10-aprel kuni Moskvadagi «Бодрость» hammomida qirg‘izistonlik migrantlarning ommaviy tahqirlanishi sababli Qirg‘iziston Rossiyadan rasman izoh talab qildi.
14-aprel kuni Bishkekda Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Almaz Imangaziyev va Rossiya elchisi Sergey Vakunov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Rossiya tomoniga muhojirlarning tahqirlanishi, qo‘lga olinishi sabablari va nima uchun kuch ishlatilgani izohlab berilishi talabi bilan nota topshirildi, deb yozadi 24.kg nashri.
Qirg‘iziston tomoni Rossiyadan politsiyachilarining xatti-harakatlariga qonuniy baho berilishi, aybdorlar jazolanishi, shuningdek, kelajakda bunday hodisalarning oldini olishni so‘ragani aytilmoqda. Bishkek mamlakatlar o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarining oqibatlaridan xavotir bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda kuzatuv kamerasidan olingan dahshatli kadrlar paydo bo‘ldi. Ularda xavfsizlik kuchlari hammomda markaziy osiyolik erkaklarga kuch ishlatib, baqirayotganini ko‘rish mumkin. O‘sha hammomga tushib qolgan muhojirlardan biri jurnalistlar bilan suhbatda kuch ishlatilgani va tahqirlanganini tasdiqladi va voqea tafsilotlari bilan o‘rtoqlashdi.
Moskvada bir oyga yaqin taksi haydovchisi bo‘lib ishlaydigan Alixon 10-aprel kuni kechqurun amakisi va amakivachchasi bilan hammomga borgan. Yarim soatlar o‘tib, hammom eshigi buzilayotganining ovozi eshitilgan va binoda vahima boshlangan.
– Odamlar vahima qilib, qocha boshladi. Biz ham qochishga urindik, lekin hech kimni chiqarishmadi. Keyin hammani ura boshlashdi. Kim va nima uchun urayotgani umuman tushunarsiz, ko‘rib bo‘lmasdi. Qo‘llarida dubinka va elektroshokerlari bor edi. Hammani oshxonaga kiritishdi. Baquvvat erkaklarni ozg‘in va kuchsizroq erkaklardan ataylab ajratishdi. Soqoli borlarni umuman alohida olib ketishdi. Kimdir qarshilik ko‘rsatsa, qattiq kaltaklashdi, yuzga urishdi. Biz nega kaltaklanayotganimizni tushunmadik. Hech kim hujjat so‘ragani yo‘q. Bir erkak turib, bu holat sababi nimada deb so‘ragandi, “sizlar bizga shunchaki yoqmaysizlar” deb javob berishdi.
Alixonning aytib berishicha, kaltaklanish 5 soat davom etdi. Bu vaqt davomida politsiyachilar muhojirlarni turli yo‘l bilan tahqirlab borishgan.
– Bir muhojirda nos idishini topishdi. Shundan keyin hammani o‘sha idishni chaynashga majburlashdi. Ba’zilarni armrestlingga chiqarishdi, yutkazganlarni kaltaklashdi. Ba’zilarning hujjatlarini yirtib tashlashdi. Kimlarnidir kiyimi bilan basseynga sakrashga majburlashdi. Ba’zilarning cho‘ntaklaridagi pullarini olib qo‘yishdi. Bir erkakni yarim kilo achchiq qalampir yeyishga majburlashdi, – deydi Alixon.
Uning so‘zlariga ko‘ra, besh soatdan keyingina voqea joyiga politsiyaning katta xodimlari yetib kelgan. Ular vaziyatni o‘rganib chiqquncha, zo‘ravonlik to‘xtatilgan. Alixonning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda hammomda Qirg‘izistonning 60 ga yaqin fuqarosi bo‘lgan. Keyinchalik hammani turli bo‘limlarga olib ketishgan. Alixonni politsiya bo‘limidan bir-ikki soatdan keyin qo‘yib yuborishgan. Tog‘asi Baynazar esa hech qanday tushuntirishlarsiz jarima to‘lashga majbur bo‘lgan.
Qirg‘izistonning bir qator siyosatchilari va rasmiylari sodir bo‘lgan ommaviy tahqirlanish bo‘yicha munosabat bildirishdi. Joqorg‘u Kengesh deputati Janarbek Akayev Qirg‘iziston Moskvadagi hammomda sodir bo‘lgan tahqirlanish voqeasiga munosabat bildirishi kerakligini aytgan.
– Biz axir YeOII a’zosimiz, ittifoqchilarmiz, strategik hamkorlarmiz – shunday ekan, yuzlab vatandoshlarimizni kaltaklashga yo‘l qo‘yib, jim turamizmi? Zudlik bilan chora ko‘rish kerak! Rossiya kuch ishlatar tizimlari aybdorlarni javobgarlikka tortishi, xalqimizga rasmiy ma’lumot berishi kerak! Kompensatsiya to‘lash, barcha zararni qoplash va aybdorlarni kechirim so‘rashga majbur qilish kerak!,» – degan deputat.
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi elchixona tomonidan jabrlangan fuqarolar bilan aloqa o‘rnatilgani va hozirda tegishli yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qilgan. Ma’lumotlar va zo‘ravonlik holatlari tekshirilayotgani, masala TIV nazoratiga olingani aytilmoqda.