqbolning haqiqati va bunga tayyor turish kerak. Baland kurs hali ancha saqlanib qolishi taxmin qilinmoqda.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya