Ba’zan muhojir uy egasi bilan birga «Мои документы» markaziga borib, qonuniy ravishda migratsion qayddan o‘tgan bo‘lsa ham tekshiruv vaqtida politsiya xodimi “registratsiya” bazada yo‘q ekanini aytishi mumkin. Registratsiya “baza”da yo‘qligi uchun odatda politsiya xodimi ma’muriy bayonnoma tuzib, 5-7 ming rubl jarima tayinlaydi, ba’zida esa ma’muriy ish sudga oshirilib, muhojir Rossiyadan majburiy (выдворение) chiqarib yuboriladi. Biroq qonuniy “registratsiya” qilgan odam qanday qilib bunday vaziyatga tushib qolishi mumkin va bu holatdan chiqish usullari bormi?
2018-yildan boshlab, Rossiyaning har bir shahrida, ayniqsa katta shaharlarda migratsion qaydga olish xizmati «Мои документы» markazi orqali amalga oshirilishi mumkin. Shundan buyon migratsiya qaydi bir tomondan yengillashdi, endi avvalgidek IIV bo‘limiga borish shart emas. Biroq jiddiy muammo — migratsion hisobning Ichki ishlar vazirligi tizimiga kiritilishining kechikishi yuzaga kela boshladi.
Gap “ЦБДУИГ” (Центральная база досье учёта данных иностранных граждан) ma’lumotlar bazasi haqida ketmoqda. Bu bazaga xorijiy fuqarolarning barcha ma’lumotlari kiritilishi kerak. Migratsion qaydning “ЦБДУИГ” bazasiga kiritilishida kechikishning sababi esa, «Мои документы» markazi muhojir “registratsiya” qilgani haqidagi ma’lumotlarni o‘rtakashdek yuborishi bilan bog‘liq. «Мои документы» markazi xodimlarining “ЦБДУИГ” bazasiga ma’lumot kiritish huquqi yo‘q. Ma’lumotlarni bazaga faqat IIV Migratsiya boshqarmasining sertifikatlangan xodimlari kiritishi mumkin. Hatto oddiy IIV xodimlari ham, agar tegishli ruxsatga ega bo‘lmasa, bazaga ma’lumot kirita olmaydi.
Natijada «Мои документы» markazi hodimlari bergan ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligining Migratsiya boshqarmasi inspektorlariga yetkazilib, ular tomonidan “ЦБДУИГ” bazasiga kiritguncha o‘rtada juda ko‘p vaqt o‘tib ketib qolishi mumkin.
Ma’muriy tartib bo‘yicha, migratsion qaydga olish haqida ma’lumotlar 3 kun ichida bazaga kiritilishi kerak (Ma’muriy reglamentning 19-22-moddalariga ko‘ra). Lekin katta yuklama yoki texnik sharoitlar tufayli amalda bu muddatga ko‘pincha rioya qilinmaydi.
Migratsion qayd bazaga bir necha oy davomida kiritilmay qolgan holatlar ham ma’lum. Oqibatda “МФЦ”da uy egasi bilan birga borib rasmiylashtirilgan migratsiya qaydi mavjud bo‘lsa ham tekshiruv vaqtida muhojirning o‘zi, uning ish beruvchisi va hattoki uy egasi “registratsiya” bazadan chiqmagani uchun javobgarlik tahdidi ostida qolib ketadi.
Mazkur holatda migratsiya qaydining «baza»ga kiritilmagani uning soxta ekanini anglatmasligini yodda tutish kerak. Muhojir, uy egasi yoki ish beruvchining hech biri migratsion qaydning bazaga kiritilmagani uchun javobgar emas. «Xorijiy fuqarolarning migratsion qaydga olinishi to‘g‘risida»gi №109-Federal qonunining 20-moddasi 3-qismiga muvofiq, muhojirlarni qabul qiluvchi tomon faqat “registratsiya” uchun ma’lumotlarni tegishli joylarga borib ma’lum qilishga majbur, xolos. Ya’ni, “registratsiya”ning bazaga kiritilishi, avvalgi migratsion qaydining qonuniy yoki noqonuniy ekanini tekshirishga muhojir, uy egasi yoki ish beruvchi mas’ul emas va bu narsa ularning vazifasi ham emas. Bu kabi vazifalar va vakolatlar qabul qiluvchi tomonga berilmagan.
Shuning uchun, agar sizga «bazada registratsiya»ning yo‘qligi sababli ma’muriy protokol tuzilgan yoki javobgarlik haqida sud qarori chiqarilgan bo‘lsa, uni bekor qilish mumkinligini unutmang. Bekor qilish murakkab jarayon emas, asosiysi, migratsiya qaydi to‘g‘ri tartibda rasmiylashtirilgani va amalda ekanligini tasdiqlovchi hujjatni olish kerak, xolos.
Bunday holatlarni oldini olishni istagan muhojirlar va uy egalari «ЕПГУ Госуслуги» portalidan foydalanib, migratsiya qaydini rasmiylashtirishlari tavsiya etiladi.