Maqola

421 04/09/2024

So‘nggi paytlarda Rossiyada migratsiya va migrantlar mavzusi atrofida juda ko‘p “tasodif”lar ro‘y bermoqda. Masalan, 3-sentabr kuni Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin mintaqaviy tergov boshqarmalari rahbarlari bilan shoshilinch yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilish migrantlar orasida jinoyatchilikning yuqori darajasiga bag‘ishlangan edi. Biroq, aslida majlisning asosiy mavzusi migrantlarning jinoyatchiligi emas, balki ularni Ukrainadagi urushga yuborish bo‘yicha ishlar bo‘ldi.

“Baza” telegram kanali manbalariga ko‘ra, Bastrikinga Moskva, Moskva oblasti, Sankt-Peterburg, Boshqirdiston, Saratov va Samara oblastlari hamda Udmurtiya Respublikasining boshqarma rahbarlari urushga migrantlarni nega kam yuborayotgani haqida hisobot bergan.

2024-yil iyun oyida Bastrikin mamlakatda Rossiya fuqaroligini olgan va harbiy ro‘yxatga turishni istamagan 30 mingdan ortiq migrant “qo‘lga olingani” haqida xabar bergan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ulardan 10 ming kishi “СВО” hududiga turli ishlarga yuborilgan. Bu gal Tergov qo‘mitasi rahbari Rossiyada noqonuniy migrantlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni uch barobar oshganini ma’lum qildi. “СК” ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil migrantlar tomonidan 23 847 ta jinoyat sodir etilgan. Shuningdek, og‘ir jinoyatlar soni 12% ga – 4 390 tadan 4 935 taga ko‘paygan. Mehnat migrantlari tomonidan jinoyatlar soni 6% ga oshgan.

Aleksandr Bastrikinning bu kabi bayonotlari IIVning yuqori mansabdor shaxslari, jumladan Vladimir Kolokolsev tomonidan ko’p inkor qilingan.

IIV ma’lumotlariga ko‘ra, 3,5 million migrant Rossiyada qonuniy asosda bo‘lib turibdi, 630 ming kichik qonunbuzarlik sodir etgan migrantlarga esa amnistiya berish zarur.

Bastrikin yig‘ilishda nafaqat migrantlarga, balki ularga turar joy beruvchilarga ham tanqidlar yo‘lladi. Ehtimol, yaqin kelajakda migrantlarga qarshi yana keng ko‘lamli reydlar va ularni harbiy xizmatga shartnoma imzolashga majburlash maqsadida kuchli bosimlar boshlanishi mumkin.

Shu bilan birga, Rossiyada mehnat migrantlarining soni yaqin paytlarda keskin kamayganini ta’kidlash lozim: masalan, besh yil oldin Rossiyadagi migrantlar soni turli baholarga ko‘ra 11-12 million kishini tashkil etgan. Hozir esa bor-yo’g’i 3 million atrofida.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya