Maqola

197 16/09/2024

Germaniya kansleri Olaf Sholsning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida Migratsiya va mobillik sohasida bitim imzolandi. Bitim Germaniyada katta ehtiyoj bo‘lgan malakali ishchilar, mutaxassislar hamda muhandislarni jalb qilishni nazarda tutadi.

Shunday xabarlarni ko‘rsam, ochig‘i, o‘zimni noqulay his qilaman. Tizzasi yirtiq dehqon egnidagi oxirgi yaktagini ham yechib boyotaga hadya qilayotgandek tuyuladi. To‘g‘ri, individual ravishda har bir inson o‘zi va oilasi ravnaqi uchun har qanday davlatda to‘q hayot izlashga haqli, lekin davlat bunga xayrixohlik qilishi g‘alati. Samarqanddagi hokimbuvaning chet ellarga yuksak malakali o‘zbek oqsoch ayollarni yetkazib berish istagi yodga kelaveradi.

2000-yillarda Yevropa Ittifoqi fuqarolari uchun erkin harakat siyosati doirasida yuz minglab polyak va ruminlar Britaniya, Germaniya, Fransiyalarga ko‘chib o‘tishdi. Manba davlatlar qarashsa, o‘zlarida ilm-fan, tibbiyot, ishlab chiqarish oqsay boshladi. Mezbon davlatlar esa bu kelgindilar xizmati bilan yana o‘saverishdi. Oxirgi yillarda Polsha va Ruminiya bu miyalar oqimini to‘xtatish va ortga qaytarish bo‘yicha aniq islohotlarni qilib, ketganlarga katta imtiyozlar taklif qila boshladi. Natija uzoq kuttirmadi – mutaxassislar qaytishi bilan iqtisodlari o‘syapti.

Ko‘p yillarki Avstraliya o‘z ishining ustalariga osmondagi oyni va’da qiladi va oyni osmondan olib beradi ham. Hozirda kam maoshdan noligan yosh britan doktorlar okean oshib Avstraliyaga ketyapti. Yaqinda Angliyadagi bir do‘stimning o‘g‘li tibbiyot diplomini oldi. Avstraliyaga ketmayman, debdi. “Bunga vijdonim yo‘l qo‘ymaydi – bu davlat meni o‘qitti, sarmoya qildi, endi men bu bilimni boshqa joyga sarflashim kerakmi?”

👤 Ibrat Safo

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya