
Rossiya Prezidentining Sibir federal okrugidagi vakili Anatoliy Serishev mintaqada chet el fuqarolarining ijtimoiylashuvi uchun sharoit yaratish zarur, deb hisoblaydi.
“Samarali migratsiya siyosati – bu nafaqat nazorat va tartibga solish, balki chet el fuqarolarining Rossiya jamiyatiga tezroq integratsiyalashuvi va ma’lum bir qismi Rossiya fuqarosi, jamiyatimizning to‘laqonli a’zosi bo‘lishi mumkin bo‘lgan shart-sharoitlarni yaratishdir”, dedi dushanba kuni Novosibirskdagi tuman Kengashi yig‘ilishida so‘zlagan vakolatli vakil.
“Har yili Sibir hududlariga kelgan 650 mingga yaqin xorijlik fuqarolar o‘z maqsadini ishlash ekanini ta’kidlaydilar, Sibirdagi muhojirlarning 60 foizga yaqini Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolaridir”, — deya qo‘shimcha qilgan Serishev.
Oxirgi uch yil ichida 110 mingdan ortiq kishi, jumladan, 40 mingdan ortiq voyaga yetmaganlar Rossiya fuqaroligini oldi, degan vakil.
Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, eng katta migratsiya yukini Sibirning yirik hududlari ko‘taradi, bu jamiyatda ma’lum bir keskinlikni keltirib chiqaradi va «migratsiya sohasida tartib o‘rnatish uchun jamoatchilik talabining shakllanishiga» sabab bo‘ladi.
Shu bilan birga, deydi Serishev, okrugning olti mintaqasida migrantlar uchun maxsus markazlar faoliyat yuritmoqda; 2024-yilda u yerda 7,5 mingga yaqin migrant moslashish kurslarini tamomlagan.
Serishev buning yetarli emasligi, ularga ko‘proq migrantlarni jalb qilish mexanizmini taklif qilish kerakligini aytgan.
Kelgan muhojirlarning 60 foizi O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari bo‘lsa-da 2025-yilda Sibir federal okrugi (SFO) bir qator sohalarda ularning mehnat faoliyatiga cheklovlar kiritgan. Krasnoyarsk o‘lkasida 1-martdan boshlab chet el fuqarolarini yo‘lovchi taksilarida, alkogol va tamaki mahsulotlari chakana savdosida ishlashga jalb qilish taqiqlanadi. Kemerovo viloyatida (Kuzbass) 1-yanvardan boshlab bolalar ovqatlari ishlab chiqarish, savdo, taksi, mehmonxona biznesi, kadrlar tanlash, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida migrantlar mehnatini taqiqlash joriy etildi. Irkutsk viloyati o‘rmon xo‘jaligi, alkogol va tamaki savdosi, farmasevtika ishlab chiqarishi, ta’lim, bolalar parvarishi va yo‘lovchi tashish sohalarida chet ellik ishchilarni yollashni chekladi. Omsk viloyatida 1-martdan boshlab muhojirlarni sog‘liqni saqlash, ta’lim, yo‘lovchi tashish, savdo, dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, ovchilik va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohalarida ishga joylashtirish taqiqlangan.