
Kogonlik Sh.I. birinchi marta Rossiyaga 2013-yilda ishlash va pul topish niyatida borgan edi. Undan keyingi yillarda ham u Rossiyaning turli mintaqalarida yashash va ishlashni davom ettirgan. Biroq uning 2024-yilda Magadanga oxirgi tashrifi omadsiz keldi.
Chekka shimolning sovuq shahrida taksi haydagan Sh.I. bir rossiyalik mijoz bilan janjallashib qoladi. Voqea polisiya nazoratiga tushganidan so‘ng aybdor albatta muhojir bo‘ladi. Polisiyachilar unga yoki urushga borish, yo jinoiy ish ochishdan birini tanlashni taklif qilishdi. Sh.I.ning so‘zlariga ko‘ra, u qamoqqa tushmaslik uchun noiloj shartnomaga qo‘l qo‘yishga majbur bo‘lgan.
Xabarovskdagi harbiy qismda 14 kunlik harbiy mashg‘ulotlardan so‘ng u Ukrainaga, jangovar operatsiyalarda ishtirok etish uchun yuborilgan.
2025-yil 21-iyun kogonlik yigit uchun hayotidagi eng og‘ir kunlardan biri bo‘ldi. Zaporijjya viloyatining o‘rmonli hududidagi xandaqda o‘tirganda uning bo‘linmasi dron hujumiga uchradi. Natijada Sh.I. yelkasi, oyog‘i va chap oyoq barmog‘idan yaralangan. Uning ko‘rsatmalariga ko‘ra, pozisiyada 126 kishi bo‘lgan va faqat to‘rt askar tirik qolgan.
Sh.I. jarohatlari bilan xandaqda 14 kunni o‘tkazgan. Nihoyat, u va tirik qolgan uch kishi Rostovga evakuatsiya qilingan. U yerda ularga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Keyinchalik Sh.I. Sankt-Peterburgga yuborilgan va u yerda chap oyog‘ida operatsiya qilingan.
Sud hujjatlarida Sh.I. maxsus harbiy operatsiyalardagi ishtiroki uchun medal bilan taqdirlangani ko‘rsatilgan. Shuningdek, u jarohatlari uchun sug‘urta to‘lovlarini ham olgan.
Sh.I. davolanishini tugatgandan so‘ng, 2025-yil 1-oktyabrda Qirg‘iziston Respublikasi orqali O‘zbekistonga qaytib kelgan. Tergov davomida uning mobil telefoni tekshirilganda uning harbiy formadagi fotosuratlari, jarohatlarining tasvirlari va harbiy xizmatini tasdiqlovchi hujjatlar topildi.
2025-yil 9-dekabr kuni Kogon shahar jinoyat ishlari sudi ishni ochiq sud majlisida ko‘rib chiqdi. Sud Sh.I.ning aybi uning ko‘rsatmalari, guvohlarning ko‘rsatmalari, sud-tibbiy ekspertiza natijalari, fotosuratlar va boshqa dalillar bilan tasdiqlangan degan xulosaga keldi.
Sud shuningdek, Sh.I.ning o‘z aybini to‘liq tan olganini, ilgari sudlanmaganligini, oilasi borligini va qilmishlaridan pushaymon bo‘lganini ham hisobga oldi. Bu holatlar yengillashtiruvchi deb topildi.
Sud qarori bilan Sh.I. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi bo‘yicha uch yilga ozodlikdan mahrum qilish va 1541-moddasi 1-qismi bo‘yicha ikki yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi. Jazolar qisman qo‘shib hisoblaganib, u umumiy tartibli koloniyada o‘tash uchun 3 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi.